Putinning Ukraina "boshog‘rig‘i"

Image copyright Reuters

Putin o‘zi nimani istaydi?

O‘tgan mart oyidagi hodisalarga nazar tashlaylik. Prezident Putin rus askarlarining ishtirokini rad eta turib, Qrimni Rossiya hududiga qo‘shib oldi.

Ukraina bilan chegara hududlariga o‘n minglab qo‘shinlar yuborildi.

Janob Putin Viktor Yanukovich Ukrainaning qonuniy prezidenti ekanligini ta‘kidladi.

Muvaqqat Ukrain hukumatini esa neo-fashistlar deb, Kiyevning erta saylovlar rejasini rad etdi.

Ustiga ustak, agarda Ukrainadagi rusiyzabonlar xavf ostida qolishsa, qo‘shin tortib borish bilan po‘pisa qildi.

U qo‘lidagi qudrat mavqeidan gapirayotgan va Rossiyaning kuchini ko‘rsatib qo‘yish uchun har qanday imkoniyatdan foydalanayotgandek edi.

O‘sha voqealardan 3 oy o‘tib manzara o‘zgacha. Putinning ohangi o‘zgacha… Hozirda u nimani istaydi?

Image copyright AP
Image caption Rossiya prezidenti yaqin-yaqinlargacha Ukrainadagi hodisalarga rus askarlari aralashagnligini rad etib kelgandi

Burilish

Janob Putin rus askarlarining Qrimdagi hodisalarda ishtirokini tan oldi. Hatto ulardan ba‘zilarini qahramonliklari uchun mukofotladi.

Endi u Kiyevdagi hukumatni noqonununiy, deya atamayapti, yangi prezident Petr Poroshenkoni tan oldi va hatto u bilan tinchlik muzokaralariga kirishdi.

Bundan tashqari Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarning qayta-qayta yordam "iltijolari"ga qaramay qo‘shin tortib borish "va‘dasini" bajarishga kirishmadi.

Janob Putin hatto may oyida o‘tkazilgan referendumlar va o‘z-o‘zini mustaqil e‘lon qilish urinishlarini ham qo‘llamadi.

Aksincha,Ukraina bilan chegaraga yaqin yerga yuborilgan qo‘shinlar ortga qaytarildi.

Va hatto kutilmagan ravishda parlamentga maktub yo‘lladi… qurolli kuch ishlatish ruxsatini bekor qilishni so‘radi.

Ko‘rinishicha, janob Putin Qrimni qo‘shib olish ortidan yuzaga kelgan mojaroni “bosti-bosti” qilish vaqti yetilganini anglagandek…

Yoki janob Putin anchayin murakkabroq o‘yinni olib boryaptimikan?

Image copyright UNIAN
Image caption Ukraina sharqidagi ba‘zi bo‘lginchilar umid qilganidek janob Putin ko‘mak bergani yo‘q

Saboqlar

Janob Putin uchun ortga chekinishga yetarlicha sabablar bordek... Qrimning qo‘shib olinishi nisbatan oson va qonsiz kechgani uchun omma tomonidan dastakka ega bo‘ldi.

Lekin Sharqiy Ukraina o‘zgacha. U yerda qon to‘kilmoqda, qurbonlar va qochqinlar soni oshmoqda.

Bu ruslar guvoh bo‘lishni istamagan va o‘z o‘g‘illari ishtirok etishini xohlamagan urushdir.

Ya‘ni,janob Putin endi o‘zini tinchliksevar elchi qilib ko‘rsatishi kerak.

Bundan tashqari,Ukraina hukumatining bo‘lginchilarga javobi balki u kutganidan ko‘ra qat‘iyroq bo‘lgandir…

2008 yilgi hodisalar esga olinsa, G‘arbning ham munosabati bu gal "kechirimli" bo‘lmagandir.

O‘shanda Rossiyaning Gurjiston bilan qisqa urushi va Ovro‘po Itifoqining shosha-pisha o‘rtaga tushishi oqibatida Shimoliy Osetiya va Abxaziya Moskva "nazorati ostidagi mustaqil hududlar" bo‘lib qoldilar.

Janob Putin bu gal ham Ovro‘po o‘z iqtisodiy manfaatlarini o‘ylab Rossiya bilan bordi-keldiga bormasligiga umid qildimikan?

Aslida Qrimning anneksiyasi G‘arbni ko‘proq xavotirga soldi. Chunki janob Putin hududlarni bosib olish "mazasini" yoqtirib qoldimikan, degan shubhani uyg‘otdi.

Shuning uchun javob ham qat‘iyroq bo‘ldi.

Bundan tashqari, G‘arb janob Putinning har bir aytgan so‘ziga ishonmaslikni ham o‘rgandi. Hozirda uning yangi bir "maskirovka"ni uyushtirishda gumon qilmoqdalar.

Ya‘ni,"ko‘ngillilar va xayrixohlar" yordamida Ukraina sharqidagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinib, ayni vaqtda Kiyevni "o‘zini bosishga" da‘vat qilmoqda.

Image copyright Other
Image caption Gurjiston va Ukrainadagi Rossiya amallarini G‘arb kengroq manzaraning bir qismi sifatida ko‘rmoqda

Endi nima bo‘ladi?

Bundan buyog‘iga ko‘p narsa janob Putinning Rossiya va ruslar jazo choralari oqibatlarini ne qadar "xazm qila olishi" chamalariga bog‘liq bo‘ladi, shekilli.

Ko‘rinishicha Mosvada bu borada ikki xil taxmin bor.

Bir tomonda mudofaa va xavfsizlik tizimidagi millatchi va aqidaparastlar doxil kuchlar. Ular G‘arbni "dushman" deya biladilar va joriy etilayotgan jazo chorlarini o‘zlarining "kuch -qudratlarini" namoyish etish uchun imkon sifatida qaraydilar.

Boshqa tomonda g‘arbparast liberal va islohotchilar. Ular G‘arb bilan uzoq muddatli kelishmovchilik Rossiyaning iqtisodi uchun fojeali bo‘lishi mumkinligini aytadilar.

Putin kim tomonda?

Fikrimcha, u qalban aksil-g‘arbchilarga yaqin... Lekin mantiqan islohotchilar haq ekanliklarini ham tushunadi.

Balki bu qarama-qarshilikdan o‘z manfaatiga foydalanib qolar.

Bir necha yil avval janob Putinnning dzyudo bo‘yicha murabbiysi BBC bilan suhbatda, uning raqibini adashtirish qobiliyati haqida aytgandi.

Balkim siyosatda ham u shu yo‘lni qo‘llar?

Balki u hamma sobiq Sho‘ro respublikalari uning irodasiga qarshi chiqmaydigan rahbarlar qo‘lida bo‘lishiga intilayotgandir.

Agarda bu maqsadiga erishish imkonsiz bo‘lib ko‘rinayotga bo‘lsa, u holda o‘sha mamlakatni zaiflashirish yo‘lini tutayotgandir.

Qanday qilib deysizmi?

Masalan Ukrainadagi kabi, og‘riqsiz jazo choralari darajasiga qadar amal qilib, ayni vaqtda o‘zining 2018 yilgi saylovlarda g‘olib bo‘lish ehtimolini ko‘paytirib olish yo‘li bilandir?

Boshqa tomondan, sharqiy Ukraina va yoki qarshilik kamroq kutilgan boshqa hududlarda Rossiya “buyuk davlat” ekani va mamlakat prezidenti u bilan hisoblashish kerak bo‘lgan shaxs ekanligini namoyish etib qo‘yish yo‘lida o‘z aralashishlarini davom ettirar...

-------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002