Gulnora Karimova "saltanati" parchalanmoqdami?

Image copyright none

Markaziy Osiyo masalalarini yoritib va tahlil qilib boruvchi Eurasianet.org websahifasida "Gulnora saltantini parchalab" nomli maqola chop etilgan.

Maqola muallifi Joana Lillisning yozishicha, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning "nazardan qolishi"dan to‘rt oy o‘tib u bir vaqtlar egalik qilgani aytilgan bizneslarining ba‘zilari boshqalar qo‘llarga o‘tib, qayta jonlanmoqda. Lekin Gulnora "saltanati"ning yirik va ko‘zga ko‘ringan qismlari sifatida ko‘rilgan bizneslar hanuz vayrona ahvolda yotibdi.

Shu yil boshlarida Gulnora Karimova "ihotalab qo‘yilganidan" beri unga aloqadar bo‘lgan bizneslar faoliyati taqa-taq to‘xtadi, deya yozadi muallif.

"Lekin Sodiq Azimov ko‘chasidagi bir vaqtlar "Nirvana" deya yuritilgan DVD, CD va kompyuyetr o‘yinlari savdosi bilan shug‘ullangan tizimga tegishli do‘kon yopiq bo‘lsa ham derazasida hamon Gulnora Karimova surati turibdi. Uning sahna ismi bo‘lmish Gugusha qo‘shiqlari esa radio va televiziondan yo‘qolgan".

Uning yopiq do‘kon derazasidagi rasmi esa bir vaqtlar raqib bizneslarni "yutib yuboradigan va to‘ymas ishtahasi" uchun Amerikalik diplomatlar tomonidan "talovchi baron", deya tasnif berilgan Gulnoar Karimova saltanatidan qolgan atigi bir necha dalildan biridir, deb xulosa qiladi Joana Lillis.

Muallifning aytishicha hozirda Toshkentda bironta do‘kon uning bir vaqtlar dong‘i ketgan atir-upalarini taklif qilayotgani yo‘q.

Guli nomi ostidagi atirlarini 500 dollardan sotgan Begum do‘koni eshigiga ham qulf osilgan.

Tomoshanbinlarga to‘la bo‘lgan Premier Cinemaning kumush rangli ekranida ham fevral oyidan beri bironta film ko‘rsatilmagan. Ammo iyun oyi boshlaridan beri ichkarida quruvchilar paydo bo‘lishdi. Bu yaqin orada kinoteatr yangi boshqaruv ostida ochilishi belgisimikan?

Gulnora Karimovaga tegishli, deya ko‘rilgan korxona mahsuloti Coca Cola ham peshtaxalardan yo‘qolgan. Endilikda mahalliy aholi o‘z chanqog‘ini Libella yoki Fensi ichimliklari bilan qondirishmoqda.

Coca-Cola Ichimligi O‘zbekiston korxonasidagi qonunbuzarliklar haqidagi xabarlar shu yil yanvar oyida paydo bo‘lgan.

Korxona boshqa ichimliklarni ishlab chiqarish bilan mashg‘ul ekanligi aytiladi, lekin korxona rasmiylari bu xabarni tasdiqlashdan bosh tortishgan.

Ayni vaqtda Gulnora Karimova "bosh og‘rig‘i"ga sabab bo‘lgan asosiy omil telekommunikatsiyalar bozorida o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

2012 yilda rasmiylar tomonidan qator qonunbuzarliklarda ayblanib O‘zbekistonni tark etgan Rossiyaning MTS shirkati o‘tgan oyda mamlakatga qaytish arafasida ekanligini ma‘lum qildi.

Bu biznes yuritish fazosi o‘ta mavhum bo‘lgan O‘zbekistonda ishlar avvalgiday iziga tushayotgani belgisi bo‘lishi mumkin, lekin Gulnora Karimova bu bizneslarning birontasida qandaydir rol o‘ynashi ehtimoldan uzoq ko‘rinmoqda, deya yozadi Joana Lillis.

Gulnora Karimovaning shu yil boshidan beri tashqi dunyodan ihotalab qo‘yilgani va uy qamog‘ida saqlanayotgani aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.