Afg‘onistondagi portlashda qurbonlar bor

Image copyright Reuters

Afg‘oniston poytaxti Kobulda hudkush hujumchining harbiylar avtobusini nishonga olishi natijasida yetti zobit halok bo‘lgan, ko‘pchilik yaralangan.

Portlashga mas‘uliyatni Tolibon allaqachon o‘z zimmasiga olgan.

Hodisa Kobul universiteti oldida ro‘y bergan, hudkush piyoda yurib kelib o‘zini portlatib yuborgan, deb xabar beradi BBC muxbiri Karen Allen.

Afg‘oniston Tashqi Ishlar vazirligi vakili general Zohir Azimiyning tasdiqlashicha, qurbonlardan tashqari tinch fuqarolar doxil 13 kishi turli darajada tan jarohati olganlar.

"Men kuchli portlash ovozini eshitdim, so‘ngra atrofni tutun va kul qoplab oldi", deb aytadi voqea guvohi Abdul Kabir.

O‘tgan oyda Afg‘oniston prezidentligiga nomzod Abdulla Abdulla avtomobil konvoyiga hujum oqibatida olti kishi hayotdan ko‘z yumgan edi.

Tolibon prezidentlik saylovlarini barbod etish bilan tahdid qilib kelgan, saylovda ovoz bergan bir qancha kishilarning barmoqlarini kesgan edi.

Ikkinchi bosqich saylovlarining xavfsizlik choralari kuchaytirilgan holda o‘tganiga qaramasdan, 60 kishining umriga zomin bo‘ldi.

Afg‘oniston prezidentlik saylovlarining natijalarini kutmoqda.

Seshanba kuni mustaqil saylov komissiyasi saylovlarda soxtakorliklar bois, dastlabki natijalarni e‘lon qilishni orqaga surganini bildirdi.

Rasmiylarga ko‘ra, qallobliklar sodir etilgani gumon qilingan minglab saylov maskanlarida ovozlarni qaytadan sanash o‘tkazilgan.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla ham, uning raqibi sobiq moliya vaziri Ashraf G‘ani ham bir-birlarini qallobliklarni uyushtirganlikda ayblaganlar.

Prezidentlik saylovlari Afg‘oniston uchun murakkab vaziyat manzarasida o‘tkazildi. Mamlakatdagi xorijiy kuchlarning aksariyati 2014 yil oxirigacha chiqib ketishlari kerak.

Buning orqasidan Tolibon harakati yana kuchayishi borasida xavotirlar bot-bot yangramoqda. Oxirgi oylarning o‘zida sodir etilgan portlashlar buni tasdiqlaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002