Qirg‘iziston janubidagi xunrezlikdan saboq chiqarildimi?

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayevning 2010 yil iyun xunrezligi sanasiga bag‘ishlab chiqarilgan bayonotida bu hodisalardan saboq chiqarilishi kerakligi aytiladi.

Xalqaro tashkilotlar Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli to‘qnashuvlarda aksari o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan 400dan oshiq odamlar halok bo‘lgani va minglab insonlar jarohat olganlarini aytishgan. Qariyb 100 ming etnik o‘zbeklar qo‘shni O‘zbekistondan vaqtinchalik boshpana topganlar.

Hyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch) tashkiloti hisobotiga ko‘ra, bir necha kun davomida Qirg‘iziston rahbariyati qotilliklarni to‘xtatmagan va mahalliy xalqni himoya qilish yo‘lida chora ko‘rmagan.

Hozirda Qirg‘iziston grezidenti qanday saboqlar haqida so‘z yuritmoqda va tahlilchilar Qirg‘iziston janubidagi bugungi vaziyatni qanday baholaydilar?

BBC bu borada Londondagi Urush va Tinchlik masalalari tadqiqot markazidan Jon Maklaud bilan suhbatlashdi.

Jon Maklaud: Qirg‘iziston janubida bugun vaziyat g‘aroyib bir tarzda osuda. Juda qisqa vaqt ichida ro‘y bergan bu kabi yirik va kutilmagan qon to‘kilishi hodisasi bir qarashda tarixga cho‘mgandek ko‘rinadi. Hodisalardan keyingi bir yilcha mobaynida bir tomondan hodisalarga adolatli baho berish urinishlari, boshqa tomondan esa turli adolatsiz mahkamalar o‘tkazildi, ham hukumat ichida va ham tashqida o‘zbeklarni bu hodisalarda balogardon qilib ko‘rsatishga qaratilgan so‘zlar yangradi. Bu o‘z navbatida o‘zbeklar orasida ularga nisbatan bo‘lgan adolatsizlik hissini kuchaytirib, ko‘plarning mintaqani tashlab ketishlariga ham sabab bo‘ldi. Ba‘zilar vaqtincha ketishdi, ba‘zilar butunlay. Ular bu kabi vaziyatda o‘z kelajaklarini tasavvur qilishlari qiyin edi. Lekin xozirda vaqt o‘tib, vaziyat bir qadar osudalashdi. Ba‘zi omillar o‘zgardi. Masalan O‘sh sobiq hokimining vazifasidan ketishi... Uning millatchi ohangi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berayotgan omil emas edi. Lekin baribir u yerdagi vaziyat hozirda diqqat bilan kuzatib turish kerak bo‘lgan vaziyatdir. Chunki to‘satdan biron narsa yana ro‘y bermasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. O‘tgan gal ham hodisalar kutilmagan holatda ro‘y bergandi.

BBC: Bugun prezident Atamabayev o‘z nutqida "biz bu hodisalardan saboq chiqarishimiz kerak", debdi. Saboq chiqarilmoqda deb o‘ylaysizmi?

Jon Maklaud: Bu yerda saboq deganda nima nazarda tutilayotganiga bog‘liq. Albatta joriy hukumatning ohangi mo‘‘tadilroq va fikrlashi bosiqroq. Bu ijobiy holat. Shuningdek, hukumat sobiq O‘sh hokimi singari o‘zboshimcha, xohlagan ishini qiladigan bir kuchli siyosatchi bo‘lishi kerak emasligini ham anglab yetgan ko‘rinadi. Vaziyat markazdan diqqat bilan nazorat qilinib turilishi kerakligini tushunishgan aftidan... Lekin chiqarilishi kerak bo‘lgan boshqa saboqlar ham bor. Ulardan biri aytib o‘tganimdek tajovuzkor siyosiy ohangning yo‘qotish kerakligidir, ya‘ni bir tomonni tajovuzkor boshqa tomonni qurbon qilib tasvirlashga urinishlar yarashish jarayoni uchun yordam bermasligini ham albatta tushunish kerak.

BBC: Joriy Qirg‘iz hukumati bu kabi hodisalarning qaytarilmasligi uchun yetarli choralar ko‘ryapti deb o‘ylaysizmi?

Jon Maklaud: Bunga baho berish qiyin. Albatta vaziyatni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Hatto birgina iqtisodiy rivojlanish barnomasi ham samara bermasligi mumkin. Bu juda ham murakkab masala. Chunki milliy o‘zlik va davlatchilik masalasi Qirg‘izistonda hanuz bahsli va dolzarb. Ya‘ni, qirg‘izistonlik deganda kim tushuniladi? Biron shaxs millati qirg‘iz bo‘lgani uchungina o‘zbek yoki rusga nisbatan ko‘proq qirg‘izistonlik hisoblanadimi? Bundan tashqari til maqomi masalasi bor. Bu masala qayta-qayta ko‘tarilmoqda. Albatta aksariyat qirg‘iz tilida gaplashgani uchun boshqalar uchun ham qirg‘iz tilini o‘rganish maqsadga muvofiq, ayni vaqtda aksar qirg‘izlar ham ikkinchi til sifatida rus tilida gaplashadilar, shu bilan birga aholining salmoqli qismi o‘zbek tilida gaplashadi. Bu tillar bir-birini rad etuvchi bo‘lishi shart emas. Lekin siyosiy minbardan turib bu masaladan foydalanilgan vaqti u chigallashdi. Masalan, o‘zbeklar ta‘lim tizimida o‘z tillariga ko‘proq o‘rin berilishi kerakligini talab qilsalar, bu siyosiy qadam sifatida baholanadi. Vaholanki bu siyosiy emas, milliy madaniyat va milliy o‘zlikka tomon harakat. Lekin u siyosiylashtirilgan vaqti masala chigallashadi. Ana shularning hammasini anglab yeta oladigan risoladagidek hukumat kerak.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.