Xalqaro Amnistiya Aleksandr Sodiqovni zudlik bilan ozod qilishga chaqirmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Rasmiylar Sodiqovni josuslikda gumon qilishmoqda

Xalqaro Amnesty International tashkiloti 16 iyundan beri hibsda qolayotgan olim Aleksandr Sodiqovning zudlik bilan ozod etishga chaqirgan.

Tashkilotga ko‘ra, olim "vijdon tutqunidir".

Ayrim matbuot xabarlarida, tojikistonlik yosh olimning "davlatga xiyonat"da ayblanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Qator inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, Xalqaro Amnistiya Aleksandr Sodiqovni Tojikiston hukumati hech bir shartsiz va darhol ozod etilishini talab qilishmoqda.

G‘arblik olimlar va faollar ham ayni shunday chaqiriqlar bilan Dushanbe rasmiylariga murojaatnomalar yo‘llashmoqda.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining Aleksandr Sodiqov bo‘yicha chiqargan bayonotida, Tojikiston hukumati qamoqda qolayotgan olimning himoyachi bilan cheklanmagan va xos uchrashuvlariga izn berishi talab qilinadi.

Shuningdek, tashkilot Aleksandr Sodiqovning hibsda ekan qiynoqqa solinmasligi kafolatlanishi kerak deb talab qilgan.

Kuni kecha nufuzli Xalqaro Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ham josuslikda ayblanib hibsga olingan Aleksandr Sodiqovni ozod qilishga chaqirgan edi.

Shu yil iyun oyi ikki yildan beri Torontoda yashab kelgan inqirozlarni bartaraf etish sohasi bo‘yicha olim Sodiqov Tog‘li Badaxshon viloyatining Xorug‘ shahriga borgan.

U mahalliy faollardan Olim Sherzamonov bilan suhbat qilganidan so‘ng g‘oyib bo‘lgan.

Uch kun davomida hech qanday daragi berilmagan Sodiqov hibsga olingani va Dushanbega olib ketilgani haqida Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi 19 iyundagina e‘lon qilgan.

Aleksandr Sodiqov o‘zining blogida Tojikiston va qo‘shni davlatlardagi siyosiy va ijtimoiy masalalar haqida kuzatishlarini yoritib kelgan.

Aleksandr Sodiqov Xorog‘ga Britaniyaning Ekzeter universiteti tomonidan o‘tkazilayotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf qilish loyihasi bo‘yicha safar qilgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga Sodiqov hamkorlik qilgan Ekzeter universiteti uning tadqiqoti haqida ma‘lumot taqdim qilganiga qaramasdan, uni xorijiy davlat foydasiga josuslik qilishda gumon qilishmoqda.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov 19 iyunda qilgan chiqishida Tojikistonga nodavlat tashkilotlar niqobi ostida xorijga ishlovchi josuslar tahdid solayotganini aytgan.

10 iyundan buyon Tojikistonda YouTube, Google va boshqa bir qator internet tarmoqlariga to‘siqlar qo‘yilgan.

Xorug‘da 2012 yil iyul oyida mahalliy faollar va hukumat kuchlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvdan keyin o‘z manfaatlariga zid axborot tarqalishining oldini olish maqsadida hukumat matbuot va internetga nazorat o‘rnatgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Tojikiston hukumati so‘nggi yillar o‘zgacha fikrlovchilar, mustaqil jurnalistlar va muxolifatga nisbatan o‘ta qattiqqo‘l usullarni qo‘llashmoqda.

2010 yilda BBC muxbiri O‘rinboy Usmon ham ekstremistik diniy guruhga aloqadorlikda ayblangan va aksariyat mahalliy hamda xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, mahkama unga qo‘yilgan ayblovlarni isbotlay olmasdan rasmiylar bosimi ostida hukm chiqarishga majbur bo‘lgan edi.

------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02