Gaz va suv ustida tortishayotgan davlatlarni kim murosaga soladi?

Qirg‘iziston matbuotining xabar qilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo Yagona Energetika tizimidan chiqib ketish bilan yana bir bor tahdid qilgan.

Aytilishicha bu kabi tahdid Qirg‘iz rasmiylarining O‘zbekistonni suv bilan ta‘minlaydigan kanalni ta‘mirlash uchun yopamiz, degan bayonotlaridan so‘ng yangramoqda.

Ayrim Qirg‘iz siyosatchilari aprel oyi o‘rtalarida gaz bermayotgani uchun O‘zbekistonga suvni tuxtataylik, degan bayonotlar bilan chiqishgandi.

Ammo Qirg‘iziston hukumati bu taklifni rad etgan.

Ayni paytda Tojikistonda O‘zbekistonni o‘z ichiga olmagan, alohida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston doxil yagona elektr tizimini barpo etish haqida bayonotlar ham yangramoqda.

Mintaqadagi qo‘shni davlatlar O‘zbekistonni gaz va elektrdan siyosiy bosim vositalari sifatida foydalanishda ko‘p yillardan beri ayblab kelishadi.

Markaziy Osiyo Yagona Energetika tizimi Sho‘rolar davrida mintaqani elektr energiyasi bilan bir maromda ta‘minlash va suv ayriboshlash muammosini yechish maqsadida tuzilgandi.

Bundan avval ham O‘zbekiston bir necha bor ushbu tizimda boshqa ishtirok etmasligi haqida aytgandi.

Yagona Energetika Tizimi yuzasidan o‘zaro tanqidu-ayblovlar takror-takror yangrayotgan manzarada mavjud muammolarni qanday hal qilish mumkin?

Iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayevning aytishicha, Sho‘rolar qulaganidan so‘ng ham bir necha yil mobaynida ushbu yagona tizimni saqlab qolish istagi qator davlatlarda bor edi.

"Lekin afsuski, mintaqada integratsion jarayonlar ilgari siljimadi", deydi tahlilchi.

Mintaqadagi davlatlar manfaatlarining bir-biriga zid kelishi mavjud muammolarni yechish yo‘lida asosiy to‘siqlardan biridir.

Tahlilchiga ko‘ra, bu kabi vaziyatda mamlakatlararo muammo va masalalarni yechishda vositachilik qiluvchi uchinchi bir davlat yoki tashkilot kerak.

Lekin ikki tomonlama munosabatlar asosida qurilgan aloqalarni afzal bilib O‘zbekiston bu kabi umumlashtiruvchi tashkilotlarga a‘zo bo‘lib kirishga qarshidir.

"Bu kabi uyushma yo‘q ekan bir masala ustida kelisha olmay turgan davlat kimga murojaat qilishi kerak? Bu juda mushkul holat", deydi iqtisodchi Saparboy Jubayev.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002