Iroq: Suriya IShID jihodchilariga qarshi havo hujumini amalga oshirdi

Image copyright AP

Iroq Bosh vaziri Nuri Malikiyning BBCga tasdiqlashicha, Suriya Iroq hududidagi Iroq va Shom Davlati jangarilariga qarshi havo hujumlarini amalga oshirgan.

Nuri Malikiyga ko‘ra, Suriya qiruvchi uchoqlari seshanba kuni chegaradagi Qaim shahridagi jangarilar manzillarini nishonga olgan.

Iroq bunday amaliyotlarni o‘tkazishni so‘ramagan bo‘lsa ham, deb aytgan Malikiy janoblari, IShID harakatiga nisbatan har qanday hujumni olqishlaydi.

IShID va uning sunniy ittifoqchilari shu oyning o‘zida Iroqning katta qismini, jumladan mamlakatning ikkinchi yirik shahri Mosulni egallashga muvaffaq bo‘lganlar.

Iroq hukumati bor kuchi bilan shimol va g‘arbdan kelayotgan jangarilar hujumini qaytarishga harakat qilmoqda.

Shuningdek musulmon shialar aloqalari mustahkam bog‘langan Erondan yordam yuborilgani aytilgan.

Iroqning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSh jangarilarni Iroq faqat o‘z kuchlari bilan yengishlarini ta‘kidlaydi.

Bosh vazir Nuri Malikiy milliy birlikni saqlab qolish uchun yangi hukumat tuzishga urinmoqda.

Image copyright AP

Iroqdagi BBC muxbiri Jim Myuirning fikriga ko‘ra, Suriya havo hujumlari shuni ko‘rsatadiki, Suriya va Iroq inqirozi bir-biriga bog‘langan va IShID umumiy dushman sifatida qaraladi.

Chegaraning Suriya tomonida jangchilar IShIDga sodiqlikda qasamyod qilishgan. Bu ikkala tomonda ham nazorat sunniy jangarilar qo‘liga o‘tganini anglatadi.

Hozircha AQSh dronlari hujumda ishtirok etmagan, biroq vaziyatning murakkablashishi orqasida ular ham amaliyotlarni boshlashi mumkin. IShID harakati xavfi shu paytgacha dushman bo‘lgan tomonlarni manfaatlar yuzasidan yaqinlashtiradi.

Image copyright AP

Bu shuningdek, Eronga ham ta‘luqli bo‘lib, Iroqdagi kutilmagan vaziyatdan qattiq xavotirda. Xabarlarga ko‘ra, Kurd shaharlari bilan chegarada otishmalar yuz berganidan so‘ng Eron g‘arbiy o‘tish maskanlarini mustahkamlagan.

Britaniya Tashqi Ishlar vaziri Uilyam Xeyg Bag‘dodda siyosiy va jamoatchilik rahbarlari bilan uchrashgan.

"Britaniya Iroqning do‘sti sifatida hozirgi maqsad butun Iroq xalqini qo‘llaydigan va birga ishlaydigan hukumat tuzilishi kerak deb biladi, shunda IShIDni yo‘lida to‘xtatish mumkin", deydi u.

Rossiya uchoqlari

BBCga intervyu bergan Maliki Iroq Rossiya uchoqlarini sotib olishini, ular bir necha kun ichida yetib kelishini bildirgan. AQSh bundan oldin o‘zining F16 uchoqlari sotilishini to‘xtatib turgan edi.

Rossiya Prezidenti Putin va al-Malikiy juma kuni telefon orqali Iroqdagi vaziyatni muhokama etdilar, deb xabar beradi Kreml sayti.

Putin Malikiyga Iroqni terroristlardan tozalanishini to‘liq quvvatlashni aytgan, biroq suhbatning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan xabarda.

Iroqdan kelayotgan ma‘lumotlarga ko‘ra, "Al-Qoida"ga aloqador Nusra fronti jangchilari Iroq chegarasiga yaqin Albu Kamol shahrida IShIDga sodiqlikka ont ichishgan.

Ilgari Suriya ichkarisida Nusra fronti va IShID harakati o‘rtasida qarama-qarshiliklar sodir bo‘lgani ma‘lum.

--------------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02