Luis Suarez o‘z homiysidan ayrildi

Image copyright AFP
Image caption Cuarezning futboldan to‘rt oyga chetlatilishi turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda

Urugvay hujumchisi Luis Suarez moliyaviy homiylari uni dastaklashdan bosh tortishmoqda.

Suarezning rasmiy homiysi hisoblangan "888poker" qimor shirkati futboldan chetlatilgan Suarez bilan "aloqalarni uzishga qaror" qilgan.

27 yoshli "Liverpul" jamoasi o‘yinchisi Jahon Chempionati uchrashuvi paytida Italiya himoyachisi Jorjo Kellini tishlab olgani uchun FIFA tomonidan payshanba kuni to‘rt oyga futboldan chetlatilgandi.

FIFA chiqargan qarorga ko‘ra, Suarez oktyabr oyi oxiriga qadar na mamlakati va na klubiga futbol o‘ynay oladi.

U, shuningdek, Braziliyada o‘tayotgan Jahon Chempionatidan ham butunlay chetlatilgan.

"D" guruhida Kosta Rika ortidan ikkinchi o‘rinni olgan Urugvay terma jamoasi shanba kuni nimchorak matchda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi.

Suarez "888poker" shirkati bilan Jahon Chempionatidan oldin hamkorlik shartnomasini imzolagandi.

Mazkur hamkorlik bitimiga ko‘ra, Luis Suarez qimor shirkati web sahifasiga Jahon Chempionatidan bir necha video lavha tayyorlab berishi kerak edi.

Suarezning boshqa bir homiysi – "Adidas" ham payshanba kuni bir bayonot tarqatib, o‘yinchi bilan imzolangan hamkorlik bitimini qayta ko‘rib chiqishini bildirgan.

Suarez Kellini tishlamagani, aksincha, Italiya himoyachisi uni "itarib" yuborganini aytgan.

Biroq FIFA Suarezni aybdor deb topib, unga nisbatan Jahon Chempionati tarixida eng uzoq muddatli taqiqni qo‘lladi.

Suarez to‘rt oyga futbolga aloqador faoliyati barobarida to‘qqizta xalqaro matchdan chetlatilgan.

Urugvay futbol mulozimlari taqiqqa qarshi ariza bilan murojaat qilishlarini aytganlar.

Suarezni futboldan to‘rt oyga chetlatish qarori qarama-qarshi fikrlarni uyg‘otgan.

Angliya jamoasi sobiq sardori Alan Shirer va AQSh sobiq darvozaboni Brad Fridel FIFA hukmini adolatli deya baholaganlar, biroq urugvayliklar taqiqqa g‘azab bilan munosabat bildirishmoqda.

Payshanba kuni Montevideo yaqinidagi Karrasko xalqaro aeroportiga Suarezni kutib olish uchun ko‘p sondagi futbol muxlislari jam bo‘lishgan.

Urugvay Sport vaziri Liliam Kechichian jazo "bizni dilimizni og‘ritgan haddan ziyod shafqatsiz chora" bo‘ldi", deb aytgan.

Urugvay Futbol Uyushmasi prezidenti Vilmar Valdez esa taqiq haddan ziyod "bo‘rttirilgan"ini aytgan.

"Bu xuddi Urugvayni Jahon Chempionatidan uloqtirganday taassurot qoldiradi", – deya ilova qilgan Vilmar Valdez.

Suarez advokati, Alexandro Balbi futbolchi "o‘zini butunlay yo‘qotib qo‘ygan"ini aytgan, Suarez buvisi, Lila Piriz da Rosa, nevarasiga "itday" munosabatda bo‘lishganini aytgan.

"Luisga nima qilishganini hamma biladi. Ular uni Jahon Chempionatidan haydashmoqchi edi. Qoyil, bu ishni qilishdi", – deb aytgan Suarezning buvisi Lila Piriz da Rosa.

Ayni damda "Liverpul" klubi Suarez taqdiri borasida qaror olishdan oldin uning ishi bo‘yicha rasmiy hisobotni o‘rganib chiqishini bildirgan.

Suarez professional futbolchiga aylanganidan buyon uch marta raqib jamoa o‘yinchisini tishlagan. "Liverpul" Suarezni jamoada saqlab qoladimi yoki "Barselona" va "Real" kabi jabi jamoalarga sotib yuboradimi, ma‘lum emas.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002