Ukraina: Otashkesin g‘oyasi chippakka chiqdimi?

Image copyright AFP GETTY

Shaxsan o‘zi tinchlik rejasi tashabbusi bilan chiqqan prezident Petr Poroshenko o‘z qurolli kuchlariga bo‘lginchilarning hujumlariga javoban hech ikkilanmay o‘t ochishga buyruq berdi.

Bu haqda Ukraina prezidenti matbuot xizmatining o‘zi xabar bermoqda.

"Ichkaridagi jangarilar tomonidan muttasil ravishda buzib kelinayotgani bois, davlat rahbari otashkesinni muddatidan ilgari bekor qilish ehtimolini nazardan soqit etmayotir", - deyiladi ularning rasmiy bildirishnomasida.

Agar, prezident ma‘muriyati keltirayotgan rasmiy ma‘lumotlarga tayanilsa, tinchlik rejasi tadbiq etilganidan buyon isyonchilar hukumat harbiylarini 35 bor o‘qqa tutishgan.

24 iyun kuni Ukraina Qurolli kuchlariga qarashli vertolyotni urib tushirib, 9 kishining umriga zomin bo‘lishgan.

Petr Poroshenko endi 25 iyun kuni Olmoniya kantsleri Angela Merkel, Frantsiya Prezidenti Fransua Olland va Rossiya rahbari Vladimir Putinlar bilan telefon anjumani o‘tkazishni rejalamoqda.

Uning umid qilishicha, ushbu muloqot ortidan, "Rossiya yollanma jangarilarni qurolsizlanitirib, Ukraina hududidan olib chiqib ketadi".

Prezident Poroshenkoning ushbu so‘zlari ham matbuot xizmatining rasmiy bayonotida keltirilgan.

Hammasi quruq gapmi?

Image copyright AFP

Avvalroq o‘zboshimcha "Donetsk Xalq respublikasi"ning rahbari Aleksandr Boroday sulhu madoraga borishdan hech bir ma‘ni yo‘qligini bayon qilgandi.

Hech kim tomonidan amal qilinmayotgani bois, Ukraina sharqida otashkesin rejasi ish bermaydigan ko‘rinadi.

Prezident Petr Poroshenko nega qarshi o‘t ochish qaroriga kelgani sababi ma‘lum emas.

Lekin xalqning noroziligi qandaydir harbiy javobga undagan omil bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.

Agar, Ukraina hukumati yana kuch qo‘llashga borsa, bo‘lginchilar va ularning ittifoqchilari ham xuddi shunday yo‘l tutishlari va vaziyat yana olovlanishi ehtimoli yo‘q emas.

Bo‘lginchilarning otashkesinga rozi bo‘lishlaridan bor-yo‘g‘i kun o‘tib, nega yana ig‘voga uchganliklari sababi ham noma‘lum.

Ammo, nima bo‘lganda ham, mavjud holat bir necha oylik zo‘ravonliklar ortidan, Ukraina sharqida tinchlik o‘rnatish g‘oyasining xayoliy ekaniga ham dalolat qilishi mumkin.

Image copyright Reuters

RIA Novosti esa, janob Borodayning, "Biz jang qilishda davom etamiz. Kecha kechqurun Kuchma qilgan taklifga kelsak, bu, menimcha, xalqaro hamjamiyatning ko‘zini chalg‘itish uchun qilingan bir ish. Xuddi o‘sha kuni Ovro‘po Ittifoqi bilan bitim imzolanishi bois, Kiyevga ham 27 iyungacha otashkesin amalda ekanini namoyish etib lozim bo‘lgan. Raqib Donetskni ishg‘ol etishga hozirlik ko‘rmoqda", - degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Shu hafta dushanba kuni esa, o‘zboshimcha "Donetsk xalq respublikasi"ning rahbari mojaroga tinch yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan muzokaralarda bo‘lginchilar 27 iyunga qadar otashkesinga rozi ekanliklarini bayon qilgandi.

Seshanba kuni kechqurun esa, Ukraina sharqida, Slavyansk shahri biqinida Ukraina Qurolli kuchlariga qarashli Mi-8 vertoleti urib tushirilgandi.

Hodisa oqibatida uch ekipaj a‘zosi va olti harbiy hayotdan ko‘z yumgandi.

Nato Bosh kotibi Rossiyani "o‘z zimmasiga olgan xalqaro mas‘uliyatlarini hurmat qilmaslik"da ayblab chiqqan.

Rasmiy Moskva esa, bo‘lginchilarni qurollantirib, ularni dastaklayotganiga oid Ukraina va G‘arbning da‘volarini rad etib keladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, shu yil aprel oyidan buyon Ukraina sharqida 420 dan ortiq kishi o‘ldirilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002