HRW: Jahon banki O‘zbekistonda paxta sanoatini dastaklamasligi kerak

Image caption O‘zbekistondagi paxta sohasi bolalar mehnati doxil majburiy safarbarlikka suyanishi, xalqaro doirada tanqid qilib kelinadi

Jahon Banki O‘zbekiston paxta sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda keltiruvchi loyihalarini jonlantirmasligi kerak, deb aytgan "Paxta kampaniyasi" (Cotton Campaign) tashkiloti.

Tashkilotning ta‘kidlashicha, toki O‘zbekiston hukumati paxta mavsumida inson huquqlari buzilishi, jumladan bolalar majburiy mehnatiga chek qo‘yish yo‘lida jiddiy qadamlar qo‘ymas ekan, bu ishga qo‘l urilmasligi kerak.

Bankning direktorlar hay‘ati 2014 yilning 10 iyunidan boshlab qishloq xo‘jaligiga oid yangi loyihalarni moliyalashga doir qaror berishi kerak.

Loyihalar paxta sanoati uchun manfaatli bo‘ladi. O‘zbekistondagi paxta sohasi bolalar mehnati doxil majburiy safarbarlikka suyanishi esa, xalqaro doirada tanqid qilib kelinadi.

"Paxta kampaniyasi" tashkiloti inson huquqlari, mehnat, sarmoya va biznes guruhlari koalitsiyasidir. Mazkur guruhlar O‘zbekistondagi paxta sanoatida majburiy mehnatga barham berishga bel bog‘lagan.

"Jahon Banki O‘zbekistonda rivojlanishni moliyalashda muhim o‘rni bor. Ammo, majburiy mehnatdan foydalanuvchi tuzumni qo‘llab-quvvatlamasligi kerak", deb aytgan "Paxta kampaniyasi"ga a‘zo Human Rights Watch tashkilotidan Jessika Evans.

"Bank majburiy mehnatga qarshi muhim choralar taklif qilgan. Ammo, O‘zbek hukumati o‘z tahdidli paxta tizimini parchalash yo‘lida jiddiy qadamlarni qo‘ymas ekan, bu choralar muvaffaqiyatli bo‘lmaydi".

"Cotton Campaign" tashkiloti chiqargan bayonotda 2013 yilgi terim mavsumida O‘zbek hukumati bolalar va kattalar doxil milliondan ortiq fuqarosini jazolash tahdidi bilan o‘ta abgor sharoitlarda paxtaga safarbar qilgani aytiladi.

Garchi, 2013 yil hukumat paxta maydonlariga haydaladigan 16 yoshdan kichik bolalar sonini kamaytirgan bo‘lsa-da, mahalliy hokimiyatlar, militsiya va maktablar rahbarlari bosh vazirga 16-17 yoshli bolalar va kattalarning yig‘im-terimga yo‘llangani haqida xabar berishgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.