Braziliya 2014: Ochilish marosimi Jennifer Lopessiz o‘tadi

Image copyright BBC World Service

Bu haqda FIFA – Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasining o‘zi rasman e‘lon qildi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, amerikalik mashhur qo‘shiqchi va aktrisa jahon chempionatining rasmiy ochilish marosimida qatnashmasligini aytgan.

Jennifer Lopes taniqli repper Pitbull va mezbon braziliyalik mashhur xonanda Klaudiya Leytte bilan birga birinchilikning rasmiy – "We Are One"(Ole Ola) qo‘shig‘ini ijro etishi kutilgandi.

So‘nggi yangilik futbol bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan bir manzarada o‘rtaga chiqmoqda.

Birinchilik 12 iyun kuni Braziliyada start oladi va bir oy davom etadi.

FIFA mulozimlariga ko‘ra, Jennifer Lopes o‘z qarori sababini to‘liq izohlab o‘tirmagan va faqat buning "ijodiy muammolar" bilan bog‘liq ekanini aytish bilan cheklangan, xolos.

Ammo, bunga qaramasdan, Pitbull va Leytte albatta ochilish marosimida ishtirok etishmoqchi va Olodum nog‘orachilar guruhining hamohangligida butun stadionni to‘ldirib, "Biz bittamiz" ashulasini aytib berishmoqchi.

San-Pauluda bo‘lib o‘tajak 25 daqiqalik ochilish marosimida akrobatlar, trampolinchi, sharqona kurash ustalari va cho‘p oyoqchilar doxil 600 nafar san‘atkorning o‘z mahoratlarini namoyish etishlari kutilmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zining "On The Floor" va "Jenny From The Block" qo‘shiqlari bilan yanada tilga tushgan Jennifer Lopes bor-yo‘g‘i o‘tgan hafta jahon chempionati ochilish marosimida ashula kuylashdek baxtdan boshlari ko‘kka yetganini aytgandi.

"Bu – bashariy birdamlik, kurash va sportning qoyilmaqom tantanasi", - deya o‘z quvonchlarini izhor etgandi amerikalik taniqli xonanda.

Ammo Jennifer Lopesning kutilmagan qarori yaqin ijodiy hamkori Pitbullni qattiq xafa qilmagan ko‘rinadi.

Mashhur repper bu haqdagi fikrlarini, hatto, FIFAning o‘ziga ham bildirib ulgurgan.

Bunga Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasining rasmiy bayonoti ham bir dalil.

Image copyright BBC World Service

Bayonotda Pitbullning, "We Are One" qo‘shig‘ini, ayniqsa, Braziliyadek go‘zal bir mamlakatda dunyo o‘ngida ijro etish juda quvonchli hodisa bo‘lsa kerak", - degan so‘zlaridan iqtibos keltiriladi.

"Bundan tashqari, ijromiz butun jahonga musiqaning tili bashariy ekanini ham namoyish etadi".

Bu birinchi bor emas

Jennifer Lopes shu yil yanvar oyida ham FIFA mulozimlari, Pitbull va Leytte ishtirokida jahon chempionati rasmiy qo‘shig‘iga oid tadbirni o‘tkazib yuborgandi.

Mezbon Braziliya va Xorvatiya o‘rtasidagi jahon chempionatining ilk uchrashuviga ulanib ketuvchi San-Pauludagi ochilish marosimini esa, "Corinthians Arena" stadionida 60.000 dan ziyod kishining tomosha qilishi kutilmoqda.

O‘sha kuni televizor ekranlari qarshisidagi tomoshabinlarning soni butun dunyo bo‘ylab bir milliardga yetishi taxmin etilayotir.

Jennifer Lopesning ochilish marosimida ishtirok etmaslik qaroriga oid so‘nggi yangilik esa, jahon chempionatiga sarflangan katta miqdordagi mablag‘dan norozi ayrim braziliyaliklarning yangi norozilik namoyishlari va ish tashlashlari manzarasida kuzatilmoqda.

O‘tgan yili ham xuddi shu sabablar tufayli Braziliyani o‘z domiga olgan ommaviy namoyishlar jahon chempionati uchun mo‘ljallangan yangi stadionlar va boshqa inshootlar qurilishini ortga surib yuborgandi.

Agar, "Pyu" tadqiqot markazi o‘tkazgan yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, haliyam 60 foizdan ortiq braziliyalik sarf-xarajatlari davlat byudjetidan bo‘lgani bois, mamlakatlarining jahon chempionatidek nufuzli bellashuvga mezbonlik qilayotganidan xafa.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.