Iroqning ikkinchi eng yirik shahri to‘la jihodchilar nazoratiga o‘tdi

Image copyright Reuters
Image caption Jihodchilar bir necha haftadan beri Mosulda jang olib borayotgandilar

Iroqda jangarilar shimoldagi Mosul shahri ustidan nazoratni qo‘lga olishi ortidan, mamlakat bosh vaziri parlamentdan favqulodda vaziyatni e‘lon qilishni so‘radi.

Tun osha granatamyotlar, mergan miltiqlari va avtomatik qurollar bilan qurollangan yuzlab jangarilar Mosuldagi mahalliy hukumat binolarini egallashgan.

Ular, shuningdek, bir qator politsiya binolarini vayron qilib, aeroport va harbiy qarorgohni egallab olganlar.

Ayni damda Baqubadagi qo‘shma bomba hujumi kamida 20 odamni nobud qildi.

Bag‘doddan 60 chaqirim shimolda joylashgan Diyala viloyatida o‘tayotgan dafn marosimini nishonga olgan bu portlashlar yana 28 odamni yaralagan.

O‘tgan bir hafta ichida jihodchi "Iroqdagi Islomiy Davlat" va "Levant" guruhlari o‘z ittifoqchilari bilan birga Iroq shimoli va g‘arbidagi qator shaharlarda yirik hujumlarni amalga oshirib, o‘nlab odamlarni o‘ldirganlar.

"Qo‘rquv"

Bayrutdan vaziyatni kuzatayotgan BBC muxbiri Jim Myuirga ko‘ra, jangarilar bir necha oydan beri Ninava viloyati va uning poytaxti Mosulni nazorat qilib, yuklar harakatiga soliq solayotgandi va mahalliy rasmiylardan himoya pulini talab qilib kelayotgandi.

Besh kunlik jang ortidan ular ikki millionga yaqin aholisiga ega Mosul shahrida eng muhim inshootlarni o‘z qo‘llariga olganlar.

Image caption Iroq armiyasining qo‘shimcha kuchlari jangarilarni to‘xtata olmadi

Dushanba kuni Ninava viloyati hokimi Atil al-Nujalifiy Mosul ahliga televideniye orqali murojaat qilib, ularni jangarilarga qarshi kurashishga chaqirdi.

"Men Mosul o‘g‘lonlarini kelgindilarga qarshi o‘z mahallalarini mudofaa qilishga va o‘z hududlarida mahalliy qo‘mitalar tuzib xalqni himoya qilishga chaqiraman", - dedi hokim.

Janob Nujafiyning o‘zi dushanba oqshomida mahalliy hukumat qarorgohini jangarilar ishg‘ol qilishidan sal avvalroq hududdan qochgan.

Seshanba kuni Mosulning bir necha yashovchilari hukumat binolari tepasida qora jihodchi bayroqlari hilpirab turgani, hamda jihodchilar ovoz kuchaytirgichlar orqali "biz Mosulni ozod qilgani keldik va faqat unga hujum qiladiganlar bilan kurashamiz" deb aytganini bildirishdi.

"Shahardagi vaziyat juda tartibsiz va bizga hech kim yordam bermayapti. Biz qo‘rquv ostidamiz", - deb aytdi mahalliy hukumat xodimi Umm Karom.

Mosuldagi ko‘p politsiya binolariga o‘t qo‘yilgan. Mahalliy televideniye orqali shahar bo‘ylab qora tutun burqsib ko‘tarilayotgani namoyish etilgan. Yuzlab tutqunlar qamoqxonalardan ozod qilinganlar.

Ichki ishlar vazirligi xodimi politsiya va askarlar ustboshlarini yechib qochganlarini tasdiqladi. "Mosul shahri davlat nazoratidan tashqari va jangchilar qo‘lida", - deb aytgan u (Frans-Press) AFP xabar agentligiga.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

Your contact details
Disclaimer