Mesut va Bakari ro‘za tutmoqchi emas, Vohid Xalilxojich nimadan g‘azabda?

Image copyright BBC World Service

Olmoniyaga qarshi dushanba kungi nimchorak final bellashuvlari arafasida Jazoir Bosh murabbiysini g‘azabini toshirgan aynan qay bir o‘yinchisining ro‘za tutgan, tutmagani haqidagi savol bo‘ldi.

Bu savol juda og‘ir kechgan va faqat qo‘shimcha vaqtdagina Jazoir Olmoniyaga 0:1 hisobida yutqazgan o‘yinoldi matbuot anjumani chog‘ida o‘rtaga tashlangandi.

Bosniyalik Bosh murabbiy, hatto, "Mendan ro‘zayu Ramazon haqida so‘ramang, aks holda o‘rnimdan turaman-da, chiqib ketaman", - deya ogohlantirishgacha borgani ham aytiladi.

Bosh murabbiylarning jurnalistlarning ro‘zayu Ramazon haqidagi savollariga bu qadar keskin munosabatlari kamdan-kam kuzatiladi.

Dunyoning aksariyat musulmon davlatlarida muqaddas Ramazon oyi o‘tgan yakshanba kuni kirgan va Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan bu yilgi jahon chempionati nimchorak final bellashuvlarining dastlabki kunlariga to‘g‘ri kelgandi.

Bunaqasi esa, jahon futboli tarixida 1986 yildan buyon kuzatilmagan.

Image copyright AP

Bu oy davomida uzrli bo‘lmagan barcha musulmonlarning ro‘za tutishlari taqozo etilmaydimi, xuddi shu narsa hali birinchilik arafasidayoq dunyo bo‘ylab ko‘plab ommaviy-axborot vositalarining e‘tiborini o‘ziga tortgan mavzulardan biriga ham aylangandi.

Xuddi shu manzarada, ayniqsa, G‘arb nashrlarini Ramazon oyida yulduz musulmon futbolchilar nima qilishlariyu, agar, ro‘za tutishsa, buning milliy terma jamoalari natijasiga qanday ta‘sir qilishi qiziqtirgandi.

Jazoir milliy terma jamoasining bosniyalik 61 yoshli Bosh murabbiysi esa, o‘yinoldi matbuot anjumani chog‘ida, "ro‘za tutish, tutmaslik shaxsiy masala ekani bois, bu haqda savol so‘rash hurmatsizlik va madaniyatsizlik" ekanini aytib, gapni kalta kesdi.

Image copyright AP

"Bu o‘yinchilarning o‘z istaklariga bog‘liq va men bu ziddiyatli mavzu haqida ortiq gapirishni istamagan bo‘lardim", - dedi Vohid Xalilxojich.

Ro‘za Islom dinining beshta farzlaridan biri sanalsa-da, bemor, homilador, behol va keksa kishilar uchun istisnolar ko‘zda tutilgan.

Ulardan tashqari, safarda bo‘lgan yoki urushga borayotgan musulmonlarga ham qazo qilgan ro‘zalarini maqbul bir paytda tutib berish ruxsati bor.

Aksariyat musulmon sportchilar esa, aynan shunga tayanib, yirik bellashuvlari chog‘ida ro‘zalarini ortga surib turishni ma‘qul ko‘rishadi.

Braziliyadan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, allaqachon chorak finalga yo‘llanmani naqd qilgan Olmoniya va Frantsiya milliy terma jamoasining ikki muhim o‘yinchisi: Mesut O‘zil va Bakari Sanyalar ro‘za tutmaslikka qaror qilishgan.

Image copyright Reuters

Dunyoning yetakchi milliy terma jamoalari saflarida Braziliyada yagona kubok uchun kurash olib borayotgan yulduz musulmon futbolchilar oz bo‘lmagandi.

"Men birinchi bor musulmon futbolchilarga Bosh murabbiylik qilayotganim yo‘q. O‘zim ham musulmonman. Men bu masalada o‘z o‘yinchilarimni doimo erkin qo‘yganman. Chunki bu – shaxsiy masala", - deya o‘z taajjub va noroziliklarini izhor qilgan janob Xalilxojich.

Bosniyalik Bosh murabbiy, o‘z o‘rnida, aynan ro‘za yuzasidan "jamoasi va o‘zining amallarini tanqid qilayotganlarning ishlari uyatli ekani, Bosh murabbiy sifatida o‘z jamoasi bilan shu yo‘sin ish olib borishda davom etishi"ni ham ta‘kidlagan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, dushanba kungi mag‘lubiyatlari ortidan, endi uyga qaytishlariga to‘g‘ri keladigan Jazoir milliy terma jamoasi sardori Majid Bugerra Braziliyada bo‘lsa-da, ro‘za tutishiga ishora qilgandi.

Qay bir o‘yinchisining ro‘za tutgan, tutmaganidan qat‘inazar, Jazoir milliy terma jamoasiga Braziliyada FIFAning sport tibbiyoti va futbolchilarning ro‘za tutishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Hakim Chalabiy hamrohlik qilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002