Odil Ahmedov "Anji"dan "Krasnodar"ga o‘tdi

Rossiyaning "Krasnodar" klubi rasmiy web sahifasining xabar berishicha, o‘zbekistonlik nomdor futbolchi jamoa bilan 3 yilga shartnoma imzolagan.

Ayon bo‘lishicha, 26 yoshli Odil Ahmedov 17 iyun kuni yangi jamoasi safiga qo‘shiladi va navbatdagi futbol mavsumiga tayyorgarliklarini boshlab yuboradi.

Ammo klub rasmiy web sahifasida e‘lon qilingan xabarda yangi shartnoma qiymati ochiqlanmagan.

"Krasnodar" jamoasiga rossiyalik biznesmen Sergey Galitskiy sohiblik qiladi.

Klub joriy futbol mavsumini 5-o‘rin bilan yakunlab, Ovro‘po Kubogi musobaqalarida bellashish huquqini qo‘lga kiritgan.

Rossiya Kubogi finaliga chiqqan, ammo penaltilar seriyasida "Rostov" jamoasiga yutqazib, 2-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan.

Bor-yo‘g‘i 2008 yilda asos solingan klub uch yil burun Rossiya Oliy Ligasida to‘p surish huquqini qo‘lga kiritgan.

Hozirgi kunda "Krasnodar" saflarida serbiya, shveytsiya, braziliya, kolumbiya, portugaliya, islandiya, fil suyagi qirg‘og‘i va urugvaylik qator legioner futbolchilar ham to‘p surishadi.

"Anji" va Odil Ahmedov

Image copyright Anzhi

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, "Anji" (Maxachqal‘a) O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri va o‘sha paytda Toshkentning "Paxtakor" klubi sardori bo‘lgan Odil Ahmedov bilan 2011 yilda to‘rt yilga shartnoma imzolagandi.

Ammo "Anji" rahbariyati o‘tgan yil avgust oyi oxirlarida kutilmaganda nomdor o‘yinchilarini sotishi, o‘z byudjetini keskin qisqartirishi va bundan buyog‘iga mahalliy yosh futbolchilariga orqa qilishini e‘lon qilgandi.

Klub sohibi dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimovning ushbu qarori ortidan, "Anji"ni orada kechgan vaqt ichida rossiyalik qator sara o‘yinchilari doxil sardori Samuel Eto'o, Lassana Diarra, Muborak Bussufa, Villian, Jaoa Karlos va Kristofer Sambolar ham tark etishgan.

"Anji" rahbariyatining so‘nggi bayonoti ortidan Rossiyaning turli internet nashrlari va ommaviy-axborot vositalarida Odil Ahmedovga mahalliy "Krasnodar" va "Zenit" klublari qiziqish bildirishayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Image caption Tajribali yarim himoyachi ikki karra "O‘zbekistonning eng qoyilmaqom futbolchisi" sanaladi

Biroq "Anji" matbuot voizi o‘sha paytda BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Odil Ahmedov hozircha klubda qolish va jamoaga yordam berish ahdida qat‘iy ekanini bildirgandi.

"Izvestiya" gazetasi o‘tgan yil iyun oyida o‘zbekistonlik yulduz futbolchiga Londonning "Arsenal" jamoasi qiziqish bildirayotgani haqida ham yozgandi.

Ushbu xabarlarda Ovro‘poning eng old jamoalaridan bo‘lgan "Arsenal"ning Odil Ahmedov uchun 4 million yevro to‘lashga rozi" ekani aytilgandi.

Odil ham Ispaniyaning "Barselona"si bo‘ladimi yoki Londonning "Arsenal"i, Ovro‘poning kuchli jamoalaridan birida to‘p surish istagini oshkora bayon etib keladi.

Tajribali yarim himoyachi ikki karra "O‘zbekistonning eng qoyilmaqom futbolchisi" sanaladi.

Odil Ahmedov 2012 yilda "Anji" klubida mavsumning "Eng zo‘r o‘yinchisi", deb ham topilgandi.

Ammo bu yilgi futbol mavsumini muvaffaqiyatsiz boshlagan "Anji" yakunida turnir jadvalida eng so‘nggi o‘rinni egallab, Rossiya Oliy Ligasidan pastga qulagan.

O‘shandan buyon Odilning "Anji"ning o‘zida qolishi yoki boshqa bir jamoaga o‘tish-o‘tmasligi o‘zbekistonlik aksariyat futbol ishqibozlarini qiziqtirib kelayotgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.