Qrim kimga tegishli?

Image caption Qrim sohilida Rossiya bayrog‘i hilpiramoqda

Moskva Qrim atrofidagi bahslarda qo‘llayotgan iddaolardan biri shunday yangraydi: Qrim azaldan ruslarning yeri bo‘lgan, shuning uchun bu yer bizniki, tamom - vassalom!

Kurrai zaminda qadimgi zamonlardan o‘zlikni saqlab muayyan yerlarda yashab kelayotgan xalqlardan faqat xitoyliklarni atash mumkin.

Qolgan xalqlar esa katta bir qozonda qo‘shilishib qaynagandek yashaganlar. Kimdir qachondadir qayerdandir kelgani, kimnidir ustidan g‘alaba qozongani, kim bilandir qo‘shilib ketgani - bu tarixiy faktlarni aniqlash oson emas.

Masalan, O‘rtarus tekisligining tub aholisi o‘tmishda ugro-fin qabilalardan iborat bo‘lgan. Slavyanlar esa bu yerlarda kelgindilar deb hisoblanadi.

Britan orollarining qadimgi tub aholisini zamonaviy shotlandiyaliklarning ajdodlari- skotlar va piktlar tashkil qilgan. Keyinchalik bu yerlarni keltlar, anglosaksonlar, ulardan so‘ng asli skandinaviyalik bo‘lgan lekin vaqt o‘tishi bilan frantsuzlashib ketgan normanlar bosib olganlar.

Bu endi o‘tgan zamon deb kimdir aytishi mumkin. Lekin o‘tgan vaqtlar muddati qaysi qonunda belgilangan? Yer egaligi ustidan bahslar faqat nazariy mashqlar uchun ma‘qul kelishlari mumkin. Bu kabi nazariyalar asosida real siyosatni qurish odatda yaxshilikka olib kelmaydi.

Bu yer kimniki?

Tarixga boqsak, Qrimga tarixan na ruslar va na ukrainlar da‘vo qilishlari mumkin, bu yerlar azaldan tatarlarniki bo‘lib kelgan. 18-asrning oxirida Rossiya bu yerlarni qurol bilan ishg‘ol qilgan. Rossiyaning bu harakatlari u vaqtda hukm surgan andozalarga to‘g‘ri kelgan bo‘lishi mumkin, biroq hozirgi xalqaro normalarda urush orqali hududlarni qo‘shib olish mutlaq ma‘n etiladi.

Qrimni bosib olish orqali qo‘lga kiritishni Rossiya asrlar bo‘ylab orzu qilgan. 1687 va 1689 yillari knyaz Vasiliy Golitsin va 1735 yili feldmarshal Burxard Minixning Qrimga qilgan yurishlari tarixdan ma‘lum. Minix hattoki Boxchasaroyni vaqtincha egallashga muvaffaq ham bo‘lgan.

Biroq, har qanday harbiy harakatlar Qrimda havoning issiqligi va suv tanqisligi bois mag‘lubiyatga uchragan. Tatarlar cho‘llarda odamlar va otlar uchun suv topish yo‘llarini yaxshi o‘zlashtirishgan, ruslar esa bundan bexabar bo‘lganlar.

Qrimni bo‘ysundirish uchun, avvalambor, flot (dengiz kuchlari) kerak bo‘lgan. Ikkinchidan, Rossiya Qora dengizda Turkiyadan ustunlikni o‘rnatishi kerak edi.

Oxir oqibat, urush harakatlari natijasida, 1774 yili Kuchuk-Kaynarji tinchlik ahdnomasiga binoan, Istanbul yarim orolga nisbatan ega o‘z yarim vassallik oliy huquqidan voz kechishga majbur bo‘lgan. Yetti yil o‘tgach, tashqi dastakdan ayrilgan va quruqlikda hamda dengizda muxosaraga tushgan Qrim xonligi jang qilmay, Rossiya imperiyasi tarkibiga kirishga rozi bo‘lgan.

