Shimoliy Koreya Kim Chen In haqida film yuzasidan tahdid qilmoqda

Image copyright Getty
Image caption Film ijodkorlari - Set Rogen(chapda) va Ayven Goldberg

Axborot agentliklarining xabar qilishlaricha, Shimoliy Koreya o‘z rahbari Kim Chen In o‘ldirilishi oid Hollivud ishlagan film namoyish etiladigan bo‘lsa, "shafqatsiz" javob qaytarishga va‘da bergan.

Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi voizi davlat matbuotiga gapirarkan, filmning chiqarilishini "urush amali"ga tenglashtirgan.

U aniq nomni tilga olmagan, biroq Hollivudning xuddi shu mavzudagi "Intervyu" filmi oktyabr oyi namoyishga chiqarilishi kutilmoqda.

Ur-sur komediya janrida ishlangan ushbu filmda asosiy rollarni Hollivud yulduzlari Jeyms Franko va Set Rogenlar o‘ynagan.

Ular tok shou boshlovchisi va muharriri rollarini ijro etishadi. Tok shouga Kim Chen In taklif qilinadi va AQSh Markaziy Josuslik Xizmati unga suiqasd qilish uchun shou ijodkorlarini yollaydi.

Film treyleri Youtube portalida e‘lon qilingan. Treylerda ko‘rinishicha, Shimoliy Koreya rahbari rolini Kim Chen Inga o‘xshagan aktyor ijro etgan. Jang sahnalarida aftidan Shimoliy Koreya tanklari, vertolyotlari va yadroviy raketa sinovlari paydo bo‘ladi.

Image copyright rdong sinmun
Image caption Aytilishicha, film boshida Kim Chen Ir bilan uchrashuv haqida bo‘lgan. Ammo, u 2011 yil vafot etishi va o‘rnini o‘g‘li Kim Chen In egallashi ortidan stsenariy qayta yozilgan

Davlat nazoratidagi KCNA axborot agentligi Shimoliy Koreya voizidan iqtibos keltirgan: "Bizning bosh rahbariyatga ziyon yetkazish fitnasiga oid filmni ishlash va namoyish etish terrorchilikning eng ochiqcha ko‘rinishidir va bunga mutlaqo toqat qilinmaydi".

Voizning qo‘shimcha qilishicha, "Qo‘shma Shtatlarning mulohazasiz ig‘vogarona telbalik bilan "bezori film ijodkorini" Shimoliy Koreyaga rahbariyatiga qarshi chiqishi xalq va askarlar orasida "adovat va g‘azabni kuchaytirgan".

"Agar Amerika ma‘muriyati film namoyishiga ruxsat bersa va himoya qilsa, shafqatsiz choralarga qo‘l uriladi", deya qo‘shimcha qiladi voiz.

O‘tgan hafta aftidan Shimoliy Koreya o‘z raketa texnologiyasini yanada rivojlantirayotgani borasidagi da‘volarni dastaklovchi dalillar paydo bo‘lgandi.

Ba‘zi ekspertlarning aytishlaricha, ular Shimoliy Koreya targ‘ibot filmida qiruvchi kemalarga qarshi yangi raketalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Ammo, ayrim kuzatuvchilar bunga shubha bilan qarashadi.

Shimoliy Koreya uch amerikalikni hibsda ushlab turibdi. So‘nggi tutilgan sayyohning ismi Jeffri Edvard Foul deyiladi. U mehmonxonada Injilni esidan chiqarib qoldirgan.

Yaqinda "Intervyu" filmi direktorlaridan biri Rogen Shimoliy Koreyaga safar qilgan jurnalistlarning hikoyalaridan ilhom olganini aytgandi.

Shuningdek, u "jurnalistlar qanday qilib dunyodagi eng xatarli odamlar bilan uchrashishlari" va ular nazaran suiqasd uyushtirish uchun qanchalar qulay vaziyatda bo‘lishlari haqida gapirgan.

Rogenning qo‘shimcha qilishicha, film boshida Kim Chen Ir bilan uchrashuv haqida bo‘lgan. Ammo, u 2011 yil vafot etishi va o‘rnini o‘g‘li Kim Chen In egallashi ortidan stsenariy qayta yozilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002