Pokistondagi o‘zbeklar: bombachimi yo balogardon?

Image caption O‘zbekiston Islomiy Harakati Shimoliy Vaziristonda o‘z bazalariga ega bo‘lgan

Pokistondagi Tolibon mamlakatning eng yirik aeroporti bo‘lgan Karachi aeroportidagi hujum uchun mas‘ul ekanini aytgan.

Hujumda o‘n nafar jangari doxil, kamida 28 kishi halok bo‘lgan.

Mulozimlarga ko‘ra, hujumchilar orasida "o‘zbek ko‘rinishidagi" jangarilar ham bo‘lgan.

Pokiston rasmiylari bu kabi hujumlarda ko‘pincha Afg‘oniston bilan chegarada panoh topgan xorijiy jangarilarni ayblashadi.

Al-Qoidaga aloqasi bor, deb ishoniladigan O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokistonning qabilalar yashaydigan Shimoliy Vaziriston mintaqasida o‘z bazalariga ega bo‘lgan, ammo hozirda guruhning qanchalik kuchga ega ekani noma‘lum.

O‘zbek jangarilari bundan avval 2012 yilda Peshovar aeroporti hamda 2011 yilda Karachidagi harbiy dengiz kuchlari bazasida amalga oshirilgan yirik hujumlar uchun mas‘ulligi da‘vo qilingan.

Ammo Peshovardan jurnalist Rahimulloh Yusufzayning BBCga aytishicha, Pokiston rasmiylari hozirga qadar bu borada aniq dalillarni namoyish etishmagan.

Rahimulloh Yusufzay: Bilasizmi, bu kabi da‘volarni rasmiylar har bir hujumdan keyin qilib kelishmoqda. Bu gal ular ba‘zi hujumchilarning tashqi ko‘rinishi o‘zbeklarga o‘xshaydi, deb aytishayapti. Lekin tashqi ko‘rinish ularning o‘zbek ekanligining dalili emas-ku. Chunki biz ularning ismini, shaxsini bilmaymiz, ularning suratlari matbuotga oshkor etilmagan. Qanday qilib faqatgina tashqi ko‘rinish asosida bu kabi xulosaga kelish mumkin?. Bundan tashqari, bunday da‘voni faqatgina bir harbiy mulozim qildi. Terrorga qarshi amaliyot deya atalgan joriy amaliyolarda hukumat kuchlari, politsiya, maxsus kuchlar-bularning hammasi ishtirok etmoqda, lekin ulardan birontasi bu kabi da‘voni qilganicha yo‘q. Birgina rasmiyning so‘zi bu nihoiy xulosa, deb aytmagan bo‘lardim. Bu borada batafsil tekshiruv o‘tkazilishini kutishimiz kerak.

BBC: Xorijiy,ayniqsa O‘zbek jangarilari Pokiston rasmiylari uchun bir navi o‘zlarining noqobilliklarini oqlash vositasiga aylangan, deb aytishimiz mumkinmi?.

Rahimulloh Yusufzay: Bilasizmi, agar xorijiy jangarilar bo‘lsa ham, ularning hammasi mahalliy jangarilar. Bu yerda muammo jangarilar xorijiymi, mahalliy degan masalada emas. Muammo Pokiston xavfsizlik tizimidagi ulkan bo‘shliqda. Muhimi jangarilar Pokistonning eng yirik va eng qattiq qo‘riqlanadigan aeroportining xavfsizlik to‘siqlaridan o‘tib, yirik hujumni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishgan. Pokiston rasmiylari bu hujumni pokistonliklar emas, o‘zbeklar qildi, degan vaj bilan mas‘uliyatdan qutulib ketolmaydilar. Va bu aeroportga uyushtirilayotgan birinchi hujum emas. Bunaqa hujumlardan ko‘p bo‘ldi. Jumladan, Karachida. Bularning hammasi Pokiston rasmiylari va xavfsizlik kuchlarining aybi...

BBC: Umuman , Pokistonning Shimoliy Vaziristonida hanuz bor, deb ishoniladigan o‘zbek jangarilari shunday yirik hujumni amalga oshirishga qodir, deb ishonasizmi?

Rahimulloh Yusufzay: Men bu o‘zbeklarning Vaziristondan Karachiga qadar kelib, bunday hujumni amalga oshirishlariga ishonmayman. Chunki ularni osongina tanib qolishlari mumkin. Nima bo‘lganda ham ular mahalliy aholidan farqli. Aeroport ichkarisigacha kirib borish mahalliy odamlar uchun osonroq. Qolaversa, xorijiy jangarilar mahalliy tilda ham yaxshi gapirmaydilar. Hujumchilar buni hisobga olmasliklari mumkin emas edi. Shuning uchun ham men o‘zbeklar qilgani haqidagi da‘volarga shubha bilan qarayman. O‘tmishda ham shunday da‘volar qilingan, ammo hech qanday dalil ko‘rsatilmagan.

BBC: So‘nggi paytlarda o‘zbek jangarilarining bir qismi Suriyada jang qilayotganlari haqida ham ishonchli xabarlar olinayapti. Shunday ekan, Pokistonda qolgan o‘zbeklarning soni haqida nima bilamiz?.

Rahimulloh Yusufzay: Afg‘on-Pokiston chegarasidagi o‘zbek jangarilari yoki Al-Qoida bilan aloqasi bor boshqa guruhlarning Suriyaga o‘tgani haqidagi xabarlar ham tasdiqlanmagan xabarlardir. Ular Suriyaga boshqa hududlardan borgan bo‘lishlari ham mumkin. Mening bilishimcha, o‘zbeklarning ko‘pchiligi bir kun kelib vatanlariga qaytishga umid qilishadi. Shunday ekan, ular Suriyaga nega borsinlar?. O‘zbekistonga yaqinroq joyda turganlari ma‘qul emasmi?. Pokistonning qabila hududlari, asosan, Shimoliy va Janubiy Vaziristonda bir necha yuz o‘zbeklar bor edi, ulardan ba‘zilari janglarda halok bo‘lgan, ba‘zilari esa O‘zbekistonga yaqin Shimoliy Afg‘onistonga ko‘ch etganlar. Shuning uchun ularning soni hozir ham, nari borsa, bir-ikki yuz atrofida deb taxmin qilishimiz mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.