Xitoy: hujumlar ko‘payishiga Internet sababchi

Image copyright AP

Xitoy Internetga qarshi yangi kampaniya boshlagan.

Bundan ko‘zlangan maqsad, davlat matbuotiga ko‘ra, Internetdagi terror va zo‘ravonlikni targ‘ib qiladigan sahifalarga to‘siq qo‘yishdir.

Xitoy Davlat Internet Axboroti idorasi bayonotida aytilishicha, "terror video va audio mahsulotlar hozirgi paytda terrorchilik faoliyatiga gijgijlayotgan eng asosiy fitnachi bo‘lmoqda".

"Ularning aksari portlovchi moddalarni yasashni onlayn saboqlardan o‘rganganlar. Portlovchi moddalarni yasash va jihodni targ‘ib qilish borasidagi o‘zaro tajribalarini chatlar, tekst-xabarlar va noqonuniy ibodat saytlarida bo‘lashganlar", deyiladi Xitoy Internet idorasi bayonotida.

"Jihod, terrorizm va diniy ekstremizmni targ‘ib qiladigan materiallar Xitoyda muntazam tarqatib kelingan. Ular kuchli gijgijlovchi va haddan ziyod shikast yetkazadigan ta‘sirga ega bo‘lgan", deyiladi Xitoyning davlat nazoratidagi Sinxua agentligi tarqatgan Internet idorasining yangi hujjatida.

Sinxua axborot agentligining xabar qilishicha, yangi kampaniya bilan hukumat xorijda tayyorlangan terrorga aloqador materiallarning Xitoy hududida tarqalishini to‘xtatish, shunday mazmundagi axborotni Internetdan olib tashlash va bu boradagi qoidalarni buzgan veb-saytlarni jazolashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Internet shirkatlari "mas‘uliyatli" bo‘lishlari talab qilinadi.

Xitoy shundoq ham dunyodagi Internetni eng qattiq nazorat qiladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Pekin "internet hujumlarga ruhlantirdi", deganda oxirgi uch oydagi zo‘ravonliklarni nazarda tutgan.

Mart oyida Kunmin temir yo‘l vokzalida 29 kishi pichoqlab o‘ldirilgan edi.

Aprel oyi oxirida Xitoy Prezidenti Shi Jinpinning Shinjon Uyg‘uristoniga safarining oxirgi kunida Urumchi vokzalida portlash ro‘y bergan, rasmiylar ushbu hujumda Uyg‘ur millatiga mansub xudkush hujumchilarni ayblagan.

23-may kuni Urumchidagi ko‘cha bozorida xudkushlik hujumining 39 inson umriga zomin bo‘lgani xabar qilingan.

Xitoy "Internetni terrorga bog‘liq Internet mazmundan tozalash" deganda Sharqiy Turkiston Islomiy harakati materiallarini nazarda tutadi.

Xorijdagi uyg‘ur jangarilari Internetda o‘z materiallarini e‘lon qilib boradi.

Muhojirotdagi uyg‘ur guruhlari esa Shinjon Uyg‘uristonida hukumatga qarshi zo‘ravonliklar kuchayishining asosiy sababi Xitoy hukumatining musulmon uyg‘urlarning dini, madaniyati va urf-odatlariga kuchaytirayotgan tajovuzida, deyishadi.