Braziliya 2014: Xorvatiya Yuichi Nishimuraning hakamligidan g‘azabda

Image copyright Kevin C Cox Getty Images

Jahon chempionatining yaponiyalik hakam boshqargan va mezbon Braziliyaning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangan ilk uchrashuvi mag‘lub Xorvatiya matbuotida o‘ta norozi munosabatga sabab bo‘lgan.

Ilk o‘yin kecha payshanba kuni ochilish marosimiga mezbonlik qilgan San-Paulu shahrida bo‘lib o‘tgan va xorvatlarning 1:3 hisobidagi alamli mag‘lubiyatlari bilan yakun topgandi.

Agar, Xorvatiya matbuotidagi g‘azabnok chiqishlarni bir jumlada jamlansa, Yuichi Nishimura Braziliya milliy terma jamoasini yo‘q yerdan 11 metrlik jarima to‘pi bilan siylagan.

Xorvatiyadagi eng obro‘li gazetalar bugun bosh sahifalarini "Adolatsizlik", "Uyat" va "Hakam "O‘t yuraklar"ni yuzsizlarcha sindirdi", degan sarlavhalar bilan boshlashgan.

Aksariyat nashrlar esa, uchrashuv ortidan Xorvatiya milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Niko Kovachning HRT davlat televizion kanaliga bergan suhbatida aytgan so‘zlarini ham bee‘tibor qoldirishmagan.

"Agar, 11 metrlik jarima to‘pi shunday bo‘ladigan bo‘lsa, ortiq futbol o‘ynashimizning hojati yo‘q", - deya qisqa qilib xulosa qilgan xorvatlar Bosh murabbiyi.

Bu – 42 yoshli Yuichi Nishimuraning ketma-ket ikkinchi bor jahon chempionatida hakamlik qilishi bo‘lsa-da, ilk bor birinchilikning ochilish uchrashuvini boshqarishi edi.

Image copyright AFP

1:1 durang hisobi qayd etilib turgan 71-daqiqada 2012 yilgi "Osiyoning eng zo‘r hakami" tomonidan xorvatlar darvozasiga belgilangan 11 metrlik jarima to‘pi o‘yinning yo‘nalishida tub burilish yasagandi.

Xorvatiya matbuotining nigohida himoyachilari Deyan Lovren va braziliyalik hujumchi Fred to‘qnashuvida penaltiga loyiq biror bir xatolik bo‘lmagan.

Deyan Lovrenning o‘yindan keyin aytishicha, "Braziliyani ziddiyatli penalti bilan siylagan bu kabi hakam jahon chempionatida ishtirok etmasligi kerak".

Nufuzli "Jutarnji List" kundalik nashrining yozishicha esa, "Jahon chempionatining ochilish uchrashuvida hakam tomonidan yo‘l qo‘yilgan kechirib bo‘lmas xato xorvatlarning yuraklarini tig‘ bilan tilib tashlagan".

"Sportske Novosti" gazetasi esa, 11 metrlik jarima to‘pini qoyilmaqom qilib amalga oshirib, jamoasining umidlarini tiriltirgan Neymarni ham olqishlashni unutmagan. Ammo bu nashr ham hakam Nishimurani ayab o‘tirmagan.

"Neymar va yaponiyalik hakam Nishimura Xorvatiyani katta orzusidan bebahra etishdi. Xorvatiya o‘yinni qoyilmaqom bir yo‘sinda boshlagan va Marseloning avtogoli bilan stadionni sukutga ham cho‘ktirgandi. Ammo hakamning yordami bilan Braziliya uyqudan uyg‘onib, o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi".

Image copyright Getty

G‘olib mezbon milliy terma jamoa Bosh murabbiyi Luiz Felipe Skolari esa, penaltini belgilashda hakam haq, degan ishonchda.

"Qanday qilib buni millionlab odam ko‘rmay qolgan bo‘lishi mumkin?". "Ammo hakam ko‘rdi va 11 metrlik jarima to‘pi belgiladi. Bunday qarorni esa, faqat hakam beradi", - deb aytgan "kanareykalar" ustozi.

"Biz ham xuddi shunday fikrdamiz. O‘yinning xuddi shu joyini o‘zim 10 marta ko‘rdim. Men penalti haqli, degan fikrdaman".

Eng so‘nggida xorvat nashrlarining birdek e‘tirof etishlaricha, alamli mag‘lubiyatga qaramay, mahalliy futbol ishqibozlarini milliy terma jamoani 1998 yilgi yutug‘ini takrorlashga undovchi omillar ham oz emas.

Jamoa o‘sha yili jahon chempionatining yarim finaliga chiqqan va birinchilikning bronza medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

Bosh murabbiysi Niko Kovachning "Sportske Novosti" gazetasiga bergan suhbatida aytishicha, "jamoa Braziliyaga qarshi ilk uchrashuvida, baribir, salmoqli o‘yin ko‘rsatib, raqiblariga o‘zlari bilan hisoblashishlari lozimligini ko‘rsatib qo‘ygan".

Xorvatiya keyingi bosqichga chiqish uchun "A" guruhida yana Kamerun va Meksikaga qarshi to‘p suradi.

Guruhning Kamerun va Meksika o‘rtasidagi ikkinchi uchrashuvi bugun juma kuni Toshkent vaqti bilan kech soat 21:00 da boshlanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.