Ijtimoiy minbar: O‘zbekistonda o‘qishga kirish osonmi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari tizimiga o‘zgartirishlarni ma‘qullagan.

Ularga muvofiq, bakalavriat uchun bu yilgi matematika bo‘yicha test sinovlariga informatika va axborot texnologiyalariga taalluqli savol hamda topshiriqlar kiritilmoqda.

O‘zAning Davlat test markazi direktori Jahongir Ismoilovdan iqtibos keltirishicha, jumladan, "matematika bo‘yicha 30 savol, informatika bo‘yicha 6 savol kiritilgan".

Mulozimga ko‘ra, shuningdek, test sinovlariga kiritilgan fanlar ro‘yxati ham qayta ko‘rib chiqilmoqda va mutaxassislikka oid fanlarning roli oshirilmoqda.

Janob Ismoilov o‘zgarishlardan ko‘zlangan maqsad "test sinovlarining sifati va xolislik darajasini oshirish" ekanini aytgan.

O‘zbekiston sobiq sovet davlatlari orasida abituriyentlar bilimini baholashning test tizimini birinchilardan bo‘lib joriy etgan.

Rasmiylar shu yo‘l bilan, jumladan, ta‘lim tizimidagi poraxo‘rlikka chek qo‘yilganini aytishadi.

Ammo yangi usul joriy etilganidan buyon o‘tgan vaqt mobaynida ta‘lim tizimidagi poraxo‘rliklarga doir o‘nlab jinoyat ishlari tergov qilingan, Davlat test markazining kamida bir yuqori martabali mulozimi uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Abituriyent, talaba va soha mutaxassislari ta‘lim tizimi bilan birga o‘qishga kiritish usullari ham tobora "takomillashib" borayotganini aytadilar.

Umumiyat-la, ta‘lim tizimi O‘zbekistonda eng korruptsiyalashgan tizimlardan biri deb ishoniladi.

Kirish imtihonlari tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlarning poraxo‘rlik bilan bog‘liq vaziyatga qanchalik va qanday ta‘sir ko‘rsatishi noma‘lum.

Mavzu muhokamasi 18 iyun, chorshanba kungi "Ijtimoiy minbar" ruknimizda.

O‘zbekistondagi test tizimi qanchalik xolis va adolatli?

Test sinovlaridagi poraxo‘rliklar haqida fikringiz?

Kambag‘alning bolasi o‘qishga kira oladimi?

Ota-onalarning farzandlarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishga qurblari yetayaptimi?

Bu va boshqa savollar yuzasidan sharhlaringizni Facebook dagi BBC Uzbek sahifamizda qoldiring!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.