AQSh Iroq yuzasidan Eron bilan gaplashishga tayyor

Image copyright AP
Image caption Iroq jangarilari

Vashington Iroqdagi vaziyatni to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron bilan muhokama etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Bu haqda BBCga Amerika mulozimlaridan biri ma‘lum qilgan.

Ayni paytda Amerika Qo‘shma Shtatlari Sunniy jangarilari aftidan Iroq askarlarini qirg‘in qilayotgani tushirilgan tasvirlarni keskin qoralab chiqqan.

Iroq bo‘ylab qator shaharlarni egallab olgan sunniy ekstremistlar o‘z jangarilari iroqlik askarlarni qirib tashlagani namoyon bo‘lgan suratlarni internetga joylashtirgan.

Askarlar birin-ketin olib ketilayotgani, so‘ngra "qatl" oldidan va uning ortidan ariqlarda yotganlari ko‘rinadi.

Iroq armiyasi voizi General-leytenant Qosim al-Mussaviy suratlar haqiqiy ekani va Salohiddin viloyatida olinganini aytdi.

Biroq, suratlarning haqiqiy ekani mustaqil manbalardan tasdiqlanmagan.

Image caption Qirg‘in?

BBCning Iroq shimolidagi muxbiri Jim Myuirning aytishicha, agar suratlar haqiqiy bo‘lib chiqsa, bu 2003 yilda AQSh boshchiligidagi Iroq ishg‘oli boshlanganidan beri eng yirik qirg‘in bo‘ladi.

Suratlar Iroq hukumati Iroq va Shom Islomiy Davlati jangarilariga qarshi amaliyotni boshlaganlarini aytgan bir vaqtda paydo bo‘ldi.

Jangarilar o‘tgan hafta Mosul va Tikrit doxil qator shaharlarni qo‘lga olganlar, biroq undan beri bir necha shaharlar jangarilardan ozod qilindi.

"O‘lim sari eltilgan"

Iroq va Shom Islomiy davlati jangarilari chop qilgan suratlarda Tikritdagi harbiy baza taslim bo‘lgach, aftidan undagi askarlarning taqdiri nima kechgani namoyon bo‘ladi.

Videokadrlarda taslim bo‘lgan Speycher bazasidan bir necha yuz nafar askarlar qayergadir piyoda olib ketilayotgani aytiladi.

Suratlarda esa ko‘p sonli yosh erkaklar yuk mashinalarida olib ketilayotgani aks etgan.

Jangarilarning suratlar ostiga bitgan yozuvlarida askarlar o‘lim sari olib ketilayotgani aytiladi.

Ba‘zi suratlarda jangarilar aftidan tutqun askarlarga qarata o‘q uzayotganilari namoyon bo‘ladi.

Isyonchilar orasida bo‘lgan, biroq Iroq va Shom Islomiy Davlati a‘zosi bo‘lmagan manbaning BBCga aytishicha, Speycher bazasidan kamida 1000 askar qatl qilingan.

Manbaga ko‘ra, jangarilar avvalo askarlarni guruhlarga bo‘lib chiqqanlar: oddiy askarlar ozod qilingan, Shia jangchi guruhlari ko‘ngillilari va hukumatning nufuzli Oltin Brigadasi a‘zolari esa qatl qilinganlar.

Xorijiy ko‘mak

Vashington vaziyatdan havotirda ekanini aytib, Bag‘doddagi elchixonasidagi xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

AQShning USS George HW Bush uchoq tashuvchi kemasi va yana ikki harbiy kema Fors ko‘rfaziga yo‘l olgan, biroq Obama ma‘muriyati o‘z piyoda askarlarini yubormasligini aytgan.

Ayni damda qo‘shni Eron Bag‘dodga bevosita harbiy yordam taklif qilgan, ammo qo‘shinlar yuborganini rad etayapti.

Lekin, xabarlarga ko‘ra, Eronning 130 nafar Inqilob Qo‘riqchilari harbiy tayyorgarliklarni o‘tkazish uchun chaqirilgani aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002