"Keliningiz non yopishni biladimi?"

Tojikiston shimolidagi maktablarda qizlarga uy-ro‘zg‘or yuritish malakalarini o‘rgatishga kirishilgan, bundan ko‘zlangan maqsad, Tojikistondagi ajralishlar sonini kamaytirish, deya xabar qiladi BBC Monitoring.

Sug‘d viloyati hokimi Abdurahmon Qodiriyning farmoniga binoan viloyatdagi 912 maktabning 530 tasiga loy tandir o‘rnatilgan.

840 maktabda esa allaqachon manti yoki palov pishirish uchun zarur o‘choqlar o‘rnatib bo‘lingan.

Sug‘ddagi o‘rta maktablarning 300 tasiga to‘qish uskunalari o‘rnatilgan.

Maktablarning yuqori sinf o‘quvchi qizlari bu uskunalar ko‘magida gilam yoki so‘zona tikishni o‘rganadilar, buning uchun malakali o‘qituvchilar ham jalb qilingan.

Ferghana.ru axborot agentligiga Sug‘d viloyati hokimi matbuot kotibi Muzaffar Yunusovning aytishicha, ushbu choralardan ko‘zlangan maqsad, "yosh oilalarning parchalanib ketishi oldini olishdir".

Ma‘lum bo‘lishicha, Sug‘dda mahalliy ajralishlarning sabablaridan biri "kelinlarning na tugma tikishni, na ovqat pishirishni" bilishi sabab bo‘layapti ekan.

Tojik rasmiy statistikasiga ko‘ra, oxirgi yillarda turmush qurgan yoshlarning ajralishlari soni ko‘paygan.

2012 yildan keyin esa nikohlarni qayddan o‘tkazish soni ham kamaygan, deya xabar qilgan Ferghana.ru web-sayti.

Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan murabbiylar va shifokorlar yosh oilalar uchun savodlilik muhimligini, kelin-kuyov ajralib ketayotgani sababi faqat kelinlarning uquvsizligi emas, moddiy qiyinchilik ekanini aytganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002