Olmoniyada xorijiylarga qarshi hujumlar ortgan

Image copyright none
Image caption Milliy Demokratik Partiyaning endi Ovro‘po parlamentida vakili bor

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2013 yil Olmoniyada xorijiylarga qarshi hujumlar beshdan bir qismga ortgan. Ayni paytda Islomiy guruhlar tahdidi ham o‘sib borayotgani aytiladi.

Ichki ishlar vaziri Tomas do Mayzeyrning Berlindagi muxbirlarga aytishicha, aksil-xorijiy hujumlar 2012 yil bilan solishtirganda 20.4% ko‘tarilgan. Ya‘ni, 2012 yil 393ta hodisa kuzatilgan bo‘lsa, bir yil o‘tib, bu raqam 473taga chiqqan.

Avvalroq, ekstremistlar siyosiy boshpana so‘rash huquqidan suiste‘mol qilayotgani yuzasidan xavotirlar bildirilgandi.

Vazirga ko‘ra, Olmoniyadan 270dan ortiq Islomiy ekstremist Suriyaga jo‘nab ketgan.

"2014 yil boshlaridan 270dan ortiq olmon islomchilari yoki olmoniyalik islomchilar Suriyaga janglarda ishtirok etish va yo dastak uchun ketishgan. Qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin, Assad tuzumiga qarshilik hali nihoya topmaydigan trend", deydi Tomas do Mayzeyr.

Ichki josuslik xizmati mamlakatdagi radikalizm hollari bo‘yicha hisobot chiqargan. Unda aytilishicha, o‘ng-qanot ekstemistlari soni kam bo‘lsa-da, (22,150dan 21,500ga) tushgan. Zo‘ravonlikka shay o‘ng-qanotchilar esa, 9,600 nafarligicha qolgan.

O‘tgan yil Olmoniyadagi Islomiy ekstremistlarga oid raqamlar 42,550dan 43,190ga chiqqani qayd qilingan. Chap-qanot ekstremistlari soni 29,700dan 28,500ga tushgan.

'Qo‘rqitish va yomonotliq qilish'

Ovro‘po Ittifoqidagi eng badavlat va aholisi ko‘p mamlakat Olmoniyada muhojirlar soni 2013 yil 18 foizga ortgan. Bu 20 yil asnosida eng yuqori ko‘rsatkich deya qayd qilinadi.

Muhojirlarning aksarini ovrohudud - Italiya va Ispaniya kabi mamlakatlar, shuningdek, Sharqiy Ovro‘podan kelganlar tashkil qilgan.

O‘tgan hafta Olmoniya yana suriyalik qochqinlarni qabul qilish bilan ularning sonini ikki baravarga ortishi va 20,000 yetishi mumkinligini aytgandi.

Vazir do Mayzeyr esa: "O‘ng-qanotchilar muntazam ravishda xorijiylar muhitini zaharlashga urinishlari meni xavotirga soladi. Ular boshpana so‘rovchilarni yomonotliq qilish va ularga qarshi qo‘rquv uyg‘otishga harakat qiladilar", deydi.

Olmoniya o‘ng qanot ekstremistlarni natsistlar ramzlarini taqiqlashga oid qonunlar bilan bostirish harakatida.

O‘ng qanotdagi Milliy Demokratik Partiyaning o‘tgan oygi muvaffaqiyati barchani hayratga soldi. Partiya rahbari o‘rinbosari Ovro‘po Parlamentiga saylandi.

'Halokatli xatar'

Islomchilar tahdidi Ovro‘po g‘arbidagi Britaniya va Fransa kabi boshqa davlatlarni ham xavotirga soladi.

Olmoniya Ichki ishlar vaziri Bryusseldagi yahudiylar muzeyiga qilingan halokatli hujumni Suriyadan qaytayotgan jangarilar xavfiga misol qilib ko‘rsatadi. O‘shanda 4 inson otib o‘ldirilgandi.

Hujumda gumon qilingan 29 yoli Frantsiya fuqarosi Mehdi Nemmusha hibsda qolmoqda. Prokurorlarning aytishlaricha, gumondor Suriyada bir yildan ortiq bo‘lgan va radikal islomchilar bilan aloqasi bor. U videoyozuvda o‘zi qo‘l urgan qotillikka iqror bo‘lgan.

"Ovro‘po, jumladan Olmoniyada mavhum xatar aniq, halokatli tusga kirgan", deya qo‘shimcha qiladi Olmoniya Ichki ishlar vaziri.

Hisobotda qo‘shimcha qilinishicha, chap-qanot esktremistlar tomonidan amalga oshirilgan zo‘ravonliklar o‘tgan yilga qaraganda 26 foizga ortgan.

Chap-qanotdagilarni politsiyaga hujumlari 34 foiz, ularning o‘ng-qanot guruhlarga qarshi zo‘ravonliklari qariyb 40 foiz o‘sgan.

"Biz zo‘ravonlik amallarini ortganini qabul qila olmaymiz va ularga qarshi barcha konstitutsion choralarni ko‘ramiz", deb aytgan vazir.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002