Keniyada o‘nlab insonlar qirg‘in qilingan

Image copyright KTN Kenya
Image caption Hujumdan so‘ng...

Keniya qirg‘og‘idagi shahardagi mehmonxonalar va politsiya binosiga Islomiy jangarilar hujum qilishi ortidan 48 odam halok bo‘lgan.

Mpeketonidagi guvohlar otishmalar bir necha soat davom etgani va binolarga o‘t ketganini aytishgan.

Bu shahar sayyohlar orasida nom chiqargan Lamu oroliga yaqindir.

Keniya o‘z qo‘shinlari 2011 yilda al-Shabab jangarilariga qarshi jang qilish uchun qo‘shni Somaliga bostirib kirganidan beri bir qator hujumlarning sahnasi bo‘ldi.

BBCning poytaxt Nayrobidagi muxbiri Yusuf Dayoning aytishicha, mahalliy aholi soat 20:30da televideniye orqali futbol bo‘yicha Jahon kubogini tomosha qilayotgan vaqtda hujumchilar hamla qilganlar.

Mahalliy yashovchilarga ko‘ra, hujumchilar mikroavtobusni o‘g‘irlashgan va shahar bo‘ylab qator joylarga hujum qilganlar.

Guvohlar yuzlarini niqob bilan qoplagan qurolli kishilar politsiya binosiga portlovchi moddalarni otishgani, so‘ngra binoga kirib qurollarni o‘g‘irlashganini aytishdi.

Al-Shabab ko‘proq hujumlarni tayyorlayotgani haqidagi xabarlar tufayli Keniya qo‘shinlari hushyorlik holatiga keltirilgandi.

AQSh va Britaniya hukumatlari o‘z fuqarolariga Keniya qirg‘oqlariga safar qilmaslikni maslahat bergan.

Mahalliy politsiya rahbari Hamaton Mualiko hujumchilar hozirda yashiringanlari, biroq politsiya ularning ortidan tushganini aytdi.

Qurolli kishilar kim ekani hozircha noma‘lum, lekin Keniya armiyasi voizi Mayor Emmanuel Chirchir hujumchilar aftidan al-Shabab jangarilar ekanini bildirdi.

Al-Shabab hujumlar uchun mas‘uliyatni na o‘z zimmasiga oldi, na buni rad etdi.

Mombasada yashovchi jurnalist Bozo Jenje aksar aholisi nasroniylar bo‘lgan Mpeketoni yo‘llarida jasadlar yotganini aytdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002