Braziliya 2014: Ilk uchrashuvga Ravshan emas, boshqa hakam tanlandi

Image copyright GOALCONTROL

FIFA rasmiy web sahifasining xabar berishicha, 12 iyun kungi mezbon Braziliya va Xorvatiya o‘rtasidagi ilk uchrashuvga O‘zbekiston futbol ahliga yaxshi tanish yaponiyalik Yuichi Nishimura hakam etib tayinlangan.

42 yoshli Nishimura o‘z karerasi davomida ikki bor jahon chempionatida ishtirok etayotgan yaponiyalik uchinchi hakam bo‘ladi.

Ammo bu – Yuichi Nishimuraning ilk marotaba futbol bo‘yicha jahon kubogi musobaqalarining ochilish bellashuviga hakamlik qilishidir.

2010 yil Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatida Nishimura Gollandiya va Braziliya o‘rtasidagi chorak final uchrashuvi doxil ja‘mi to‘rt o‘yinga hakamlik qilgandi.

O‘zbekistonlik hakamlar orasidan ilk bor bunday sharaf xuddi o‘sha yili taniqli hakam Ravshan Ermatovga nasib etgandi.

O‘sha paytda bor-yo‘g‘i 32 yoshda bo‘lgan Ravshan 1934 yildan buyon jahon chempionatining ochilish uchrashuvini boshqargan eng yosh hakam bo‘lgandi.

Uning so‘nggi jahon chempionatidagi hakamlik mahorati katta olqishlarga sazovar bo‘lgan va Ravshan Ermatovga yarim final o‘yinini boshqarish ham ishonib topshirilgandi.

Dunyo bo‘ylab ko‘pchilik futbol mutaxassislari va futbol ishqibozlari so‘nggiga qadar Ravshan Ermatovning bu galgi jahon chempionatining ilk uchrashuviga ham hakamlik qilishiga umid qilishayotgandi.

Chunki 2010 yilgi turnirning ilk uchrashuvini ochib berish bilan "To‘rt karra Osiyoning eng zo‘r hakami" bo‘lgan Ravshan tanimaganga ham o‘zini tanitgan, bir birinchilikning o‘zida besh bellashuvga hakamlik qilish bilan esa, nomi xalqaro rekordchilar ro‘yxatiga ham kirgandi.

Yuichi Nishimura Braziliyadagi jahon chempionatida Ravshan bilan birga Osiyo qit‘asini namoyon etayotgan to‘rtta bosh hakamdan biri bo‘ladi.

Bu ikkovlondan tashqari Benjamin Vilyams (Avstraliya) va Abdulla Shukralla (Bahrayn)lar boshchiligidagi hakamlar guruhi ham Braziliyadagi jahon kubogi o‘yinlarini boshqarishadi.

FIFA tomonidan e‘lon qilingan dastlabki to‘rt uchrashuv hakamlari orasida, hozircha, Yuichi Nishimuradan boshqa Osiyo qit‘asi vakillari yo‘q.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Ravshan jahon chempionatida ketma-ket ikkinchi bor butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini namoyon etayotgan yagona hakam bo‘ladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.