Karimov "Ovrosiyo tashabbusi"ni qo‘llab-quvvatladi

Image caption Janob Karimov Pak xonimga Samarqandni ko‘rsatgan

Prezident Islom Karimov Janubiy Koreyaning "Ovrosiyo tashabbusi"ni qo‘llab-quvvatlagan.

Janob Karimov bu haqda Janubiy Koreya Prezidenti Pak Kin Xe bilan Toshkentdagi qo‘shma matbuot anjumanida e‘lon qilgan.

"Men fursatdan foydalanib,shuni ta‘kidlashni istardimki, O‘zbekiston yaqinda Koreya Respublikasi Prezidentining Drezdendagi nutqi chog‘ida ilgari surgan Ovrosiyo tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi",- deb aytgan Prezident Karimov O‘zbekiston davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan matbuot anjumanida.

O‘tgan yil oktyabrida e‘lon qilingan tashabbus Ovrosiyo mintaqasidagi davlatlar o‘rtasida ko‘proq logistika va energetika infratuzilmalarini tashkil qilish va savdoni erkinlashtirish orqali Ovro‘po Ittifoqiga o‘xshash yirik umumiy bozorni yaratishni nazarda tutadi.

Tahlilchilarga ko‘ra,shu yo‘l bilan sharqdagi Janubiy Koreya qadimiy Ipak Yo‘liga qo‘shilishga umid qilmoqda.

Prezident Islom Karimov o‘tgan oy Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida tuzilgan Ovrosiyo Ittifoqi a‘zo davlatlar mustaqilligiga tahdid solishini aytgan.

Putinning Ovrosiyo Ittifoqi g‘oyasiga avval-boshdan qarshi chiqqan Prezident Islom Karimov 2011 yilda Sovet Ittifoqining qulashini "tabiiy va qonuniy jarayon" deb atagan.

O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan muhim iqtisodiy aloqalarga ega.

Janubiy Koreya Prezidentining O‘zbekistonga safari chog‘ida ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati 350 million dollarga teng iqtisodiy va sadvo bitimlari imzolangani ma‘lum qilingan.

Pak Kin Xe Ovrosiyo loyihasini qo‘shni Qozog‘iston rahbari Nazarboyev va Turkmaniston Prezidenti Berdimuhammedovlar bilan ham muhokama qilishi aytilgan.

Koreya matbuoti mintaqaga ilk bor safar qilayotgan Pak xonim Markaziy Osiyo rahbarlari bilan "Ovrosiyo Tashabbusi" ning tamal toshini qo‘yishga harakat qilishi haqida yozgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002