Putinning maslahatchisi Ukraina prezidentini "natsist" deb atadi

Image copyright BBC World Service

Sergey Glazev, o‘z o‘rnida, Ukrainaga ham "natsist Frankenshteyn", deb baho berdi.

Uning bu so‘zlari rasmiy Kiyev Ovro‘po Ittifoqi bilan har tomonlama hamkorlikka oid yirik bitimni imzolashi arafasida yangradi.

Janob Glazevga ko‘ra, Pyotr Poroshenko "natsist" va ittifoq bilan erishayotgan kelishuvi "noqonuniydir".

Rossiya tomonining keskin noroziligiga sabab bo‘layotgan bitim esa, bugun juma kuni Ovro‘po Ittifoqining Bryusseldagi sammiti chog‘ida ma‘qullandi.

Xuddi shu bugun rossiyaparast bo‘lginchilar ukrain hukumat kuchlariga qarshi bir necha oydan buyon jang olib borayotgan Ukraina sharqida ham muvaqqat otashkesim ham nihoyasiga yetadi.

Ziddiyatli bitim

Prezident Poroshenko imzolagan kelishuv ham iqtisodiy va ham siyosiy jihatdan Ukrainani G‘arbga yanada yaqinlashtiradi.

Shu bois ham, Rossiya bunga keskin qarshi va Ukraina inqirozi zamirida ham, aslida, xuddi shu narsa turadi.

Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich uni imzolashdan bosh tortgan va bu ishi o‘zining qudratdan ag‘darilishi bilan yakun topgan ommaviy namoyishlarga sabab bo‘lgandi.

Qrim muxtor bo‘lgasining Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi ortidan esa, Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilar o‘z mustaqilliklarini e‘lon qilib, Kiyevda hokimiyat ekstremistlar qo‘liga o‘tganini da‘vo qilishgandi.

Voqealarning yana bir rivoji

Image copyright Reuters

So‘nggi yangiliklar manzarasida bugun erta tongda Ukraina sharqidagi isyonchilar o‘zlari qariyb ikki oydan buyon tutqunda saqlab kelayotgan to‘rt nafar xalqaro kuzatuvchini qo‘yib yuborishgan.

O‘zboshimcha "Donetsk Xalq Respublikasi" rahbari Aleksandr Borodayning aytishicha, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining xodimlarini iltifot yuzasidan ozod etishgan.

"Biz buning evaziga hech narsaga umid qilayotganimiz yo‘q. To‘rttovlonni biror bir shartlarsiz erkinlikka chiqardik", - deb aytgan janob Boroday.

Xalqaro tashkilot orada kechgan vaqt davomida o‘z xodimlarining taqdiridan xavotir izhor etib kelayotgandi.

Tarixiy kun

Ovro‘po Ittifoqi bilan to‘liq hamkorlikka oid yangi bitimning siyosiy qismi shu yil mart oyida Ukraina muvaqqat hukumati tomonidan imzolangan.

Prezident Poroshenko esa, avvalboshdan xuddi Gurjiston va Moldovoga o‘xshab, ittifoq bilan kelishuvning savdo va iqtisodiy aloqalarni ko‘zda tutuvchi qolgan muhim bo‘limini imzolash niyatida ekanini aytib kelayotgandi.

Bryusselga tashrif buyurarkan, janob Poroshenko "bu – mustaqillikni qo‘lga kiritishi ortidan, mamlakati uchun tarixiy bo‘lgan yana bir sana ekani va o‘zlari uchun mutlaq yangi eshiklarni ochishi"ni aytgandi.

Rossiya prezidentining mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan janob Glazev esa, avvalroq BBC bilan suhbatida, "Ovro‘po Ukrainani ushbu bitimni imzolashga majburlayapti", deb da‘vo qilgandi.

Glazevning so‘zlari nimani anglatadi?

Image copyright Getty

Sergey Glazev Rossiya prezidentining rasmiy matbuot voizi sanalmasa-da, maslahatchi o‘laroq aytgan gaplari ham juda hayratlanarlidir.

Uning aytgan so‘zlari, o‘z o‘rnida, Ukraina, Moldova va Gurjiston imzolagan bitimdan rasmiy Moskva qanchalik qahru g‘azabda ekaniga ham dalolat qiladi.

Chunki bu bitim uchovlonga Ovro‘po Ittifoqi bilan erkin savdo qilish huquqini beradi.

Kreml eng avvalo yangi bitimning iqtisodiy tomonidan xavotirda.

Rossiya tomonining tashvishlantirayotgani – buyog‘iga Ovro‘po shirkatlari Ukraina, Gurjiston va Moldova bozorlarini arzon mahsulotlari bilan to‘ldirib, buning oqibatida o‘z ishlab chiqaruvchilarining zarar ko‘rishidir.

Keyin esa, buning geo-siyosiy oqibatlari ham rasmiy Moskvani jiddiy o‘yga solmay qo‘ymagan.

Chunki Rossiya sobiq Sho‘rolar Ittifoqini hanuz o‘z ta‘siri ostidagi hudud deb ko‘radi va ularning Ovro‘poga yaqinlashuvi rasmiy Moskvaning jig‘iga tegmay qolmaydi.

So‘nggi vaziyat

Image copyright Reuters

Mintaqadan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, shu hafta e‘lon qilingan muvaqqat otashkesimga qaramay, Ukraina sharqida yana janglar davom etgan.

Bugun juma kuni Donetsk va Luganskda otashkesim muddatini uzaytirishga qaratilgan muzokaralarning ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Birlashgan Millatlarning hisob-kitoblariga qaralsa, qurolli nizolar boshlangan aprel oyidan buyon Ukraina sharqida to‘rt yuzdan ortiq kishi o‘ldirilgan.

Rossiya u yerdagi isyonchilarni o‘zi qurollantirib kelayotganiga oid Ukraina va G‘arbning da‘volarini rad etib keladi.

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Ukraina sharqidagi vaziyatni yumshatishga harakat qilmasa, Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari qo‘llashi bilan ogohlantirmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002