UzWebiston: O‘zbek yozuvchisi "T" harfini ishlatib to‘rtta roman yozdi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yozuvchi Shukur Jabborning "T" harfini ishlatib, to‘rtta roman yozgan Temurbek To‘raboyev haqidagi fikrlari ko‘pchilikning e‘tiborini tortgan.

"Shov-shuv ko‘tarsam arziydi", deydi Shukur Jabbor.

"Yaqinda o‘zining 60 yoshli yubileyini nishonlagan Temurbek To‘raboyev degan yozuvchi bor. Shu inson bitta "T" harfini ishlatib to‘rtta roman yozayapti. Trilogiya emas tetralogiya yozayapti! Nobelga ilinmasayam, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritsa bo‘ladigan natija! Tilimizning imkoniyatini qarang! Bir kuni bir narsani ifodalashda "t" harfi bilan bog‘liq so‘zni topolmay ikki oy yozishdan to‘xtab qolganini aytdilar. O‘sha so‘z "Kechasi osmonga oy chiqdi" degan so‘zni "t" bilan ifodalash ekan. Va nihoyat topibdilar: "Tun tumor taqdi". Qarang, hatto badiiy ifolanib ketgan va chiroyli chiqqan", deb yozadi muallif.

Shukur Jabbor o‘z sahifasida adabiyotshunos olim Suyun Karimovning Temurbek To‘raboyev asari haqidagi maqolasini ilova qilgan.

Professorning so‘zlariga ko‘ra, yozuvchi asarida "t" bilan boshlanuvchi so‘z ishlatib, o‘zbek tilining imkoniyatlaridan foydalana olgan.

Uning keltirishicha, romanda 1571 ta so‘z 6166 so‘z shaklda 15146 marta qo‘llanilgan.

"O‘zbek tilining izohli lug‘ati besh jildligini olib qarsak, unda "t" tovushi bilan boshlanuvchi 2684 ta so‘zga duch keldik. Bu yerda gap so‘zlar nisbatining teng kelgan-kelmaganligida emas. Muallif ona tilimizagi "t" bilan boshlanuvchi lug‘atdagi barcha so‘zlardan foydalanmagani aniq. Aslida, bu muallifning vazifasiga kirmaydi ham. Unda gap nimada? Gap muallifning mavjud so‘zlardan qanday foydalanganligida, ularning badiiy-estetik imkoniyatlarini qay darajada yuzaga chiqara olganligida. Ayni paytda, "izohli lug‘at"da uchramagan so‘zlarni qadimgi tilimizdan, shevalarimizdan olib, ularni badiiyat maydoniga dadil olib kirganligida va ularga ham ma‘lum ma‘noda badiiy-estetik vazifa yuklay olganligida", deb yozadi Suyun Karimov.

Image caption Yozuvchi asarida t harfi bilan boshlangan 1571 ta so‘zni 15146 marta ishlatgan

Maqolada asardagi so‘zlardan namunalar keltirilgan va ular orqali muallif o‘rni bilan so‘zlarga yangi ma‘no yuklashi aytiladi:

"Tepalayotgan to‘pni tutolmasligini tushungan to‘ptutar to‘pni tutishga tutinmadi. Tili-tiliga tinmay tushuntirardi, tili tili-la tillashardi. Tugunni tushuraverdi…Tutamlari tugunni tutolmadi. To‘xtabuning tutamidan tushgan tugun tumaladi. To‘xtabu tugunni tutishga tutinmadi" kabi.

Biroq ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan izohlarning hammasi ham professorning fikrlarini quvvatlamaydi. To‘rabekovning yangi asar haqida turlicha izohlarni o‘qish mumkin.

Abdulaziz Muborak "Temur Turaboyevning turuniga tasanno", deb izoh qoldirgan.

Umid Xolliyev esa, "Men qumdan haykal yasashni o‘rgandim debdi 5-kishi. Umringni shamolga soviribsan javob qaytaribdi donishmand. "Teoremaga" bag‘ishlangan madhiyaga ham bundan ortiq baho berib bo‘lmaydi", degan fikrda.

"Turkiy tilimiz jahonga dovrug‘ solsa yaxshi-ku!"-deya tanqidchilarga e‘tiroz bildiradi Shukur Jabborning o‘zi.

Muhammad Madrahimovning yozishicha, yozuvchining ushbu mehnati umrni sovurishga teng.

"Bir odam yetti yil umrini sarflab ignani teshigidan ipni otib o‘tkazishni mashq qilibdi. Podshohni oldida ushbu hunarini namoyish qilibdi. Podshoh unga bir tovoq tilla berishni hamda sakson darra urishni amr etibdi. "nega bunday hukm qildingiz" deya so‘rabdilar. "Tillani mahorati uchun berdim, sakson darra jazoni esa shuncha umrini behuda sarflagani uchun amr etdim" deya javob beribdi shoh", deydi u.

Talant Bekning ham aytganlari shu mazmunda ekan:"...o'zining tengsiz mahoratini ro'yobga chiqaribdi-yu, o'zbek tilini rasvo qilibdi... tabarruklandidan tiynatlandigacha..."

Ushbu tanqidiy fikrlarga javoban Barno Isakova "Tillodek topganini tuproqqa tenglashtirib, Temurbek To‘raboyevni torintirdinglaruuu", deya so‘z o‘yini qiladi.

Ba‘zi o‘quvchilar asarni uncha tushunmaganlarini, qiyinchilik bilan ozginasini o‘qiganlarini yozganlar.

Shukur Jabbor asar yozishni bola tug‘ishga o‘xshatadi. Kim kimga yo nimaga homila bo‘lishini kim bilardi?-deydi u.

Behzod Qobulovga ko‘ra, bu shov-shuv emas, ko‘proq mish-mishga o‘xshaydi.

Olima Nabieva: "Bu shov-shuvli yozuvchining mazkur asarini googledan izladim, topilmadi. Qayerdan olib o‘qish mumkin?-deya so‘raydi.

Shuningdek, aytilganidek, asarni Nobel yo Ginnesga tavsiya etish uchun, uni ingliz tiliga, hech bo‘lmasa, 1-2 abzatsini tarjima qilish kerakligi ham tavsiya etiladi.

Kurbanay Kemal :Men bu romanni uqimadim. Mualifini ismi-shariflarini birinchi marotaba eshitayapman. Tanimagan, bilmagan bir yozuvchim Temurbek Turaboyev taqsinga loyiq ish qilibdi. Turkiy tilning boyliklarini bir asarda jamlash har kimning ham qulidan keladigan ish", kabi fikrlarni o‘qish mumkin.

Temurbek To‘raboyevning asarlari haqida ayni paytda boshqa adabiy saytlarda hozircha munosabatlar kuzatilmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002