Iroq: Mosul shahrini yarim million odam tashlab qochgan

Image copyright Reuters

Iroqning ikkinchi yirik shahri Mosulni islomiy jangarilar nazoratiga olganidan keyin shaharni yarim million atrofida odam tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

O‘zlarini "Iroq va Levanta islomiy davlati" deb ataydigan guruhning yuzlab qurollilari shaharga bostirib kirib asosiy davlat idoralari binolarini nazoratga olganlar.

Politsiya binolariga o‘t qo‘yilgan, yuzlab mahbuslar qamoqxonalardan chiqarib yuborilgan.

Mosul hokimi shahardan qochgan, armiya kuchlari o‘z xizmat maskanlarini tashlab ketganlar.

Mosul shahrini tark etayotganlar orasida Iroq armiyasining harbiylari, politsiya xodimlari ham bor. Ko‘pchilik askarlar harbiy kiyimlarini fuqarolik kiyimiga almashtirib, shaharni zudlikda tark etishga shoshilmoqdalar.

Mahalliy fuqarolarga ko‘ra, jangarilar shahardagi ma‘muriy binolar ustiga o‘zlarining qora bayroqlarini osganlar.

Jangarilar ovoz kuchaytirgichlar yordamida Mosulni ozod qilishga kelganlarini e‘lon qilmoqdalar.

Mosulliklar shaharda vahima boshlangani, odamlar qo‘rquvda, yordam beradigan hech kim yo‘qligini aytishgan.

"Iroq va Levanta islomiy davlati" qurollilari butun Nineveh viloyatini nazoratiga olgan.

Image copyright AP

BBC muxbirining xabar berishicha, o‘n minglab qochqinlar Kurdistonga qarab yo‘nalganlar. U yerda mahalliy hukumat vaqtinchalik jamloqlar tashkil qilgan, shuningdek xalqaro hamjamiyatdan ko‘mak so‘rab murojaat qilgan.

Hafta boshida jihodchilar hukumat binosi va boshqa qator muhim ob‘ektlarni egallab olgandilar.

Image copyright Reuters

Bundan tashqari jangarilar mamlakat g‘arbidagi Faluja shahrini ishg‘ol qilganlar.

Iroq xavfsizlik kuchlariga ko‘ra, Rashad shahrida ham islomiylar va armiya o‘rtasida qattiq janglar ketmoqda.

"Iroq va Levanta Islom davlati" "Al-Qoida"ning muhim jabhasi bo‘lib, asosan Suriyada faoliyat yuritib kelgan. Ayni paytda ular o‘z amaliyotlarini Iroq hududiga o‘tkazishga erishganlar.

Iroq xavfsizlik kuchlari bildirishicha, guruh tarkibida besh minggacha jangari mavjud.

AQSh Mosuldagi vaziyat borasida bayonot bilan chiqqan va islomiy jangarilar butun mintaqaga tahdid ekanini aytgan.

Vashington shuningdek, bosh vazir shia Nuri Malikiyni mamlakatda tartib o‘rnatish uchun sunniy ozchilik vakillari bilan til topishga chaqirgan.

Tanqidchilar Nuri Malikiy hukumatini millatlararo va diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi siyosat olib borganlikda ayblab keladi.

Ayni paytda Mosuldan Kurdiston bilan chegarada son sanoqsiz mashinalar tirbandligi yuzaga kelgan.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy parlamentdan favqulodda vaziyat e‘lon qilishni so‘ragan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.