UzWebiston: Matbuot tanqididan chiqarilgan xulosa shumi?

Kuni-kecha toshkentliklar ayrim ko‘chalarning ta‘mirlanganining guvohi bo‘lganlar, Internet ijtimoiy tarmoqlarida bunday o‘ziga xos ta‘mirlash usulidan hayratlanganlar ham bo‘lgan.

Facebookdagi "Toshkent haydovchilari" deb nomlangan guruhning a‘zosi bir necha fotosurat e‘lon qilgan va bu suratlarini shunday izohlagan:

"Bugun yo‘l chuqurchalarini yamashning hayratlanarli usulining guvohi bo‘ldim. Ko‘p usullarini ko‘rganman, lekin bunaqasi birinchi marta. Asfaltning tayyor bo‘laklarini olib kelishdi va chuqurchalarni yopa boshlashdi. Kim o‘zi yashaydigan tumanda yangi yotqizilgan asfalt yo‘qolganini ko‘rgan bo‘lsa, xabar beringlar", deb yozgan "Voditeli Tashkenta" guruhining a‘zosi.

Bu xabarni muhokama qilgan guruh a‘zolaridan biri yaqinda Sergelidagi avtomobil bozori yaqinida ta‘mirlangan ko‘cha asfalti yo‘qolgani, yana kimdir bu asfalt bo‘laklari Lisunov mavzesidan ekani haqida yozgan.

Yana kimdir bu havo harorati yozda juda ko‘tarilib ketadigan issiq mamlakatlarga xos yo‘lni ta‘mirlash usuli ekani haqida "ma‘lumot" bergan.

Internet foydalanuvchilardan ayrimlari esa bu yaqinda O‘zbekistonning "Yoshlar" telekanalida namoyish qilingan avtomobil yo‘llari tanqididan chiqarilgan xulosa ekani haqida fikr bildirgan.

10 iyun kuni "Yoshlar" telekanali yo‘l solig‘i uchun katta mablag‘ ajratilishi, biroq ko‘cha va yo‘llar sifati talabga javob bermasligi tanqid qilingan maxsus ko‘rsatuv namoyish qilgan.

Matbuot qattiq nazorat qilinadigan O‘zbekistonda ushbu muammo haqida ham shu paytgacha ochiq gapirilmagan, shu bois ko‘rsatuv Internetda ko‘plab "olqishlar"ga sabab bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.