Ukraina inqirozi: Moskva Kiyevga gaz ta‘minotini to‘xtatdi

Image copyright AFP

Ukrainaga ko‘ra, Rossiya Kiyevga gaz uzatishni to‘xtatib qo‘ygan. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning yuqori nuqtasidir.

"Ukrainaga gaz nolga tushirildi", deydi Ukraina Energetika vaziri Yuriy Prodan.

Avvalroq, Rossiya davlat shirkati Gazprom Ukraina yirik miqdordagi gaz qarzlarini bir yoqli qilmagan ekan, gaz ta‘minoti uchun haqni oldindan to‘lab qo‘yishi kerakligini aytgandi.

Gazprom Ukrainaga 1.95 milliard dollarlik qarzni to‘lashi uchun soat 06:00ga qadar muhlat bergandi.

Rossiya shirkati Ovro‘poga gaz berishni davom ettirishini aytgan.

Fevral oyi Moskva Qrimni o‘ziga qo‘shib olganidan beri Rossiya-Ukraina munosabatlari tang qolmoqda.

Kiyev Moskvani mamlakat sharqidagi bo‘lginchilarni dastaklashda ayblaydi. Rossiya esa, bu ayblovlarni rad etadi.

"Cheklangan imkoniyatlar"

"Bugun Gazprom Moskva vaqti bilan 10:00dan boshlab, o‘rtadagi mavjud kelishuvga asosan, Naftogaz bilan gaz ta‘minoti uchun oldindan haq to‘lash tizimiga o‘tadi", deyiladi Gazprom shirkati chiqargan bayonotda.

"Bugundan boshlab Ukraina shirkati to‘lagan puli yetadigan hajmda Rossiya tabiiy gazini qabul qiladi".

Bundan bir necha daqiqalar o‘tib-o‘tmay, Gazprom ham, Ukraina davlat shirkati Naftogaz ham bir-birlari ustidan Stokgolm mahkamasiga shikoyat qilishgan.

Gazprom Ukraina bo‘ylab gaz ta‘minoti bilan shug‘ullanuvchi Naftogazdan 4.5 milliard undirishni ilinjida. Ayni paytda Naftogaz 2010 yildan beri gazga ortiqcha pul to‘lagani uchun 6 milliard dollar istamoqda.

Mazkur holat Ukraina, Rossiya va Ovro‘po Ittifoqi o‘rtasida inqirozni bartaraf etishga qaratilgan muzokaralar ortidan kuzatilmoqda.

"Biz kelishuvga erishmadik. Qayta uchrashish imkonlari esa, juda oz", deb aytgan Gazprom voizi Sergey Kuprianov Kiyevda haftaning dam olish kunlari yakun topgan muzokaralar ortidan.

Ammo, yig‘inda ishtirok etgan Ovro‘po Ittifoqi Energetika bo‘yicha komissari Gyunter Ettinger bitim yuzasidan u "tushkun emas"ligini bildirgan.

U kelishuvga erishish yo‘lida ishlashda davom etishini aytgan. Biroq, janob Ettingerning Kiyev dushanba kuni 1 milliard dollarni to‘lab, qolganini bo‘lib-bo‘lib to‘lashiga oid taklifi Gazprom tomonidan rad etilgan.

Shuningdek, rasmiy Ukraina Ovro‘po Ittifoqiga gaz tranziti bo‘yicha majburiyatlariga sodiq qolishi, Rossiya esa, Ovro‘poga gaz yetkazish va‘dalarini bajarishiga ishonishini aytgan.

Dushanba kuni Gazprom ovro‘polik iste‘molchilarga "to‘la hajmda" gaz yetkazishini davom ettirishini va gaz tranzitini ta‘minlash Ukrainaning mas‘uliyatini ekanini ta‘kidlagan.

Ammo, muxbirlar Ovro‘po Ittifoqi beta‘sir qolmasligini aytishadi.

Ovro‘po Ittifoqi gaz ta‘minotining 15%i Ukraina quvurlaridan o‘tadigan Rossiya gazi tashkil qiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002