Iroq inqirozi: Jangarilar muhim neft inshootini egallashdi

Image copyright Reuters
Image caption Muhim neft inshooti jangarilar nazorati ostida

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Iroq Kurdistoni rahbariyati bilan muzokaralar uchun Irbil shahriga borgan paytda "Iroq va Shom Islomiy davlati(IShID)" jangari guruhi Bayji neftni qayta ishlash zavodini to‘la nazoratlariga olganini e‘lon qilgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 23 iyun kuni Bag‘dodda Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy va boshqa rahbarlar bilan mamlakatdagi vaziyat va bundan keyin ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralarni muhokama qilgan.

Janob Kerri Iroq xavfsizlik kuchlariga AQSh dastagini va‘da qilgan.U Bosh vazir Nuri al-Malikiy, Shia, Sunniy va Kurd rahbarlari bilan muloqotlarda Iroqdagi barcha mazhablar va siyosiy kuchlarni taqdim etadigan hukumat barpo etishga chaqirgan.

Aks holda Iroqning yagona bir davlat sifatida mavjudligi xavf ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Amerika davlat kotibi bilan muzokaralardan keyin Bag‘doddagi siyosiy rahbarlar shu oy oxirigacha barcha taraflarni qamragan hukumat tuzish bo‘yicha "hayotiy muhim" qadam tashlashga va‘da berganlar.

Poytaxt Bag‘doddan shimolda joylashgan Bayji neftni qayta ishlash majmuasini 10 kundan buyon qamalga olib turgan "Iroq va Shom Islomiy davlati(IShID)" Sunniy jangarilar jihodiy guruhi zavodni to‘la nazoratiga olgani haqida xabar tarqatgan.

Guruh so‘zchisi aytishicha, endi zavodni boshqarishni mahalliy qabila vakillariga berishadi va o‘zlari Bag‘dod tomon yurishlarini davom ettirishadi.

BBC muxbiri Jim Muirga ko‘ra, Bayji zavodini qo‘lga kiritish IShID jangarilari hayotiy ahamiyatga ega, chunki endi ular o‘z nazoratlariga olgan hududlarni yoqilg‘i bilan ta‘minlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Iroqdagi yoqilg‘ining uchdan bir qismini Bayji neftni qayta ishlash korxonasi ta‘minlaydi.

Hozirga kelib IShID Iroqning shimoli va g‘arbida katta hududni, jumladan, Suriya va Iordaniya bilan chegaralardan o‘tish nuqtalarini nazorat qilmoqda.

Iroqning ikkinchi yirik shahri Mosul iyun oyi boshida "Iroq va Shom Islomiy davlati" jangarilari qo‘liga o‘tgan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002