Qamchibek Kolbayev Qirg‘iz qamoqxonasidan ozod qilingan

Image copyright b

Qirg‘izistondagi jazoni ijro etish xizmatidan ma‘lum qilishlaricha, jinoyat olamida "qonundagi o‘g‘ri" hisoblanadigan Qamchibek Kolbayev ozodlikka chiqarilgan.

"8 iyun kuni jazo muddatini o‘taganidan keyin tutqun Qamchi Kolbayev ozodlikdan mahrum qilish maskanidan ozod qilingan", deya xabar tarqatgan Qirg‘iziston Davlat Jazoni ijro etish xizmati.

40 yoshli Qamchibek Kolbayevga qarshi Qirg‘izistonda odam o‘g‘irlash, qaroqchilik, uyushgan jinoiy guruh tashkil qilish ayblovlari bilan qidiruv e‘lon qilingan, bu paytda u xorijiy mamlakatda bo‘lgan.

2012 yil 8 dekabrida Bishkekka qaytgan Qamchibek Kolbayev hibsga olingan edi.

Bishkekdagi mahkama Kolbayevni tovlamachilik bandi bo‘yicha aybdor deb topib 5 yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.

Shu yilning 14 mayida Qirg‘iziston Oliy mahkamasi oldingi hukmni o‘z kuchida qoldirgan, biroq qamoq jazosini 3 yil qilib belgilagan.

Vaqtincha saqlash izolyatoridagi bir kun ikki kun deb hisoblanishi munosabati bilan Qamchibek Kolbayevning hibsda o‘tkazgan bir yarim yili uch yil deb hisoblangan va u jazo muddatini o‘tab bo‘lgan deb ko‘riladi.

30 may kuni AQSh Davlat departamenti Qamchibek Kolbayevning jinoiy guruhi haqidagi ma‘lumot uchun 1 million dollarlik mukofot e‘lon qildi.

Amerika Davlat departamentiga ko‘ra, Qamchibek Kolbayev Markaziy Osiyoda jinoiy guruh tuzgan, bu guruh noqonuniy giyohvand moddalar aylanishi, odam va qurol-yarog‘ savdolari, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etgan.

AQSh rasmiylari Qamchibek Kolbayev guruhini Ovro‘po va Osiyoda faoliyat yuritadigan, rus tilida "Bratskiy krug" deb nom berilgan uyushgan jinoiy guruhning tarkibiy bir qismi deb ko‘radi.

Bu guruhga AQSh tarafidan o‘zbekistonlik G‘afur Rahimov ham kiritilgan.

Bu guruh a‘zolari deb ko‘rilgan shaxslarga nisbatan Amerika qator jazo choralarini ko‘zlagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.