Islom Karimov nevarasi: "Bobomni kimdir boshqarayapti"

Image copyright BBC World Service

Rossiyaning REN TV telekanalida namoyish qilingan ko‘rsatuvda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning nevarasi Islom Karimov o‘zi va onasi prezidentning oilasidan qanday chetlatib qo‘yilgani va onasi yuz tutayotgan muammolar haqida so‘zlab bergan.

Bu O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich nevarasi - 22 yoshli Islom Karimovning ilk intervьyusidir. REN TV boshlovchisiga ko‘ra, prezidentning nevarasi o‘zi ularga suhbat taklifi bilan chiqqan, biroq nima uchun uning Rossiya televideniyesini tanlagani ochiqlanmaydi.

Suhbatni Londonda o‘tkazgan "Nedelya" dasturi boshlovchisi Marianna Maksimovskayaning aytishicha, yosh Islom Karimov hozirda "Oksforddagi universitetlardan birida" ta‘lim olmoqda va o‘qishga tan qo‘riqchilari bilan qatnaydi.

Intervьyu boshida Islom Karimov o‘z onasi Gulnora Karimovani joriy yilning yanvarь oyi oxirlari va fevralь oyi boshlarida ko‘rganini aytadi.

"U bilan aloqam chegaralangan. Ko‘p tafsilotlarni bilmayman. Lekin, aniq bilamanki, uni va singlimni uydan ham, mamlakatdan ham chiqarishmayapti. Singlim hatto bu yerdagi (Britaniyadagi) o‘qishiga qayta olmadi", - deydi u.

Xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimova va uning qizi Imon bir necha oydan beri Toshkentdagi uy hibsida saqlanmoqda. Karimova xonimning O‘zbekistondagi biznes manfaatlariga aloqador qator sheriklari hibsga olingan. Biroq, Gulnora Karimovaga qarshi ayblov e‘lon qilinmagan.

Uning onasiga qarshi rasmiy ayblovlar ilgari surilgani yo surilmagani haqida so‘ralganda: "Yo‘q, buni men qandaydir norasmiy uy hibsi deb atagan bo‘lardim", - deya javob berdi.

Yosh Islom Karimovning suhbat davomida bildirishicha, onasi va bobosi urishib qolishmagan, va uning fikrida, bu ishlar "ko‘proq u bilmagan holda yuz berayapti".

U kim yo nima uchun onasiga qarshi ta‘qiblarni boshlayotganini aniqlamaydi. Gulnora Karimova o‘ziga qarshi ta‘qiblar boshlanganida, qator davlat rasmiylari va O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati rahbari Rustam Inoyatovga qarshi ayblovlar bilan chiqishdan tashqari, o‘z onasi Tatьyana Akbarovna va o‘z singlisi Lola Karimova-Tillayevaga qarshi jiddiy da‘volarni qilgandi.

Yosh Islom Karimov suhbatda bu oilaviy nizoga oydinlik kiritishdan bosh tortdi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Yosh Karimov onasi va singlisi uydan va mamlakatdan chiqarilmayotganini aytadi

"Onam bu odamlarga nisbatan nimalar xis qilayotganini men sharhlay olmayman, lekin, aytishim mumkinki,aloqalarimiz yaxshi emas", - dedi u.

U onasining uy hibsi va tibbiy muolajasini davom ettirish imkoniyatlari cheklanib qolaverar ekan, qandaydir tergov o‘tkazilishi va "bu ishlar ortida kim turgani"ni aniqlash lozim bo‘lishini aytdi.

Lekin, yosh Islom Karimovning aytishicha, onasiga qarshi ta‘qiblar kelgusi yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq.

"Kim yo nima buni boshqarayotgani borasida biz aniq bir xulosa qila olmaymiz, lekin aytish mumkinki, bu odam mamlakatda katta mavqega ega. Bu ishlar ataylab, kelgusi yil saylovlari oldidan muvozanatni buzish uchun qilinmoqda", - dedi u.

