Emomali Rahmon Milliy Birlik kuni muxolifat va matbuotni ogohlantirdi

Image copyright BBC World Service
Image caption Emomali Rahmon tobora qattiqqo‘l bo‘lib borayotgani aytiladi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga ko‘ra, mamlakatda milliy birlik g‘oyasi siyosiy va firqaviy manfaatlardan ustun bo‘lishi kerak.

Prezident Rahmon bu haqda mamlakatda fuqarolar urushiga nuqta qo‘ygan shartnoma imzolanishi ortidan e‘lon qilingan Milliy Birlik kunida gapirgan.

"Siyosiy firqalar, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari mamlakatdagi vaziyatni baholashda ehtiyotkor va mulohazakor bӯlib, mustaqillik, milliy manfaatlarni himoya etish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta‘minlash jarayonida faol ishtirok etishlari lozim", deb aytgan Tojikiston prezidenti.

Prezidentning ayni chiqishi so‘nggi yillar tobora qattiqqo‘l va avtoritar bo‘lib borayotgan hukumatdan muxolifat va erkin matbuotga yana bir bor ogohlantirish o‘laroq qabul qilinmoqda, deydi BBCning mintaqadagi muxbiri.

Kuzatuvchilarning fikricha, Tojikiston prezidenti milliy yarashuv va birlik borasida gapirar ekan, ayni damda hukumat muxolif firqalar, nodavlat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosimlarni kuchaytirmoqda.

Bosimlar kuchaymoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption "Hukumat bosimlarni to‘xtatishi kerak!.."

O‘tgan hafta Tojikiston xavfsizlik qo‘mitasi raisi Saymӯmin Yatimov Dushanbe shahrida bӯlib ӯtgan xalqaro konferentsiyada "xorijiy josuslik xizmatlarini nodavlat tashkilotlar orqali Tojikiston vaziyatini beqaror qilish harakatida ekanini" aytib tanqid qildi.

Shuningdek, Kanadaning Toronto shahri universiteti siyosiy masalalar bo‘yicha tadqiqotchi olib, Tojikiston fuqarosi Aleksandr Sodiqov Tog‘li Badaxshon viloyatida xavfsizlik organlari tomonidan "josuslik" ayblovi bilan qӯlga olindi.

Xavfsizlik qo‘mitasining bayonotiga kӯra, janob Sodiqov Dushanbedagi xorijiy josuslik xizmatlari tomonidan mintaqadagi vaziyat borasida ma‘lumot yig‘ish va muxolif qo‘mondonlar bilan uchrarish maqsadida Tog‘li Badaxshon viloyatiga yuborilgan.

Qator xalqaro inson huquqlarni himoya etish tashkilotlarining talablariga qaramay olim hamon tutqunlikda qolmoqda.

Tojikiston hukumatiga yirik va asosiy muxolif kuch, hamda 1997 yilda imzolangan tinchlik bitimining ikkinchi muhim tomoni sanalgan Islom Uyg‘onish partiyasiga nisbatan bosimlar kuchayib ketgan.

Shu oy janubiy Tojikistondagi Kӯlob shahriga yoshlar bilan uchrashish maqsadida safar qilgan partiya rahbari Muhiddin Kabiriy bir necha yosh yigitlar va ayollar tomonidan hujumga uchragan.

Ular Kabiriy janoblarining mashinasi tomon tuxum va pomidor otishgan.

Ayni jarayonni videoga olayotgan partiya a‘zosi esa kaltaklangan.

Islom Uyg‘onish partiyasining Xo‘jand va Panjakent shaharlaridagi idoralari mulozimlar tomonidan buzib tashlangan.

Janob Kabiriy Tojikiston hukumatining Milliy Birlik bayrami arafasida bunday amallarini qoralab, rasmiylarni hukumat va muxolifat o‘rtasida imzolangan tinchlik bitimi va mamlakat qonunlariga rioya qilish, hamda muxolif firqa faoliyatiga tӯsqinlikni to‘xtatishga chaqirgan.

Uning ta‘kidlashicha, hukumat nafaqat mazkur bitimdagi muxolifat vakillariga davlat idoralarida vazifalar berish va muxolifatning sobiq jangchilarini afv etish talablarini tӯla bajarmagan, balki muxolifat partiyaga mamlakat qonunlari doirasida erkin faoliyat ko‘rsatishiga ham qarshilik qilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002