Jurnalistlar qamoqdagi Al-Jazira muxbirlarini dastaklab namoyishga chiqishdi

Londonda yuzlab jurnalistlar Misrda "Al-Jazira"ning uch muxbiri yetti yilga qamalganiga norozilik bildirishgan.

Qohiradagi mahkama 23 iyunda Piter Greste, Muhammad Fahmiy va Bahir Muhammadni "Musulmon Birodarlar" manfaatlari uchun yolg‘on xabar tarqatganlikda aybdor deb topgandi.

"Al-Jazira" uchligi qo‘yilgan ayblovlarni rad qilgan va chiqarilgan hukmga qarshi shikoyat bildirishi kutilmoqda.

BBC xodimlari ham bugun boshqa axborot vositalaridagi hamkasblarining norozilik aktsiyasiga qo‘shilib, BBC binosi qarshisida bir daqiqalik sukut norozilik namoyishini o‘tkazganlar.

Aktsiya Misrdagi mahkama qarori chiqarilganiga roppa-rosa 24 soat to‘lgach, bo‘lib o‘tgan.

BBC Yangiliklari direktori Jeyms Xarding butun dunyoda jurnalistlar adolatsiz hukmga qarshi birgalikda qarshi turishlari lozimligini ta‘kidladi.

Janob Xarding Misr Prezidenti Sisiga hukm o‘zgartirilishiga ta‘sir qilishni so‘rab xat yo‘llashlarini aytdi.

Image copyright Reuters

Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi seshanba kuni uning so‘zlari bilan-"mustaqil mahkama tizimi"ga aralashmasligini bildirgan.

Mahkama qaroridan keyin Avstraliya Tashqi Ishlar vaziri Juliya Bishop sudlanganlardan biri Avstraliya fuqarosi Gresteni ozod qilish bo‘yicha Misr hukumati bilan muzokaralar boshlashini ma‘lum qildi.

"Biz Misrning demokratiyaga o‘tayotganini quvvatlaymiz, lekin buning ichiga so‘z va matbuot erkinligi ham kirishi kerak", degan Bishop xonim.

Brisbenda jurnalistlar bilan uchrashgan Grestening otasi so‘zicha, chiqarilgan hukmdan oilasi hamon shok holatida.

"Bu nafaqat bizning oilamiz uchun, balki butun jurnalistika uchun og‘ir paytdir, hukm dunyodagi barcha haqqoniy fikrlovchi insonlar uchun tarsaki hisoblanadi", "Jurnalistika bilan shug‘ullanish jinoyat emas, yoki sizning hammangiz panjara ortida bo‘lishingiz kerak", deb aytgan Grestening otasi.

Vashington jurnalistlarning qamoqqa tashlanishi Misrning demokratik jarayoniga zarba ekanligini uqtirgan.

Image caption Dunyoning boshqa joylari, jumladan Iroqda ham BBC muxbirlari norozilik aktsiyasiga qo‘shilishgan

Ayni paytda qarorgohi Qatarda joylashgan "Al-Jazira" telekanali ag‘darilgan prezident Muhammad Mursiy va uning "Musulmon Birodarlar" harakatini "quvvatlab" bergan xabarlari bois Misrda faoliyati taqiqlangan.

"Al-Jazira" bu ayblovlarni inkor qiladi va xodimlari o‘z ishlarini bajarganlarini aytadi.

Halqaro Amnesti inson haqlari tashkiloti mahkama jarayonini "o‘ch oluvchi yolg‘onchilik", deb atagan va adolatsizlikni to‘xtatishga chaqirgan.

O‘tgan yil 29 dekabr oyida Qohiradagi mehmonxonada o‘tkazilgan reyd chog‘ida uch jurnalist ushlangan va shu paytgacha ular Tora qamoqxonasida saqlab kelinayotgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002