1787 yili Yekaterina ikkinchi imperator Iosif hamrohligida Qrim bo‘ylab xashamatli "Tavrida safarini" uyushtirgan. Tashrif chog‘ida joylardan birida tantanali kortejga birdaniga qattiq chinqiriqlar bilan qilich o‘ynatib otlarga mingan tatarlar yaqinlasha boshlaganlar. Yekaterina "voy-voy, qo‘rqayapman , bu yovvoyi odamlar bizlarni qo‘lga tushirib, qullikga sotib yuborishadi" deya noz-qarashma qilgan.

Iosif unga qarab "knyaz Potemkin ularga bunday buyruq bergan deb o‘ylamayman", deya kulib javob qaytargan ekan.

Ruslar tomonidan uyushtirilgan bu tomosha yashirin tahdiddek ko‘ringan, ya‘ni "sizlarning tsivilizatsiyalashgan yerlaringizga kerak bo‘lsa biz o‘zimizning yangi qo‘lga kiritgan vahshiy qabilalarimizni qo‘yib yuborishimiz mumkin" degan ma‘no kelib chiqqan.

"Mustamlakachilar" va "qulfurushlar"

Rossiya kuchli ahloqiy omilni ishga solgan. Turli tafsilotlarga ko‘ra, XVI-XVII asrlarda qit‘ani yarimorol bilan bog‘lab turgan Or Qapi (Perekop) dan bosqinchilik oqibatida asir tushgan ikki millliondan besh milliongacha ukrain, polyak va rus tutqunlari o‘tishgan.

Zamonaviy Ukrainaning janubiy-sharqiy hududlariga "Yovvoyi dala" deb nom berilgandi. Bu yerlarning tuprog‘i va iqlimi juda qulay bo‘lgani bilan, u yerda joylashib yashash o‘lim bilan o‘ynashishni anglatardi.

Rus tarixchi Andrey Burovskiyning aytishicha, agar hozirda qrim tatarlari vakili rus millati vakilini "mustamlakachi" deb haqorat qilsa, rus ham butun asos bilan "qulfurush" deya javob qaytarishga haqqi bor.

Biroq, boshqa tarafdan, inqilobdan oldin va keyinchalik sovet tadqiqotchilari keng qo‘llagan nazariyalarga asoslanib, Qrim xonligini qaroqchilar uyasi va tekinxo‘rlar mamlakati deb tasavvur qilish noto‘g‘ridir. Yarim orolda ruslar kelishlaridan oldin ham qishloq xo‘jaligi, ziroatchilik va turli xil hunarlar rivojlangan edi.

Misol uchun, XVII asrda Moskva Qrim qabilalarining rus yerlariga uyushtirgan bosqinlariga chek qo‘yilganidan so‘ng, xonlik yana yuz yil yashab qolgan va uning iqtisodi barbod bo‘lgani yo‘q.

Qrimda ma‘rifatga alohida e‘tibor qaratilgandi. Bog‘chasaroyning eski madrasasi katta darvozasida og‘ir temir zanjir osilgan. Ya‘ni har kim, jumladan xon ham, aql koniga ikki bukilib ta‘zim qilishi kerak edi.

Qrim Rossiya imperiyasi tarkibiga kirganidan so‘ng rus va ukrain kelgindilari ommaviy tarzda ko‘cha boshlaganlar. Ularning aksariyati Rossiyaning Malorosiya guberniyasidan, ayniqsa Chernigovdan ko‘chib o‘tishgan.

Bolsheviklar qirg‘ini

Qrim o‘tgan asrning 1920 yillarida Rossiyada avj olgan fuqarolar urushida katta rol o‘ynagan.

O‘sha vaqtda tor-mor etilgan oq armiya qoldiqlari Shimoliy Qafqozdan yarimorolga chekinganlar. Oq armiyasining rahbarligini general Vrangel o‘z zimmasiga olgan.

