Obama Putinni qo‘shimcha jazo choralaridan ogohlantirdi

Image copyright REUTERS

AQSh Prezidenti Barak Obama Prezident Putinni Ukrainaga qurol-yarog‘ oqimini to‘xtatish va bo‘lginchilarni dastaklashga chek qo‘yishga chaqirgan.

Oq Uyning ma‘lum qilishicha, telefon muloqoti chog‘ida janob Obama Moskvani qo‘shimcha jazo choralaridan ogohlantirgan.

Kremlning aytishicha, janob Putin rasmiy Kiyev hamda bo‘lginchilar orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishi kerakligini aytgan.

Rossiya bo‘lginchilarni qurollantirayotganini rad etib keladi.

O‘tgan hafta Vashington Rossiyaning bir necha tank va zirhli mashinalari Ukrainaning sharqiy chegarasini kesib o‘tganini aytgan edi.

Rossiya esa bironta ham tanki chegaradan o‘tmaganini aytmoqda.

Dushanba kuni shuningdek, AQSh Davlat Departamenti Rossiyaning janubi-g‘arbida tanklar Ukrainaga yurish uchun shay turgani haqida ma‘lumot olganini bildirgan.

Ukrainadagi inqirozni yumshatishga qaratilgan diplomatik sa‘y-harakatlar davom etarkan, AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden dushanba kuni Ukraina Prezidenti Petr Poroshenko bilan telefonda so‘zlashgan.

Oq Uyning aytishicha, janob Bayden Poroshenkoga uning tinchlik rejasini qat‘iyan qo‘llab-quvvatlashlarini aytgan.

Tinchlik muzokaralari

Ayni paytda Ukraina sharqidagi bo‘lginchilar Prezident Poroshenko e‘lon qilgan otashkesimga rioya etishlarini aytishgan.

Ukraina Prezidenti ilgari surgan 15 banddan iborat tinchlik rejasining bir qismi bo‘lgan otashkesimning muhlati juma kuni tugaydi.

Image copyright AFP
Image caption Poroshenko e‘lon qilgan otashkesim muhlati juma kuni tugaydi

Isyonchilarning juma kuniga qadar o‘t ochishni to‘xtatishlari haqida o‘zini "Donetsk Xalq Respublikasi"ning rahbari deb e‘lon qilgan Aleksandr Boroday bildirgan.

Bo‘lginchilar rahbari dushanba kuni Donetskdagi tinchlik muzokaralarida ham qatnashgan.

Muzokaralarda yana bir bo‘lginchi mintaqa- Lugansk vakillari ham ishtirok etgan.

Shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi elchisi Mixail Zurabov, Ukrainaning sobiq Prezidenti Leonid Kuchma hamda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidan vositachilar ham muzokaralarga qatnashganlar.

O‘tgan hafta Prezident Putin tinchlik rejasini ehtiyotkorlik bilan olqishlagan edi.

Reja sharqiy mintaqalarga ko‘proq vakolatlar berish, muddatidan avval saylovlar o‘tkazish va Rossiya bilan chegarada 10 chaqirimlik bufer hududi barpo etish singari takliflarni o‘z ichiga oladi.

Isyonchilar ukrain armiyasi hududni tark etmagunicha qurollarini tashlamasliklarini aytishmoqda.

Ular hanuz Donetsk va Luganksdagi hukumati binolarini nazorat qilishmoqda.

Ukraina masalasi juma kuni Bryusselda o‘tadigan Ovro‘po Ittifoqi sammitining ham markazida bo‘lishi kutiladi.

Sammit chog‘ida Ovro‘po rahbarlari Rossiyaga qarshi qo‘shimcha jazo choralarini e‘lon qilishlari mumkin.

Juma kuni shuningdek, Ukraina va OI o‘rtasidagi hamkorlik bitimi imzolanadi.

Sobiq prezident Viktor Yanukovichning o‘tgan yil noyabrida bitimni imzolashdan bosh tortishi uning hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan siyosiy noroziliklarning boshlanishiga sabab bo‘lgan edi.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02