HRW: "Rog‘un GESi tufayli ko‘chirilganlar huquqlari toptalayapti"

Image caption ..."Bu yerning tuprog‘i sho‘rlangan ekan, devorlarni "to‘kib tashlayapti", deydi o‘qituvchi Salima

Nufuzli inson huquqlari tashkiloti Hyuman Rayts Vochga ko‘ra, Rog‘un to‘g‘oni va gidroelektrostantsiya Tojikistonning o‘ta abgor elektr taqchilligi muammosini hal etishi mumkin, ammo shu bilan birga u 42 mingdan oshiq oilalarning o‘z uylaridan ko‘chirilib, ro‘zg‘orlari ostin-ustin bo‘lishi xavfi bor.

Hisobot shu kungacha bir yarim ming oila ko‘chirilgani aytadi. Unga ko‘ra, ko‘p oilalar hukumat ularga yetarlicha tovon pulini to‘lamagani va ular yangi hududlarda ishlashga yer yoki farzandlariga maktab topa olmay qiynalayotganlarini aytganlar.

BBC Human Rights Watchning Dushanbeda bo‘lgan tadqiqotchisi Francheska Korbachodan uning tashkilotini nimalar xavotirga solayotganini so‘radi.

Korbacho: Bizning xavotirlarimiz uchta narsadan iborat. Birinchidan, biz ko‘chirilgan oilalarga hukumat to‘layotgan tovon pulidan xavotirdamiz. O‘ylaymizki, bu ularning avvalgi turmushlari va ro‘zg‘orlarini qayta tiklashga yetarli emas. Hukumat bu oilalarning qancha yerlari yoki qancha chorvasi ko‘chish tufayli yo‘qotilganini hisobga olmagan. Ikkinchi xavotirimiz shuki, mana shu yo‘qotilgan yerlar va yo‘qotilgan chorva ko‘chirilgan oilalarning turmushiga salbiy ta‘sir qilayapti. Biz bilan suhbatda bo‘lgan juda ko‘p odamlar, yashash qiyinchiliklari tufayli aksar chorva mollarini sotishga majbur bo‘lganlari va ularga qaray olmaganlarini aytib berishdi. Bir ayol menga avval o‘nta sigiri bo‘lgani, endi faqat bittasi qolganini aytdi. Bu oilalar to‘g‘on qurilishidan oldin o‘z chorva mollari, meva va sabzavot bog‘lari, va shiyponlariga tayanib yashaganlar. Yangi ko‘chgan joylarida bu narsalar yo‘q. Hukumatning oilalarni ko‘chirish bo‘yicha rejasi mana shu jihatlarni hisobga olmagan. Uchinchidan esa, bu jarayon qanday olib borilayotgani yaxshi kuzatilmayapti va odamlarga ma‘lumot yetkazilmayapti. Masalan, kimdir qo‘shimcha yer uchun ariza bermoqchi bo‘lsa, bunga ruxsat bormi yoki qo‘shimcha yerning o‘zi bormi, hech kim bilmaydi. Ba‘zi hollarda hukumat ziroat yerlarini ajratgan, lekin ko‘chirilgan oilalar bundan bexabarlar.

BBC: Hisobotingizda Rog‘un loyihasini Jahon Banki qo‘llab quvvatlayotgani aytiladi. Nima uchun Jahon Banki oilalar ko‘chirilishi jarayonini yaqindan kuzatmayapti va bu jarayon xalqaro mezonlarga mos ravishda olib borilishini ta‘minlamayapti?

Korbacho: Jahon Banki bu to‘g‘on qurilishining ekologik va ijtimoiy ta‘siri borasida hisobot chiqardi. Unda loyihaning insonlar hayotiga qanday ta‘sir qilishi o‘rganib chiqilgan. Unda ham oilalar ko‘chirilishi jiddiy muammo bo‘lishi tan olinadi. Jahon Banki shu kungacha ko‘chirilgan oilalarning turmushlariga qanday ta‘sir o‘tkazilgani borasida yangi hisobot ustida ishlayapti, lekin hozircha uni yakunlagani yo‘q. Gap shundaki, Jahon Banki dunyoning boshqa joylarida ham shu qadar yirik gidroelektrostantsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan, lekin buning inson huquqlariga qanday ta‘sir etishini hisobga olmagan. Masalan, Janubiy Afrikada to‘g‘onlar qurilishi tufayli mahalliy xalqlar turmushlari buzilgan va huquqlari toptalgan. Jahon Banki, shuning uchun ham oxirgi paytlarda bunday katta to‘g‘on loyihalaridan o‘zini yiroqlashtirishga urinayapti.

BBC: Ammo, ayni damda, Rog‘un uzoq muddatda Tojikistondagi elektr taqchilligi muammosini hal etib, millionlab odamlarning turmushini yaxshilashi kutiladi. Shunday ekan, 40 ming oilaning turmushi buzilishi mana shunday yirik maqsad yo‘lida qilingan kichik bir qurbonlik deb ko‘rilishi kerak emasmikan?

Korbacho: Bilasizmi, bu juda yaxshi iddao. Rog‘un haqiqatdan ham bu mamlakatga ko‘p boylik olib kelish salohiyatiga ega. Lekin, shunday bo‘lsa-da, bu loyihani amalga oshirishda uning uchun butun boshli ro‘zg‘orlarini qurbonlik qilgan oilalarning huquqlarini hurmat qilish kerak. Bu oilalar hammadan ko‘ra ko‘p qurbonlik keltirishayapti Rog‘un loyihasi uchun. Biz Rog‘un qurilishiga qarshi ham emasmiz, uning qurilishini dastaklamaymiz ham. Gap bunda emas. Gap, loyiha qanday amalga oshirilmasin, u tufayli jabr chekayotgan insonlarning huquqlarini hurmat qilishda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002