Rossiya yaxlitligini saqlab qolish uchun kurashgan oq gvardiya generallaridan farqli o‘laroq Vrangel Qrimda bolsheviklarga qarshi turgan alohida davlat mavjudligini inkor etmagan.

"Qrim oroli" g‘oyasi, aksar tarixchilarning fikricha, amalga oshirilishi mumkin edi. Agar Britaniya xuddi 1949 yili amerikaliklar Chan Kay-shiga Tayvanga qochib, u yerda Xitoyga qarshi hukumat tuzishga imkon berganlaridek, Qora dengizga flotini kiritib, Perekop ustidan nazorat o‘rnatilganda, bu loyiha amalga oshirilishi mumkin edi.

Qrimni zabt etish bilan, kommunistlar keng ko‘lamli qirg‘inni yo‘lga qo‘yishgan. Sudsiz-tergovsiz 80 ming odam otib o‘ldirilgandi o‘sha qonli voqealarda.

Bir paytlar Rossiyaning so‘nggi oq gvardiya kuchlari o‘rnashgan Qrim hozirgi kunda aslida sovetcha kayfiyatlarning posboni bo‘lib chiqmoqda. Turli namoyishlarda moskvaparast faollarning qo‘llarida Rossiyaning bayroqlari bilan birga qizil bayroqlarni ko‘rish mumkin.

Bir qator tarixchilarning keltirishicha, Qrimdan qrim-tatar xalqi surgun qilingach, yarimorolni Rossiya federatsiyasi tarkibida bo‘lgan yahudiylar muxtoriyatiga aylantirish g‘oyasi paydo bo‘lgan.

Har holda bu g‘oya bilan "yahudiylar aksil fashist qo‘mitasi"ga a‘zo bo‘lgan ziyoli odamlar chiqishgan. Ba‘zi ma‘lumotlarga binoan, mazkur g‘oyani V. Molotovning rafiqasi Polina Jemchujina ham qo‘llab quvatlagan.

Stalin bu g‘oyani yoqtirmagani sabab, butun qo‘mita a‘zolarini qirishgan va Jemchujinani GULAGga surgun qilishgan...

Volyuntarizm va huquq

Keyinchalik Qrim aholisining etnik tarkibini asosan ruslar tashkil qilishiga urushdan vayron bo‘lgan Rossiyaning markaziy hududlaridan yollanma ishchilarning olib kelingani sababdir.

1953 yilning noyabrida Nikita Xrushevning Qrimga qilgan safari chog‘ida, rus kelgindilari, uning kuyovi Aleksey Adjubey o‘z xotiralarida keltirishicha, TsK kotibining mashinasini qurshovga olib, turar joylari yo‘qligi, ta‘minot yo‘lga qo‘yilmagani va ular ekishga o‘rgangan kartoshkaning o‘rniga uzumzorlarni parvarish qilishga majbur qilinganlari borasida shikoyat qilishgan.

1960 yillarga qadar Qrim kurortlarida davolanib, arzon va ajoyib mevalarni qo‘msaydigan moskvaliklar va kiyevliklarni uchratish mumkin edi.

G‘arb demokratiyasi andozalariga binoan, Qrimning Ukrainaga o‘tishi juda shubhali bo‘lgan. Bu mavzu borasida na referendum o‘tkazilgan, na parlamentda maxsus sessiyalar bo‘lgan, na ommaviy muhokamaga qo‘yilgan. Biroq u sovet qonunchiligiga va amalda bo‘lgan qonunlarga to‘la mos kelgan.

Bu masalaga qattiq talab qiladigan qonuniyat nuqtai nazaridan yondashilganda, ko‘p hodisalarni, jumladan Oktyabr to‘ntaruvi va yetmish yildan beri sovet hokimiyati mavjudligini qonunga zid bo‘lgan, deb tan olish kerak.

Xalq irodasi

Hozirgi kun haqida gapirganda, qrimliklarning hammasini o‘z irodasini bildirganlar deb bo‘lmaydi.

