O‘zbekiston: Qullik endi tugaydimi?

Image caption Hozir O‘zbekiston hukumati odamlarni majburiy yagana va o‘toqqa haydamoqda

Dunyo bo‘ylab majburiy mehnat yoki zamonaviy qullikni tugatishga qaratilgan Xalqaro Mehnat Tashkilotining yangi protokoli mutaxassislar orasida katta umid uyg‘otmoqda. BMT ekspertlar guruhi, xususan, uni olqishlab kutib olgan.

"Xalqaro Mehnat Tashkilotiga a‘zo davlatlar bu yangi majburiyatlarga ham rioya etishlari kerak" - deydi BMT mutaxassislaridan Xolid Hasin - "Ushbu protokol hali yangi va umid qilamizki, uni ko‘pchilik imzolaydi.

Majburiy mehnat qator hollarda zamonaviy quldorlikka tenglashtiriladi. Va quldorlik bobida O‘zbekistonning ham o‘rni beqiyosligi aytiladi.

Mavrlardan keyin o‘zbeklar...

Xalqaro Quldorlik Ko‘rsatkichiga muvofiq, O‘zbekiston - quldorlikni qo‘llaydigan oldi davlatlardan biri.

Ayniqsa, paxta mavsumi qiziydigan kuz oylari O‘zbek hukumat quldek mehnatni majburan joriy etish bobida Afrikadagi Mavritaniyadan keyin dunyoning ikkinchi eng ashaddiy qonunbuzariga aylanadi.

To‘g‘ri, keyingi yillari xalqaro miqyosda kuchaygan sa‘y-harakatlar oqibatida mamlakat yosh bolalarni paxtaga chiqarish tajribasidan voz kechishini bildirdi.

Qolaversa, O‘zbekiston hukumati bolalarni o‘qishdan uzib, dala mehnatiga majburlab kelganini ilgari ham hech qachon tan olmagan.

Lekin hamon har yili yuz minglab katta yoshli o‘zbekistonliklar, davlat tashkilotlari xodimlari, o‘qituvchi, shifokor va talabalar majburan yagana, o‘toq va paxta terimi uchun dalaga olib chiqiladi.

Image caption Islom Karimov hukumati stalincha majburiy mehnat ko‘rinishlarini saqlab kelmoqda

Rasmiylar bu jarayonni odamlar tashabbus ko‘rsatdi, deb izohlashadi. Biroq aslida odamlar ishidan ajralish va hatto bundan ham og‘irroq oqibatlardan qo‘rqib, dalada ishlashga majbur bo‘ladilar.

Tojirlar esa pul yig‘ib berishlari kerak. Ayrim xodimlar o‘z o‘rnilariga paxta teradigan mardikor topib, unga o‘z yonlaridan pul to‘lab paxtaga jo‘natishadi.

Hokimlar bu paytda hatto to‘y o‘tkazishni ham taqiqlab qo‘ya olishadi. Ko‘chalarni esa Sovet davridan nusxa ko‘chirilgan shiorlar va chaqiriqlar to‘ldirib yuboradi.

Aksar fermerlar davlat istaganicha paxta yo g‘alla yetishtirishga majburlar.

Biroq mutaxassislarning aytishicha, "oq oltin" o‘zbek xalqi kosasini oqartirayotgani yo‘q. Iqtisodchilarga ko‘ra, paxta mehnati og‘ir, ammo narxi arzon.

Bu esa foyda olish istagidagi hukumatni zamonaviy quldorlik yoki majburiy mehnatga undayotgan bo‘lishi mumkin.

Qaysi qonun bajarilgan?

Yangi xalqaro hujjat chiqqani bilan, baribir, O‘zbekistondagi majburiy mehnatga oid ahvol o‘nglanishi bobida ishonchlar kam.

"O‘zbekiston hukumati o‘zining qaysi xalqaro majburiyatini bajargan ediki, endi buni bajarsa?" - deydi Parijdagi "O‘tyuraklar" inson huquqlari guruhi rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva - "Xalqaro tashkilotlar bunga qarshi nima qila olishardi?".

Biroq BMT maxsus ma‘ruzachisi Urmila Bhulaning BBC O‘zbek Xizmatiga aytishicha, bu borada muayyan ta‘sir vositalari mavjud. Ammo avvalo, majburiy mehnat borligini isbotlash kerak bo‘ladi.

"Mehnat majburiymi va yo fuqarolik burchimi, degan masalalarni nazarda tutish kerak" - deydi Urmila Bhula.

Image caption O‘zbekistonda o‘ta kam sonli faollar majburiy mehnat haqida gapirishadi

"Qolaversa, mavjud holatlarni tugatish sa‘y-harakatlari fuqarolik jamiyati vakillari tarafidan, O‘zbekistonning o‘z ichidan kelishi kerak".

Lekin O‘zbekistonda paxta mavzusi o‘ta nozik va majburiy paxta mehnatini savol ostiga olgan yo unga qarshi chiqqanlar turli jazolargi yuz tutishlari mumkin.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti o‘zining so‘nggi xulosasida O‘zbekistonda bola mehnati deyarli tugatilganini e‘tirof etgandi.

Biroq huquq faollariga ko‘ra, yoki O‘zbekiston hukumati xalqaro kuzatuvchilarni oldindan belgilangan joylarga olib borib, haqiqiy ahvolni ko‘rsatishmagan, yoki ushbu tashkilot va O‘zbekiston hukumati orasidagi barcha muloqotlar ochiq bo‘lmasligi mumkin.

Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, quldorlik borligini tan olmasdan, asosan, taqiq, cheklov va jazo usullarini qo‘llab, muammoni hal etishga urinayotgan O‘zbekiston hukumati choralari samarali ish bermasligi aniq bo‘lib bormoqda.

Ya‘ni nafaqat ichkaridagi majburiy mehnat tugatilmagan, balki odamlarning chetga chiqishlarini qiyinlashtirayotgan chora-tadbirlar aslida qashshoqlik va ishsizlik bois xorijdan rizq izlayotgan insonlarning xorijda ham qullik, fohishalik va odam savdosi qurboni bo‘lishlarini to‘xtata olmayapti.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002