Tojikiston: Britaniya elchixonasiga hujum tekshiriladi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Tojik matbuoti Britaniya elchixonasiga hujumni Tog‘li Badaxshondagi vaziyat bilan bog‘lagan

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Hamro Rahimzoda 10 iyun kuni Dushanbedagi Britaniya elchixonasi va Ko‘lobda muxolifat rahbariga uyushtirilgan hujumni tekshirish uchun maxsus guruh tuzishga buyruq bergan.

Avesta xabar agentligining Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan iqtibos keltirishicha, har ikki tekshiruv guruhiga Ichki ishlar vazirining o‘rinbosarlari rahbar etib tayinlangan.

Britaniya elchixonasiga uyushtirilgan hujum yuzasidan 10 kishining hibsga olingani aytilmoqda.

Seshanba kuni Dushanbedagi elchixona tashqarisida to‘plangan bir guruh odamlar elchixona binosini toshbo‘ron qilishgan.

Hujumchilarning kimligi noma‘lum, ularning avvaliga ayollardan iborat bo‘lgani, keyinroq erkaklar ham qo‘shilgani aytiladi.

Hodisa joyiga yetib kelgan militsiya ularni hibsga olgani xabar qilingan.

Tojik matbuotining shohidlarga tayanib yozishicha,hujumchilar elchixona xavfsizlik kameralarini sindirishgan va qo‘riqchilar bilan olishganlar.

Britan elchixonasi tashqarisidagi norozilik amaliga rasmiylar tomonidan ruxsat berilmagan.

Xuddi shu kuni Ko‘lobda muxolifatdagi Islom Uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriyga bir guruh odamlar tuxum va pomidorlarni otishgan.

Image caption Muxolifat partiyalari janob Kabiriyga hujumni qoralashmoqda

Ikkala hujum o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi noma‘lum.

Islom Uyg‘onish partiyasi va Tojikistondagi boshqa muxolifat guruhlari hujumlarni qoralashgan.

IUP muxolifat rahbariga hujum avvaldan rejalangan va mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish hamda milliy birdamlikka putur yektazish maqsadini ko‘zlaganini aytgan.

Noma‘lum sabablar

Payshanba kuni Britaniyaning Dushanbedagi elchisi Robin Ord-Smit hodisa yuzasidan bir bayonot e‘lon qilib,elchixona tashqarisidagi zo‘ravon namoyishning maqsadi o‘ziga ma‘lum emasligini aytgan.

Asia-Plus xabar agentligi britan elchisining "Elchixonaga xat topshirilmagani uchun men namoyishning nima haqida bo‘lganini tasdiqlay olmayman", degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Britaniya elchisi seshanba kungi namoyish elchixona mulkiga zarar yetkazganidan taassuf izhor qilgan va hodisada hach kim jarohatlanmaganini aytgan.

U tojik rasmiylariga zo‘ravonliklarga aylanib ketgan namoyishni tarqatishda yordam berganlari uchun minnatdorchilik bildirgan.

Ayrim farazlarga ko‘ra,namoyishchilar Britaniyaning Tojikiston sharqidagi Tog‘li Badaxshon Muxtor viloyatida yuzaga kelgan vaziyat borasidagi mavqe‘idan norozi bo‘lishgan.

Britaniya elchixonasi Tog‘li Badaxshondagi vaziyatni sharhlamagan, ammo namoyish yuz bergan payt britan elchisining Tog‘li Badaxshon markazi Xorug‘da bo‘lgani xabar qilingan.

Asosan Pomir xalqlari yashaydigan Tog‘li Badaxshon aholisi Tojikistondagi fuqarolar urushi chog‘i joriy Pezident Imomali Rahmonning "Xalq jabhasi" ga qarshi Birlashgan tojik muxolifatini dastaklagan.

21 may kuni Horug‘da hukumat kuchlari va noma‘lum qurollilar o‘rtasida yuz bergan otishmada uch kishi, jumladan, bir militsiya xodimi halok bo‘lgan.

Tojik rasmiylari noqonuniy giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy guruhga qarshi amaliyot olib borilganini aytishgan, ammo hodisa yuzasidan boshqa farazlar ham bildirilgan.

Tojikiston kuch tizimlarining amaliyoti mahalliy xalqning noroziligiga sabab bo‘lgani aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002