Ta‘qiblardan avval Gulnora Karimova O‘zbekiston prezidentining ehtimoliy me‘rosxo‘ri deb ko‘rilardi. Karimova xonimning o‘zi ham prezidentlik kursisiga da‘vo qilishiga ishora qilgan.

"Bobomni kimdir boshqarayapti"

Bobosi o‘z qizi va nevaralari ahvolidan qanchalar xabardor ekani so‘ralganda, yosh Islom Karimov o‘z bobosini kimdir boshqarayotganini aytdi.

"Kimdir onamni, va bobomni chetdan boshqarmoqchi bo‘layapti. Va ularni bir-biriga qarshi qo‘ymoqchi bo‘layapti. Bizning dushmanimiz biz haqimizda bobomga noto‘g‘ri ma‘lumot yetkazgan bo‘lishi mumkin. Agar men u bilan aloqaga kirishga muvaffaq bo‘lsam, yoki u bu ko‘rsatuvni o‘zi ko‘rsa, u o‘ziga yarasha xulosa chiqarib, vaziyatni o‘nglaydi", - dedi u.

Image copyright BBC World Service
Image caption Yosh Karimov o‘z bobosini senyabrdan beri ko‘rmaganini aytadi

U sentyabrь oyidan beri bobosi bilan ko‘risha olmaganini ham bildirdi.

"Shuncha oylar davomida u bilan bog‘lanishga harakat qildim. Sentyabrь, oktyabrь, noyabrь, keyin dekabrga keldi. 22 dekabrь - mening tug‘ilgan kunim. O‘tgan 21 yil davomida hamma tug‘ilgan kunlarimni uning uyida nishonlaganmiz. Uning uyiga kelganimizda, bizni qo‘yishmadi. Qandaydir buyruq bor deyishdi, lekin bu buyruq kimdan ekani va nima bo‘lganini aytishmadi. O‘ylashimcha, uning o‘zi biz u bilan shuncha vaqt davomida bog‘lanishga harakat qilganimizni bilmaydi", - dedi u.

Zaharlash iddaolari

Yosh Islom Karimov onasi bilan birga o‘zi ham o‘z joniga qilingan suiqasd harakatidan omon qolganini da‘vo qildi.

"Bu ikki yilcha avval sodir bo‘ldi. Onamni zo‘rg‘a saqlab qolishdi. Meni kamroq zaharlashgan ekan, va mening organizmim yosh ekani hisobga olinsa, menga uning ta‘siri kamroq bo‘ldi. Lekin, ikkimiz ham muolajadan o‘tdik, men bir yarim yil, onam esa hali ham muolaja olayapti. Oxirgi ma‘lumotlarga ko‘ra, onam shu muolaja uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlarni ololmayapti", - dedi u.

U mamlakat prezidenti zaharlash harakati haqida bilishini va ko‘p xavotir olganini aytdi.

"Moliyaviy muammom yo‘q"

Prezidentning nevarasidan uning dabdabali hayot kechirishi haqidagi da‘volarga munosabati so‘ralgandi, u qattiqqo‘l ona tarbiyasi bilan o‘sganini aytdi.

"Birinchidan, menda hech qanday mashinalar kollektsiyasi bo‘lmagan. Ikkinchidan, mening onam juda qattiqqo‘l odam. Avval buni tushunmasdim, lekin hozir undan juda minnatdorman. Men hech qachon o‘zimni "Oltin yoshlar" avlodi a‘zosi deb hisoblamaganman", - dedi u.

Britaniyada qanday kun kechirayotgani haqida so‘ralganida esa, u moliyaviy muammolarga yuz tutmayotganini bildirdi.

"Moliyaviy jihatdan, onam menga sovg‘a qilgan pul miqdori bor. O‘qish va yashashdan tashqari menda hozir katta xarajatlar yo‘q, shunday ekan menda moliyaviy muammolar yo‘q", - dedi u.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02 - #