Kunmin vokzali hujumi uchun to‘rt kishiga ayb qo‘yilgan

Image copyright Reuters

1 mart kuni Kunmin vokzalida duch kelgan odamni pichoqlab 29 kishini o‘ldirgan, 140 kishini jarohatlagan, deb ayblangan to‘rt shaxsga qotillik va terrorizm ayblovi ilgari surilgan, deb xabar tarqatgan Xitoy matbuoti.

Davlat matbuotining xabar qilishicha, Kunmin stantsiyasidagi ommaviy qirpichoq hujumchilari soni sakkizta bo‘lgan.

Bu hujumda ham Xitoy rasmiylari uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblab chiqqan.

Hujumchilardan sakkiz nafari o‘shpa paytda otib o‘ldirilgan, yana to‘rt nafari hibsga olingani xabar qilingan.

Kunmin vokzalidagi hujum butun Xitoyni larzaga solgan edi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar uchi qayrilgan qilichlar va go‘sht maydalaydigan katta pichoqlarini ro‘parasida duch kelgan kishiga suqib ketaverganlar.

Sinxua axborot agentligi tarqatgan xabarda aytilishicha, Kunmin hujumining tergovchilari to‘rt gumonlanuvchining "qotillikni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan terrorchilik xurujini tashkil qilish, bunday xurujga yetakchilik qilish yoki qatnashishga aloqador" ekanini aniqlaganlar.

Sinxua Xitoy Bosh Xalq Prokuraturasi tergov hujjatidan iqtibos keltirgan.

Kunmin hujumida ayblanayotganlar ustidan mahkama qachon bo‘lishi xabar qilinmagan.

Davlat matbuotining 30 iyun kuni tarqatgan xabariga ko‘ra, Shinjonda bo‘lib o‘tgan eng so‘nggi ommaviy mahkamada 113 kishiga 10 yildan bir umrlik qamoq jazo choralari tayinlangan.

Bu shaxslarning terrorizm, noqonuniy giyohvand moddalar va ko‘p xotinlilik kabi bandlarda aybdor deb topilgani xabar qilingan.

Xitoy matbuoti o‘tgan hafta terrorizm va boshqa zo‘ravonliklarda aybdor deb topilgan 13 kishining qatl etilganini ma‘lum qilgan.

Muhojirotdagi uyg‘ur guruhlari Xitoy rasmiylarini ayblanuvchilarning o‘zlarini mahkamada himoya qilish huquqlaridan foydalanishlariga izn bermaganlikda ayblaydilar.

Iyun oyi boshida Xitoy mahkamasi uch uyg‘urni o‘tgan yilgi Tyananmen maydonidagi hujumda aybdor deb topib o‘lim jazosiga hukm etgan edi.

Image copyright AP

May oyida Urumchi shahridagi ko‘cha bozorda ro‘y bergan portlashlar kamida 31 inson umriga zomin bo‘lgan.

Rasmiy Pekinga ko‘ra, xorijdagi jangarilar tomonidan dastaklangan uyg‘ur diniy ekstremistlari ushbu hujumni sodir etganlar.

Bunga javoban Xitoy hukumati ekstremizmga qarshi shafqatsiz siyosat yuritishga va‘da bergan.

Xorijdagi Uyg‘urlar esa Xitoy hukumatini musulmon uyg‘urlarning diniy va madaniy shaxsiy hayotlariga daxl qilayotganlikda ayblaydilar.

Uyg‘urlarga nisbatan ortib borayotgan Xitoy hukumatining bosimi hukumatga qarshi hujumlar soni ko‘payishiga olib kelayapti, deyishadi muhojirotdagi uyg‘ur guruhlari.

"Odamlarning tinch yo‘l bilan o‘z noroziliklarini izhor qilishga izn berilmagani yanada shafqatsiz qarshilik usullariga undaydi", deb aytgan Jahon Uyg‘urlari Qurultoyi voizi Dilshod Rashid.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002