Uzwebiston: Toshkent metrosiga reklamalar qaytdi

Image copyright none

Internet xabarlariga ko‘ra, Toshkent metrosida yana tijoriy reklamalar paydo bo‘lgan.

"Xususan, "Chilonzor" yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezdlarning har vagonlarida kamida to‘rttadan tijoriy reklama paydo bo‘lgan", deb yozadi Kun.uz websahifasi.

"Kuzatuvlarga ko‘ra, hozircha Toshkent metropoliteni vagonlariga Pepsi, Lipton Ice Tea, Dewell savdo belgilari, shuningdek, prostatit va gemorroyga qarshi dori vositalari reklamalari joylashtirilgan. Ayni vaqtda, ularning soni har vagonga o‘rnatilgan hushyorlik va ogohlikka chaqiruvchi ijtimoiy reklama va metropoliten xaritasi soni bilan deyarli teng", deyiladi xabarda.

Bundan oldinroq, "Paxtakor" va "Alisher Navoiy" bekatlari o‘rtasidagi o‘tish joyida mineral suv va sharbatlar reklamasi paydo bo‘lgani haqida xabar qilingandi.

Toshkent metrosidagi reklamalar bundan 3 yil oldin biror izohsiz yo‘qolgan edi. Ularning o‘rniga har bir vagon va bekatda ogohlikka chorlovchi plakatlar paydo bo‘lgan. Har bir bekatda esa, "Ehtiyot bo‘ling eshiklar yopiladi" degan mashhur jumlaning yoniga "Ogoh bo‘ling, metropoliten xodimlariga xabar bering" kabi hushyorlikka chorlovchi chaqiriqlar qo‘shilgan.

O‘tgan yil Toshkent metrosi qo‘riqlash xizmati reklamalar nima uchun olib tashlanganiga tushuntirish bergan va reklamalar yo‘lovchilar e‘tiborini chalg‘itishi va bu xavfsizlikka ta‘sir qilishi mumkinligini bildirgandi.

Kun.uz websahifasining yozishicha, "Hozirgi vaqtda bir necha reklama agentliklari Toshkent metrosiga reklama joylashtirish xizmatlarini taklif qilmoqda".

"Metropolitenga tijoriy reklamalarni qaytarish qarori nima sababdan qabul qilingani to‘g‘risida hozircha rasmiy izoh yoki munosabat bildirilganicha yo‘q", deya qo‘shimcha qiladi Kun.uz.

Toshkent metrosi O‘zbekistondagi aeroport, vokzal, stadion singari qattiq qo‘riqlanadigan ob‘ektlar sirasiga kiradi.

Har bir bekatga kirish va chiqish joylarida kamida ikki militsioner metalni aniqlovchi uskunasi bilan turadi va qo‘lida biror sumkasi bor har bir yo‘lovchini tekshirish huquqiga ega.

Gohida ushbu militsionerlar bilan birga itlarini yetaklab olgan kinologlar ham navbatchilik qiladi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan hattoki jeton sotuvchi kassalarning ham oldingi joylari o‘zgartirilib metro eshiklaridan tashqariga chiqarilgan.

Bekat eshiklaridan kirib kelish bilan u yerda yana bir militsiya va Milliy xavfsizlik xizmati xodimi sumkalarni tekshiradi. Ushbu xodimlarga endi sumkalarning ichini ochib unda nima borligini bilish vakolati berilgan.

Yo‘lovchi shundan so‘ng bekatga kiradi. U yerda ham kamida to‘rtta militsiya va xavfsizlik xizmati xodimlari navbatchilik qilib yuradi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002