Karachi aeroporti yaqinida yana qurolli hujum

Image copyright AP
Image caption Kuni kecha Karachi havo qo‘nalg‘asi nishonga olingandi

Pokistonning Karachi shahri aeroporti yaqinida yana otishma boshlanib ketgan.

Bir kun oldin jangarilar havo qo‘nalg‘asining terminallaridan biriga hujum qilishgandi. Hodisada hujumchilar doxil 38 inson nobud bo‘lgan.

Mahalliy matbuotning aytishicha, bu gal qurollilar aeroportdagi xavfsizlik kuchlari tayyorlov jamlog‘ini nishonga olishgan. Talofatlar bor-yo‘qligi qorong‘u qolmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, parvozlar yana to‘xtatib qo‘yilgan. Xabarlarda Karachiga qo‘nishi kutilayotgan uchoqlar ortga qaytarilgan.

Tez yordam mashinalari hodisa joyiga shoshilgan, mahalliy matbuotga ko‘ra, hujumchilar hozir qochib qolishgan.

Pokistondagi Tolibon harakati so‘nggi hujum mas‘uliyatini zimmasiga olgan.

O‘tgan tun yana 9 ta jasad topilishi ortidan kechagi hujumda nobud bo‘lganlar soni keskin ortgan. Jasadlarning 7 tasi sovuqxonada tashlab ketilgan bo‘lgan.

So‘nggi zo‘ravonliklar Pokistondagi Tolibon harakati orasida yirik bo‘linish borligi borasidagi xulosalarga zid tushadi.

Muxbirlarga ko‘ra, mazkur hodisalar Bosh vazir Navoz Sharif hukumatiga Tolibonga qarshi keskinroq chora ko‘rish yuzasidan bosimni ham kuchaytiradi.

Seshanba kuni tongda Pokiston harbiyligi shimoli-g‘arbdagi Xaybar mintaqasini havo hujumlariga tutgandi. Rasmiylarga ko‘ra, amaliyotlar chog‘i kamida 15 jangari o‘ldirilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.