Rossiya va NATO bir vaqtda harbiy mashqlarni o‘tkazishmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Latviyadagi Saber Strike mashg‘ulotida AQSh askarlari ham ishtirok etishmoqda

Rossiya qurolli kuchlarining Kaliningrad viloyatidagi harbiy mashg‘ulotlari NATOning Boltiqbo‘yi davlatlaridagi harbiy mashqlari bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tmoqda.

Rossiya hukumati Boltiqbo‘yi davlatlarida NATO faoliyatining avj olishi va Ukrainadagi inqiroz davom etayotgan bir vaqtda Rossiya chegarasida NATOning harbiy hozirligi oshganini "dushmanona munosabatning namoyon bo‘lishi" deya qoralagan.

Aprel oyida NATO Qrimni qo‘shib olgan Rossiya bilan harbiy va fuqaroviy hamkorlikni to‘xtatib qo‘ygan edi.

"Biz NATOning Rossiya bilan chegaraga yaqin hududlarda o‘z harbiy faoliyatini oshirayotgani dushmanona niyatlarni namoyish qilishdan boshqa narsa emas deb bilamiz. NATOning Markaziy va Sharqiy Ovro‘poda, rotatsiya asosida bo‘lsa ham, o‘z kuchlarini joylashtirayotganini 1997 yilda Rossiya va NATO o‘rtasida imzolangan shartlarning buzilishi deb ko‘ramiz", - dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirining muovini Vladimir Titov.

Rossiya tomonining harbiy mashg‘ulotlari Boltiq floti kuchlari, desant va havo kuchlari, hamda harbiy havo kuchlari ishtirokida o‘tmoqda.

Flot kuchlari bilan bir qatorda mashg‘ulotlarga Su-34 qiruvchi uchoqlari, Mi-24 tikucharlari va Tu-22M3 bombardimonchi uchoqlari jalb qilingan.

NATO o‘z navbatida Boltiqbo‘yi davlatlarida 9 iyundan boshlab ikki hafta davomida Saber Strike-2014 va Baltops-2014 nomi ostida yillik xalqaro harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazadi.

Quruqlik va havo kuchlari jalb qilingan mashqlarda 4700 kishi va 800ta harbiy texnika ishtirok etadi.

Rossiya mudofaa vazirligi ikki tomondagi mashqlarga jalb qilingan odamlar va texnika soni va ko‘lami o‘xshash ekanini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

Your contact details
Disclaimer