Afg‘oniston: kimning ismi mashhurroq?

Image copyright Reuters l AFP l Getty
Image caption Doktor Abdulloh Abdulloh va Ashraf G‘ani Ahmadzay

Afg‘onistonliklar prezidentlik saylovlarining ikkinchi davrasida ovoz berishga tayyorlanishar ekan, Kobuldagi BBC muxbiri Devid Loyn bu saylovlarning mamlakatdagi in‘ikosini o‘rganishga harakat qilgan.

"Odatda Janubiy Osiyoda yashaydiganlarning ismi-sharifidan ko‘p narsani bilib olsangiz bo‘ladi, ammo shanba kuni mamlakatdagi eng muhim mansab uchun bellashadiganlarning nomlari o‘zgacha ahamiyat kasb etmoqda.

Doktor Abdulloh Abdulloh misolida olinsa, faqat uning ismi oldiga "Doktor" unvoni qo‘shib qo‘yilgan.

Bu mamlakatda hatto tibbiyot oliy o‘quv yurtiga kirib, uni bitirolmasdan chiqqanlarga ham nomi oldidan "doktor" qo‘shib murojaat qilishadi.

U esa ko‘z shifokori.

Ammo nima uchun Doktor Abdulloh Abdullohning ham ismi va ham sharifi (familiyasi) bir xil?

Boshqa millionlab afg‘onlar kabi u ham faqatgina bir nom bilan ulg‘aydi, ammo o‘tgan asr to‘qsoninchi yillarning o‘rtalariga kelib marhum Ahmadshoh Ma‘sudga voizlik qilishni boshlar ekan, bir guruh g‘arblik jurnalistlar familiyangizni ham aytasiz qabilida turib olishdi.

U o‘zining faqatgina bir nomi borligini aytar ekan, "boring, mayli, Abdulloh Abdulloh deb atang", dedi.

Shundan beri uning ismi Abdulloh Abdulloh bo‘lib qoldi.

Kobul markazidagi kattagina, ammo hashamatli bo‘lmagan xonadonidagi rasmlarda u va Ahmadshoh Ma‘sudning rasmlarini ko‘rish mumkin.

Ma‘sud Toliblarga qarshi turib bergan yagona qo‘mondon edi.

U Ma‘sudning elchisi o‘laroq ishladi.

Ingliz tilida ravon so‘zlashgani uchun tashqi dunyoga mujohidlar hayotidan daraklar yetkazib turdi.

Men uni ilk bor 1996 yilda Kobulda ko‘rganman.

Doktor Abdulloh Abdulloh bilan suhbatimizdan ko‘p o‘tmay shaharni Toliblar ishg‘ol etishdi.

Fuqarolar urushi mamlakatga qashshoqlik va ocharchilik keltirdi.

Ammo Abdulloh Abdulloh ta‘bir joiz bo‘lsa shaharlik olifta edi.

Italiya tuflilarini yaxshi ko‘rardi.

Uni jazmanbozlikda ayblashdi.

Bu ayblovlardan uning obro‘si tushdi deyish mushkul.

U vatanining tarixiga qiziqar edi.

Doktor Abdulloh Abdullohning xonadonida 19 asrda Britaniya tomonidan nashr etilgan turfa rasmlar bor.

Image caption Xavfsizlikni ta‘minlash eng asosiy masala

Prezident bo‘laman deb siyosiy sahnaga tushgan boshqa bir arbob esa Ashraf G‘ani Ahmadzaydir.

Bir paytlar Jahon bankida iqtisodchi, yozuvchi va ...ishqilib uning ismi ham oddiy – Ashraf G‘ani, ammo "Ahmadzay" qo‘shimchasi bir pushtun donishmandining ismi, xolos.

1920 yillardagi muvaqqat bir tanaffusdan tashqari Afg‘onistonni doim pushtunlar boshqarishgan.

Pushtunlar mamlakatdagi eng yirik millat, ammo tom ko‘pchilik emas.

Ular asosan mamlakatning sharqi va janubida yashashadi.

Britaniyaning Hindistondagi hokimiyati davrida ular Paxtun nomi bilan mashhur edi.

Nafaqat nom... balki o‘zlarining anchayin jangovor fe‘llari bilan ham ko‘plarni qo‘rqitib kelishgan.

Toliblar harakati ham asosan pushtunlardan tashkil topgan.

Ashraf G‘ani bir necha qashshoq mamlakatlarda maslahatchi bo‘lib ishlagan.

Uning boy tajribasidan Afg‘oniston manfaatdor bo‘lishi mumkin, ammo ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Ashraf G‘anining loyiha va g‘oyalari qog‘ozda jozibador ko‘rinadi.

Unda haqiqiy siyosiy tajriba oz bo‘lishi mumkin.

Ashraf G‘ani 2009 yilgi saylovlarda to‘rtinchi natijaga erishgan edi.

Bu gal u eski xatolarni takrorlamaslik uchun General Abdurashid Do‘stum bilan siyosiy "jo‘ra" tutingan.

Bir paytlar u Do‘stum janoblarini "hammaga ma‘lum qotil" deb atagan edi.

Ammo bu bir paytlar bo‘lgan voqea... Hozir esa Abdurashid Do‘stum uni dastaklamoqda.

Do‘stum janoblarini mamlakat shimolida o‘zbeklar qo‘llab-quvvatlashiga hech bir shubha yo‘q.

Men suhbatlashganlar orasida Ashraf G‘ani janoblariga faqat Do‘stumni dastaklaganlari uchun ovoz berishlarini yashirmaydiganlar ham talaygina edi.

Hamma ham Ashraf G‘anini tanimaydi.

Nima bo‘lganda ham shanba kuni saylov tinch o‘tsa marra afg‘onistonliklarniki bo‘ladi.

Bu 1901 yildan beri ilk bor tinch yo‘lda qudrat almashish bo‘lur edi.

Ehtimol, ilk bor "tarixiy saylov" degan ta‘bir ishlatish mumkin bo‘lar...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002