"Davlat amaldorlari uchun" tilladan ishlangan "Putin iPhone"

Image copyright BBC World Service

Xabarlarga ko‘ra, tilla qoplamasiga prezident Vladimir Putin aksi o‘yib tushirilgan xos rusumdagi iPhone tez orada Rossiyada sotuvga chiqariladi.

Yangi iPhone "Caviar" brendi ostida xaridorlar ixtiyoriga havola etilayotgan esa-da, uni ishlab chiqargan shirkat o‘z mahsulotini oddiygina qilib "Putin telefoni", deb ham atamoqda.

Bu haqda Tjournal internet nashrida chop etilgan xabarda aytiladi.

iPhone ning orqa qoplamasi 18 karat oltindan ishlangan va tepa qismiga prezident Putin tasviri, uning ostida esa, Rossiya davlat gerbi zarb etilgan.

Yangicha rusumdagi "Putin telefoni" faqat sanoqli sonda tayyorlangan va narxi 147.000 rubl (£2.500; $4.300) turadi.

iPhone hozirda Rossiyaga qarashli, ammo hanuz italiyalik dizayner va zargarlar mehnat qiluvchi "Perla Penna" italyan shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan.

Shirkatning bu xususdagi bayonotida aytilishicha, o‘z mahsulotlari "vatanparvar nufuzli hukumat mulozimlari va yuqori martabali rahbarlar uchun mo‘ljallangan".

Ishlab chiqaruvchilarga ko‘ra, rossiyalik amaldorlardan aksariyati xorijda dam olishlari va hatto, u yerlarda uy-joylari borligi ham nazarda tutilsa, "Putin telefoni" ularga juda qo‘l kelishi mumkin.

Image copyright AP

"Deylik, Nitstsa yoki Monte Karlodagi bar peshtaxtasiga prezident Putin aksi tushirilgan telefonni qo‘ysangiz, sizga oliy darajada xizmat ko‘rsatishlari tayin", - deyiladi shirkat bayonotida.

Nimaga deysizmi? Chunki "yuragiga g‘ulg‘ula tushib qolgan xalqaro hamjamiyat Rossiya prezidentini qudrat, dadillik, kuch-quvvat, qaysarlik va hech narsadan tap tortmaydigan shaxs timsoli deb ko‘radi".

Shu yil boshida Ukrainaga qarashli Qrim muxtor bo‘lgasining Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi ortidan, prezident Vladimir Putinni qo‘llovchi rosiyaliklarning soni ham keskin ortgan.

Bunga Rossiya rahbarining aksi tushirilgan turli mahsulotlarning do‘konu bozorlarda qanchalik qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketayotgani ham dalolat qiladi.

Biroq aynan Ukraina inqirozi sabab, Rossiya va G‘arb orasidagi aloqalarga jiddiy darz yetgani ham bor gap.

Xuddi shu voqealar manzarasida o‘tgan bir necha oy davomida Rossiya matbuoti Italiyani o‘zlariga yaqin G‘arb davlati sifatida ko‘rsatishga urinmoqda.

Keyin prezident Vladimir Putinning Italiya sobiq Bosh vaziri Silvio Berluskoni bilan qanchalik do‘st ekanini ham ko‘pchilik yaxshi biladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002