Misol uchun, 2014 yilning sentyabr oyiga mo‘ljallangan Shotlandiya mustaqilligi borasidagi referendumga to‘rt yildan buyon tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Qrimda esa odamlarga tanlov berilmasdan yoppasiga shoshib-pishib qabul qilingan qaror dunyoni fakt oldiga qo‘ydi.

Rossiya tomoni Qrim vaziyatini Kosovo vaziyati bilan solishtirmoqda. Biroq NATOning Kosovoga aralashuvidan oldin real insoniy inqiroz boshlanib, qurollangan to‘qnashuvlar va etnik tozalashlar ro‘y bergan. Qrimda esa hech kimni qutqarishga ehtiyoj bo‘lmagan.

Qrim tatarlari lideri Mustafo Jamil bilan suhbatda, Vladimir Putin Ukraina SSSR tarkibidan noqonuniy tarzda chiqqan deb aytgan. Agar Mustafo Jamil Putinning so‘zlarini to‘g‘ri keltirgan bo‘lsa (shu vaqtga qadar Kreml tomonidan rasmiy raddiya yangragani yo‘q), unda Rossiya prezidenti ari uyasini qo‘zg‘agandek bo‘lib chiqmoqda. Bir necha yil oldin Putin "SSSR parchalanib ketgani borasida achinmagan shaxsning yuragi tosh, qayta tiklashni orzu qilayotganlarning esa aqli yo‘q", deb aytgandi.

Agar SSSR parchalanganini qonunga xilof bo‘lgan jarayon deb tan olinsa, unda qolgan sobiq respublikalar to‘laqonli suveren davlatlar deb xisoblanmasliklari kerak degan xulosa kelib chiqadi.

Umid uchquni

Milliy iftixor - o‘ta jiddiy masala. O‘tmish alamlari hali hayot va tez muddatda unutilmaydi...Qrimni "o‘z yeri" deb hisoblayotganlar u hududlardan sira voz kechmaydilar. Bir davlatning hududiy yaxlitligi va millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi masalasi jahon siyosatida eng murakkablardandir. Eski qarama-qarshiliklar hal bo‘lmaydigan ko‘rinadi.

Biroq, bir necha tarixiy boshi berk holatlarga yechim topilgani dunyoga ma‘lum.

Fransa va Olmoniya asrlar bo‘ylab Elzas va Lotaringiya ustidan bir biri bilan kurashib kelganlar. Har bir taraf ishonchli dallilarni yo‘lga solib, qon to‘kib o‘z jonini ayamagan.

Bir necha yil oldin Elzasda joylashtirilishi uchun ikkala mamlakat birgalikda harbiy brigada tuzishlari borasida xabar yangradi. Ya‘ni chegaralarni shartli deb belgilab, mulohazali va insoniy qonunlarni ijro etib, bu ikki davlat kuch sinashdan voz kechdi. Boshqa davlatlar ham bu misoldan o‘rnak olib, "tarixiy adolatni tiklash" va "ajdodlar shuhrati" kabi iboralarni unutib, zamondoshlar va yangi avlodlar yaxshi hayot kechirishlari borasida o‘ylashlari kerak emasmi?

Demak, Ovrupo maksimalizm- ya‘ni imkoniyatdan tashqari talablarni qo‘yish va tajanglik yoshidan chiqib bo‘lgan, biroq Rossiya hali ham o‘sha yoshda qolayotir.

Faylasuf va madaniyat masalalari bo‘yicha mutaxassis Aleksandr Nikonovning fikr qilishicha, Rossiya jamiyatining ommaviy ongi o‘smir bolaning psixologiyasini eslatadi: bu hali g‘o‘r va onasiga qaram, biroq agressiv va izzat-talab, hamda emotsional tarafdan beqaror bolaning jihatlarini o‘z ichiga olgandek ko‘rinadi.

Biroq, millatlar ham huddi insonlar kabi o‘sib-ulg‘ayishlari tabiiydir...

-----------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02