Ukraina otashkesimga rozi

Image copyright AP
Image caption Vladimir Putin va Pyotr Poroshenko muloqotlari oson kechadigan emas

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko telefon orqali Vladimir Putin bilan gaplashishi ortidan bir tarafalma bo‘lsa ham otashkesimga tayyor ekanligini aytib chiqmoqda.

Suhbat tafsilotlari aniq emas. Ammo mavzusi - Ukraina sharqida qurolli bo‘lginchilik harakatlarini olib borayotgan rossiyaparast kuchlar va Kiyev o‘rtasidagi inqirozga barham berish edi.

"Interfaks-Ukraina" xabar agentligiga ko‘ra, Pyotr Poroshenko otashkesim ortidan tezda tinchlik rejasi ishlab chiqilishini istayapti.

Kiyevda jurnalistlarga qarata gapirgan Ukraina prezidenti rossiyalik "missionerlar" chiqib ketishi uchun "qisqa fursatli" otashkesim o‘rnatilishini ma‘lum qilgan.

Biroq bu jarayon qachon boshlanishi noma‘lum. Ukraina prezidenti voiziga ko‘ra, otashkesim "bir necha soat va yo bir necha kun ichida" e‘lon qilinishi mumkin.

Ukrainadan ajralib chiqishni istayotgan rus bo‘lginchilari mamlakat sharqida qurolli nizolarga kirishishgan. To‘qnashuvlar oqibatida harbiylar, jurnalistlar va tinch fuqarolar ham qurbon bo‘lishmoqda.

G‘arb va Kiyevdagi hukumat bu urush uchun Rossiyani ayblab, Moskva rus jangarilariga yordam bermoqda, deyishadi.

Biroq Kreml o‘z o‘rnida Kiyevdagi hukumatni fashizmni yoyish va rus millatiga mansub aholi haq-huquqlarini muntazam kamsitib kelishda ayblaydi.

Ukraina janubi va sharqida rus millati vakillari jips yashashadi.

Bahordagi referendum ortidan esa Rossiya Qrimni qo‘shib olgandi.

Buning ortidan janubiy, ayniqsa, sharqiy Ukrainada yashovchi ruslar orasida bo‘lginchilik kayfiyatlari o‘ta kuchaygan.

Lekin Kiyevning ishonishicha, Ukrainaning Ovro‘poga to‘liq integratsiyalashuvini istamaydimgan Kreml bu mamlakatdagi rus bo‘lginchilarini har taraflama qo‘llashda davom etmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002