Dushanbe josuslikda gumonlangan tadqiqotchi haqida ma‘lumot bermayapti

Tadqiqotchining qayerdaligi noma‘lum qolmoqda
Image caption Tadqiqotchining qayerdaligi noma‘lum qolmoqda

Amerikaning Freedom House inson haqlari tashkiloti rasmiy Dushanbedan tojikistonlik tadqiqotchi Aleksandr Sodiqovning qayerda ushlab turilgani borasida ma‘lumot berishni talab qilgan.

Britaniyadagi Ekzeter (Exeter) universiteti tadqiqotchisi Aleksandr Sodiqov Tojikiston maxsus xizmatlari tomonidan uch kun muqaddam josuslikda gumon qilinib, hibsga olingandi.

Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi chiqargan bayonotda aytilishicha, mintaqaviy muammo va mojarolar sohasida tadqiqot olib borayotgan Aleksandr Sodiqov xorijiy davlat ko‘rsatmasi va moliyaviy yordamida ushbu amalga qo‘l urgan.

Biroq uning qaysi mamlakat manfaatiga josuslik qilgani bayonotda ochiqlanmagan.

Bi-bi-si tojikistonlik tadqiqotchi va blogger Aleksandr Sodiqovning ilmiy rahbari Jon Hezershou (John Heathershow) bilan bog‘lanib undan shogirdining taqdiri haqida so‘ragan.

Jon Hezershou: Men Aleksandrning Badaxshon viloyat televizioni orqali ko‘rsatilgani haqida eshitdim. Televiziondagi lavha jiddiy tahrir qilingan. Lavhada u xorg‘in va aftidan gapirishga majburlangandek namoyon bo‘lgan. Biz Aleksandr hibsga olinganidan buyon qayerda va qanday sharoitlarda ushlab turilgani haqida biror gap eshitganimiz yo‘q. Aleksandrning o‘zi bilan ham aloqaga chiqish imkoni bo‘lmadi.

Image caption Jon Hezershou: Aleksandr Sodiqov tadqiqotchidir!

Bi-bi-si: Bizga avvaliga Aleksandrning ozod qilingani haqida xabarlar keldi, lekin bu xabarlar keyinchalik noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Sizda uning qayerda ushlab turilgani borasida biror ma‘lumot bormi?

Jon Hezershou: Bilmayman. Biz turli mish-mishlarni eshitdik, ammo uning qayerdaligi haqida rasmiy bayonot chiqarilgani yo‘q. Bilishimizcha, u hozirga qadar advokat bilan uchrasha olmagan. Biz unga advokat berilishi shart, deb hisoblaymiz. Men Tojikiston prezidentining maslahatchisi, Xayrulloyev janoblari "Aleksandr Badaxshonda ilmiy tadqiqot olib borganiga ishonaman", deb aytganini eshitdim. Bu to‘g‘ri gap. Men hukumatni tergovni tugatib, uning ilmiy tadqiqotchi ekani va u hech qanday siyosiy faoliyatda bo‘lmagani haqida xulosa chiqarishga chaqirgan bo‘lardim.

Bi-bi-si: Siz ham Tojikistonga borgan ekansiz. U yerda nima qildingiz?

Jon Hezershou: Men "Markaziy Osiyoda paydo bo‘layotgan kuchlar va mojarolarni bartaraf etish" nomli ilmiy loyiham yuzasidan tadqiqotlar olib borish uchun Aleksandr bilan birga Tojikistonga borgandim. Bu ilmiy ish Britaniyadagi Ilmiy Tadqiqotlar Kengashi tomonidan loyihalangan. Biz Tog‘li Badaxshonda vaziyatni o‘rganayotgan edik. Bu ish Badaxshonda yaqinda yuz bergan mojaroni bartaraf etishda davlat va fuqaroviy jamiyat faollari ishtiroki mavzusi atrofida edi. Biz mojaro qanday yuz bergani haqida ma‘lumot to‘plash uchun jamoat arboblari bilan uchrashishimiz kerak edi. Aleksandr hibsga olingan payti faol Olim Sherzamonov bilan uchrashayotgan bo‘lgan.

Bi-bi-si: Tojikiston maxsus xizmatlarining da‘volariga Tojikistondagi Britaniya elchixonasining munosabati qanday bo‘ldi?

Jon Hezershou: Men Britaniya elchiligi o‘rniga gapira olmayman. Chunki men tadqiqotchi olimman. Britaniya elchixonasi fikrini bilmoqchi bo‘lsangiz, ularning o‘zi bilan gaplashishingiz kerak. Ilmiy loyihamizning Britaniya elchixonasiga aloqasi yo‘q. Ekzeter universiteti loyihasiga Britaniya hukumati aloqador emas. Britaniya elchixonasia menga Britaniya fuqarosi sifatida yordam berdi, ammo bizning loyihamizni moliyalagani yo‘q.

Bi-bi-si: Ammo Aleksandr Sodiqovni ozodlikka chiqarish uchun Britaniya hukumati harakat qilayaptimi?

Jon Hezershou: Britaniya hukumati bu masalaga aralashgani yo‘q. Chunki Aleksandr Britaniya fuqarosi emas.

Bi-bi-si: Shu oy boshida bir guruh ayollar Britaniya elchixonasi binosi o‘ngida namoyish o‘tkazishgandi. Bu hodisa va Aleksandrning hibsga olinishi o‘rtasida aloqa bormi?

Jon Hezershou:Men mazkur hodisa yoki uning Aleksandrning hibsga olinishiga aloqasi borasida hech narsa bilmayman.

Bi-bi-si:Sizning nazaringizda Aleksandrning hibsga olinishi nima uchun katta muammoga aylandi?

Jon Hezershou: Bilmayman. Bu menga qorong‘u. Men o‘xshash tadqiqotlarni Tojikistonda o‘n bir yildan buyon o‘tkazib kelaman va hozirgacha biron marta bo‘lsin bunday muammoga duch kelmagandim. Bu ilmiy ish va uning kimgadir ziyon yetkazishini tasavvur ham qila olmayman. Aleksandr qilayotgan ishning hech qanday sirli joyi yo‘q edi va biz hech narsani yashirganimiz yo‘q. Men Badaxshonda vaziyat hozir ancha tangligini bilaman. Lekin biz siyosatga aralashganimiz yo‘q. Biz jamoatchilik fikrini o‘rganayotgandik va uning nima uchun qandaydir siyosiy faoliyat yuritganlikda gumon qilinayotganini tushuna olmayman.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002