Prezident Atamboyev O‘zbekistondan "yalinib gaz so‘ramoqchi emas"

Image copyright AFP

O‘shga borgan Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning aytishicha, O‘zbekiston aprel oyi o‘rtasida to‘xtatgan Qirg‘iziston janubiga tabiiy gaz uzatishni qayta tiklamoqchi emas.

Prezident Atamboyev so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston gaz ta‘minotini tiklash evaziga Qirg‘iziston oldiga bajarib bo‘lmas shartlar qo‘ymoqda.

"Ular bizning Cho‘ng‘-Oloy vodiysidan o‘tadigan Turkmaniston-Qirg‘iziston-Xitoy gaz quvuriga ulanmasligimizni talab qilishayapti. O‘zbekiston mamlakat janubiga gaz ta‘minotini qayta tiklamoqchi emas", deya Prezident Atamboyevdan iqtibos keltirgan "Vecherniy Bishkek" ro‘znomasi.

"Qirg‘iziston qo‘shnilaridan gaz berishni so‘rab yalinmaydi. Men "Gazprom"dan gaz inqirozidan chiqish yo‘lini topishni so‘radim. Rossiya shirkati Qozog‘istonning Talas viloyatidan mamlakat janubiga gaz quvuri tortib keltiradi", deb aytgan Prezident Atamboyev.

Qirg‘iziston prezidenti O‘sh shahri aholisiga davlat hisobidan suyultirilgan gaz balonlari yetkazib berilishi haqida aytgan.

Janob Atamboyev suyultirilgan gazni ham Rossiyadan olish niyatida.

Qirg‘iziston janubi ikki oydan buyon gazdan butunlay uzilgan.

O‘zbekiston joriy yilning 14 aprelidan boshlab qo‘shni Qirg‘izistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ygan.

O‘zbek tomonining bunday qadamiga Rossiyaning "Gazprom" shirkati aprel oyi boshida "Qirg‘izgaz" ochiq hissadorlik jamiyatini ramziy 1 dollarga sotib olishi sabab bo‘lgani aytiladi.

Qirg‘iz rasmiylari O‘zbekiston bu masalada o‘z qo‘shnisi bilan muloqot qilishni istamayotganidan shikoyat qilishgan.

Ammo 19 iyun kuni Bishkek va Toshkentdagi manba‘larning Bi-bi-siga tasdiqlashlaricha, gaz borasidagi rasmiy muzokaralar boshlangan, biroq hozircha hech qanday siljish yo‘q.

Qirg‘iz matbuotining xabar qilishicha, O‘zbekiston O‘shga gaz ta‘minotini qayta tiklash uchun So‘x anklaviga yo‘lak ochib berishni ham talab qilgan.

Ammo rasmiy Toshkent bu kabi talab ilgari surilganini tasdiqlamagan.

Qirg‘izistondagi ayrim nashrlar O‘zbekiston bunga qo‘shimcha rasmiy Bishkekdan Norin GESi qurilishi yuzasidan xalqaro ekspertiza o‘tkazish talabini ham gaz masalasiga bog‘layotgani haqida yozishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02