"Seni ko‘rdim butoqda, gilos pishganda bog‘da"

Image caption "Mening sevganim gilos..."

Men televizor ko‘rmayman, bu internet deganiga tishim o‘tmaydi. Lekin eshitdimki, shu kunlarda BAXT nima degan mavzuda yoqasi toza va tikka ko‘ylak kiyadigan odamlar bahslashayotgan emish. Emishki, o‘zbek xalqining baxti nimadayu, baxtsizligi qayda.

Men nima demoqchiman!? Demoqchimanki, xalqning baxtiyorligini bilmoqchi bo‘lsang, uning ichida yur demoqchiman. Shu kunlarda qishloqlarda xalqning baxtiyu baxtsizligining cheki chegarasi yo‘q. Ana ishonmasangiz, shahardan tashqariga sayr ixtiyor qiling, gilos biznesi avj pallasidan o‘tib, yakun topib bormoqda. Tonna-tonna gilos muzlatgichli kotta moshinlarga yuklanib, uzoq yo‘llarga hozirlanmoqda, qishloqlarda esa qop-qop pul qoldirmoqda.

Bir yilda bir keladigan gilos biznesi mavsumini odamlar qishshi bilan kutgan. Ana eding ko‘ring, baxtli va baxtsiz odamlarni. Meni bir tanishim hovlisi va dala hovlisidagi gilosini sotib, 7 million pul qildi. "O‘rtoq, judayam baxtliman desam bo‘laveradi, lekin baxtimning ozgina kemtigi borda", deb telefonda nolib qoldi. Nima gap desam, gilosini biroz shoshib, kilosini 200 so‘mdan arzon sotib qo‘yganini aytdi.

Yana bir tanishim besh-olti yil avval gilosning sarxil turlaridan ekkan, yeri ham katta edi, baxti qiyg‘os gullagan bo‘lsa kerak, bir tabriklab qo‘ysam degan niyatda unga telefon urgan edim, kasalxonadan yig‘lamsirab javob berdi. "Jo‘ra, ikki kun avval bizzi oiladan baxtli oila yo‘q edi qishloqda. Ko‘z tegdi, endi eng baxtsiz kishilar bo‘lib turibmizu", deydi. Aytishicha otasining qon bosimi birdan ko‘tarilib, og‘ir ahvolda yotganmish. Sababini so‘rasam, hasratidan chang chiqadi. Gilosi 500 kilo hosil beribdi, kilosini 3500 so‘mdan sotib, 17 milliondan sal oshiq pul qilibdi. Quvonchlari ichlariga sig‘may turgan kunnning ertasiga qishloqqa birdaniga ikkita yuk moshina kelib, gilosning kilosini 4 ming so‘mdan sotib olishni boshlabdi. Bir kunda yaqin 3 million zarar ko‘rdik, deb otasining birdan qon bosimi ko‘tarilib ketibdi. Hozir hammalari kasalxona eshigi tagida o‘tirishibdi ekan.

Endi butunlay baxtsizlikka uchraganlar ham bor. Ulardan biri bilan gaplashishga urinib ko‘rdim, lekin xohlamadi. Bu odam gilos narxi "potolokka yetishini" kutib mevasini sotmay turaveribdi. Oxiri bularning qishlog‘iga kelgan yuk moshin to‘lib, boshqa gilos olmay qo‘yibdi. Qishloq uzoq va ovloq joyda bo‘lgani uchun boshqa yuk moshin bu tomonlarga kelmabdi. Endi u gilosning kilosini 1200 so‘mdan o‘zlarining bozorida sotayotgan emish. O‘rtoqlarining aytishicha, hozir qishloqda undan baxtiqaro odam yo‘qmish. Endi bu odam yanagi yilgi gilos biznesigacha o‘z ich-etini yeb yurarmish, ishqilib, shuni ortidan kasal ottirib olmasa bo‘ldi, deya jo‘ralari xavotirda ekan.

Lekin gilos rastasida rosayam bir baxtli odamni ko‘rganimni ham aytmasam bo‘lmas. Oddiygina kiyingan bu sodda odam gilosini arzongina sotmoqda. "Ko‘chatim ko‘pmasdi, lekin besh millionlik sotdik. O‘sha kuniyoq to‘rt kilo qo‘y go‘shti olib kelib bola-chaqa bilan qovurib yedik, qurbonliqqa bitta qo‘y ham olib qo‘ydim. Mana endi, qolgan-qutgan maydalarini o‘zimizni bozorda sotib o‘tiribman", deydi u samimiy kulib.

Xullas, men demoqchimanki, toza yoqali akalarimiz baxtga qandaydir mavhum ma‘nolar yuklagani bilan bittagina gilos biznesining o‘zi baxt nimaligini shundoq odamning ko‘z oldiga keltirib qo‘yadimi deyman. Endi men bu mavsumda ham gilosga qorin to‘ydirib, ham gilos terib pul ishlab olgan teruvchilar, ularning ustidan mo‘maygina pul ishlab olgan "brigadirlar", gilos terish bahonasida tanishib, ko‘z urishtirib olgan yoshlarning baxti haqida gapirib o‘tirmadim...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002